• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Istiqlol”da “Bolalarga quvonch ulashaylik!” tadbiri

08 Iyul 2024, 10:24 653

“O‘zbekiston Shveysariyasi”ga qiyoslanadigan Zomin tog‘lari inson salomatligi, kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilib, kishiga unutilmas taassurotlar beradi. Unda tabiatning tiniqligi, tongning beg‘uborligi bor. Bugun Zomin diyori mustaqil mamlakatning baxti kulgan, tuyg‘ulari sof bo'lgan yoshlarga to‘ldi.

OKMK xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan “Bolalarga quvonch ulashaylik!” shiori ostida navbatdagi aksiya “Istiqlol” bolalar sog’lomlashtirish oromgohida tashkil etildi.

Tog’lar bag‘rida joylashgan bu oromgoh 2013-yil 18-iyunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Aksiyadorlik Jamiyati tashabbusi bilan o’z faoliyatini boshlagan.

Ushbu dam olish maskaniga tashrif buyurar ekansiz, o’ziga xos landshaft dizaynlari sizni ertaklar olamiga olib kiradi. Mavsum davomida o’g’il-qizlarning bo’sh vaqtlarini maroqli o’tkazish, ularning intelektual salohiyatini oshirish maqsadida tarbiyachi va yetakchilar tomonidan sportning stol tennisi, shaxmat-shashka o’yinlari, kitobxonlik va ingliz tili kabi to’garaklar tashkil etilgan.

Kasaba uyushmasi kengashi tomonidan o'tkazilayotgan tanlov va tadbirlar “Istiqlol” oromgohida ham ko’tarinki kayfiyatda boshlandi. “Quvnoq startlar” bellashuvida jamoalar belgilangan shartlar asosida o'zlarini namoyon etishdi. 5ta bosqichni o'z ichiga olgan ushbu tanlovdan ko’zlangan maqsad, bolalar o'rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda ularni jismoniy jihatdan chiniqtirishdir.

Oromgohga tashrif buyurgan nuroniy mehnat faxriylari bu yerda bolajonlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko’rib, ko’zlari quvondi. Yoshlar bilan o'tkazilgan suhbat davomida o'zlarining hayoti va kasbiy faoliyatida orttirgan tajribalari hamda qimmatli mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. So'ng yoshlik damlarini yodga olib, o'g'il-qizlar bilan turli tanlovlarda ishtirok etishdi.

Inson ma’naviyatining yuksalishi, dunyoqarashining shakllanishida kitobning o‘rni beqiyosdir. Yoshlarni kitobga qiziqtirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Eng bilimdon kitobxon” viktorinasi o’tkazildi.

Kutubxonadagi qiziqarli kitoblar, oromgohda o'tkazilayotgan turli xil mashg'ulotlar 12 kun mobaynida o’g’il-qizlarni aslo zeriktirmaydi.

Oromgohning go’zal qizlari “Yosh stilist” va “Yosh dizayner” tanlovlarida o’zlarining mahoratlarini namoyon etishdi. Havaskor dizaynerlarning qoʻl mehnati bilan tikilgan noodatiy, o’zgacha uslubdagi liboslar ko‘rgazmasi tomoshabinlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida “Yosh pazanda” ko‘rik tanlovi ham tashkil etildi. Unda qizlar bilan birgalikda yigitlar ham ishtirok etishdi

"Yosh rassom" va "Yosh ijodkor" tanlovlari oromgohdagi serqirra iste'dod egalarini kashf etishga yordam berdi.

“Bolalarga quvonch ulashaylik!” shiori ostida o’tkazilgan aksiya yakuni konsert dasturiga ulandi. Kun davomida o'tkazilgan tanlovlarda g'olib bo'lgan ishtirokchilar diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlanishdi.

Yozgi dam olish mavsumi Istiqlol bolalarni sog’lomlashtirish oromgohida unutilmas taassurotlarga boy tarzda o'tishi aniq.

Umida Djalilova,

OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tashkiliy masalalar bo`yicha etakchi mutaxassis

Bo`lishmoq:
Text to speech