• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Jamoaning sobitqadamlari

23 Fevral 2024, 15:27 432

Bir sutkalik ishlab chiqarish quvvatii 240-250 tonna miqdoridagi so‘ndirilmagan qumoqli ohakni tashkil etuvchi “Olmaliq KMK” AJ Ohak zavodi o‘tgan yilni samarali yakunlab, sarhisob yilini ham muvaffaqiyatli odimlar bilan boshladi. Xususan, Abduqahhor Qo‘shoqov rahbarligi ostidagi mehnat jamoasi 2023 yilda rejani an'anaviy tarzda muddatidan avval 105% foizga ado etdi.

Bu zafarli marralarning qo‘lga kiritilishida shubhasiz, korxonaning Sovuqbuloq-soy karyeri, Mexanik ta'mirlash, Energetik ta'mirlash, Kuydirish, Maydalash va saralash bo‘limlari hamda Geologik va marksheyderlik xizmatlaridagi yuqori ish sur'ati muhim o‘rin tutdi. Qolaversa, qo‘r to‘kib mehnat qilayotgan zavod fidoyilari bo‘lgan maydalovchilar - Jaloliddin Abdujabborov, Lochin Abdullayev, ta'mirchi Qobil Anorqulov, tokar Abdulaziz G‘afurov, kuydiruvchi Xurshid Jumaboev, elektrta'mirchi Valeriy Kan, nazorat-o‘lchov asboblari chilangari Behzod Minavarovlarning hissasi alohida bo‘ldi.

Zavod jamoasining mustahkam tajriba, hamjihatlik va qat'iy mehnat intizomiga asoslangan yo‘li bugun ham ishlab chiqarish quvvatlarining oshib borishida muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, korxonada texnik qayta qurollantirish va energiya manbalari tejamkorligiga erishish borasida amalga oshirib borilayotgan ishlar mehnat yutuqlari samarasini yanada ta'minlayapti.

Ma'lumki, bugun megaloyiha sifatida e'tirof etilayotgan yangi 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishi juda ko‘plab xom ashyo, umuman resurslarga ehtiyojni oshirmoqda. Bu o‘z o‘rnida aynan ohak mahsulotiga bo‘lgan talabni ham o‘stirayapti. Masalan, ayni damda kuniga 240-250 tonna ohak mahsulotining ishlab chiqarilishi kombinat ehtiyojlarini qondirayotgan bo‘lsa, kelgusida bu talab ikki hissaga ortishi kutilmoqda. Bu yangi ishlab chiqarish quvvatlarining barpo etilishini inobatga olgan holda Ohak zavodi hududida yana bir yangi zavodning ishga tushirilishi diqqatga sazovordir. Yaqin oylarda barpo etilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan zavodning, umuman yangi pechlarning o‘rnatilishi yangi ish o‘rinlarini yaratishi bilan ham ahamiyatlidir.

Yangi pechlarning qurilishida nafaqat zavod jamoasi, balki OKMK Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasi hamda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti ishchi-quruvchilaridan iborat bunyodkorlar jamoasi sobitqadamlik bilan o‘zaro ahillikda faoliyat yuritib kelishmoqda. Yangi pechlar faoliyati esa kelgusida tejamkorlik va samardorlikka yana bir asos yaratishi shubhasiz.

Xulosa qilib aytganda, zavod jamoasi ishlab chiqarish bilan bir qatorda jarayonlar takomillashuviga ham alohida e'tibor qaratib ildam odim tashlab borayotgan ekan, bu o‘z o‘rnida kombinat iqtisodiy samaradorligini oshishiga munosib ulush bo‘lib qo‘shiladi.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech