• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kadmiy: muvaffaqiyat qadamlari

01 Dekabr 2023, 13:56 571

Olmaliqdagi ilk kadmiy olinganiga roppa rosa 53 yil bo‘ldi. 1970-yilning kuz kunlarida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Rux zavodida dastlabki kadmiy olingani o‘sha paytda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Asosan kemasozlik va elektrotexnika sohasida keng qo‘llaniladigan ushbu metall nomi qadimgi yunon afsonalaridan olingani ham bir qiziqarli fakt.

OKMK bugun qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar ortida Rux zavodining, qolaversa, korxona Kadmiy sexining ham o‘ziga xos hissasi borligini e'tirof etish joiz.

Sex boshlig‘i Yashin Qoraboyevning ma'lumot berishicha, ayni kunlarda Rux zavodi rekonstruksiyasi doirasida sexda ham keng qamrovli ishlar olib borildi va davom ettirilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yil ichida 4 dona sig‘imi 70 kub bo‘lgan agitatorlar, 3 dona sig‘imi 70 kub bo‘lgan pachuglar kapital ta'mirlanganligini alohida ta'kidlash kerak.

Hozirda 13 ta yangi aralashtirgichlar olib kelingan bo‘lib, ularning 8 tasi yangilangan. Filtr-presslarga 2 jamlama plita ramalar olindi.

Sexning elektroliz bo‘limiga 48 dona Germaniyaning polimer vannalari olib kelib, o‘rnatildi. Avvalgi temir-beton vannalardan farqli o‘laroq bu vannalarning afzalligi uzoq muddatga chidaydi. Bundan tashqari, shu bo‘limga 6 dona “Zulser” nasoslari ham keltirildi. 4 tasi ayni damda o‘rnatilgan. 6 dona 14 kubli sig‘imlar ham almashtirildi. Sex ma'muriy-maishiy korpusi butkul yangi qiyofaga keltirildi. Yuvinish xonalari, ish taqsimlash xonasi, laboratoriyalar kapital ta'mirdan chiqdi. Sex ishlab chiqarish korpusining havo aylanish tizimi ham to‘liqligicha yangilanganligi muhim ahamiyatga ega. Laboratoriyaga namunalar tahlili uchun eng zamonaviy uskunalar ham keltirildi. ICP induktiv plazmali atom emission spektrometr deb nomlanuvchi laboratoriya jihozi Mendeleyev davriy jadvalidagi inert gazlaridan tashqari barcha elementlar tahlilini o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Kadmiy sexining uskuna va texnologiyasi kadmiy, mis, indiy ajratib olish bilan bir qatorda gidrometallurgiya jarayonidagi unsurlardan tozalash asosida rux kuporosini ishlab chiqarish imkonini beradi.

Asosiy uskunalar samaradorligini oshirish maqsad qilib olingan bu kabi yangilanishlar bugungi kunda sex texnologik jarayonlari uskunalarining ish koeffisentini oshirgan holda rejadan tashqari to‘xtab turishlarning kamayishiga va ishlab chiqarish hajmining oshishiga zamin yaratmoqda. Bundan tashqari, xom ashyo manbalaridan samarali foydalanish hisobiga energiya harajatlarining qisqarishiga va yakuniy mahsulotlar sifatining oshirilishiga muvaffaq bo‘linmoqda. Xususan, joriy yilning 10 oyi davomida sex jamoasi tomonidan kadmiy ishlab chiqarish 102,4 foizga, mis keki 109 foizga bajarilganligini ko‘rsatib o‘tish lozim.

Hisobot yili avvalida kadmiy ishlab chiqarish rejasi 470 tonnaga belgilangan bo‘lib, so‘nggi ikki oy - oktyabr va noyabr oylarida mehnat jamoasi tomonidan 39 tonnadan 40 tonnagacha udallangani sexdagi ish samaradorligidan darak beradi. Zafarli odimlar ortida kadmiy metali quyuvchilari U.Abduvaliyev, U.Abduraimov, A.Jiyanov, K.Berdiqulov kabi ishchi-xodimlarning nomlari e'tirofga munosibdir.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech