Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33...Davlatimiz rahbarining "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyatining 75 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarish ilg‘orlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoniga ko‘ra, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, kon-metallurgiya sanoatini ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta'minlash, eksport salohiyatini oshirishga qo‘shgan munosib hissasi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mineral boyliklarni samarali o‘zlashtirish, xalqaro andozalarga mos yangi korxonalarni tashkil etish borasidagi katta xizmatlari, ko‘pmillatli mehnat jamoasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi ibratli faoliyati uchun “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Texnologik transport boshqarmasi buldozer mashinisti Urunkulov Abdiqul Abdisamatovich “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Mukofotlanganlar orasida o‘zining ism-familiyasi ham borligini ko‘rib, ich-ichidan qandaydir bir ajib hislar uyg‘ondi. Nahotki, mendek oddiy buldozerchiga ham orden berishsa, deya o‘ziga-o‘zi savol berdi.
Olmaliqning qadimiy mahallalaridan bo‘lgan Nakpaysoyda tug‘ilib, o‘sgan Abdiqul aka mana 37 yildirki buldozer haydaydi. Kombinatimizning 75 yilligi arafasida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan qahramonimizning aytishicha, halollik va oddiylikda gap ko‘p.
- Vaqtni bekorchi narsalarga sarflamaslik lozim, har daqiqadan unumli foydalanish zarur. Farzandlarimga ko‘p bora eslataman, barcha balolar bekorchilikdan kelib chiqadi. Umringni behudaga sarflama, foydali ish bilan shug‘ullan, ertaga afsuslanib qolmaysan. Kasbingni sev, ishingni vijdonan bajar, deyman. To‘g‘rida, ishingizni astoyidil qilsangiz, unum bo‘ladi. Tanlagan kasbimdan afsuslanmayman. Kasbim ortidan el-yurtda hurmat qozondim, farzandlarimni o‘qitdim. To‘ng‘ich o‘g‘lim Abduvali mening kasbimni tanladi. Hozirda u Qalmoqqir konida buldozer mashinisti bo‘lib mehnat qiladi. O‘rtancham Doniyor esa “Olmaliqmetallurgqurilish” trestida payvandchi. Kichigim Saidrahmon shahrimizdagi MISiS oliygohi talabasi. Katta qizimni uzatganman, kichigi esa bo‘lajak hamshira. Korxonamizning kadrlar bo‘yicha mutaxassisi Nigora kombinat 75 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida ishtirok etishimni aytganidan yana bir quvondim. Davlatimiz bosh vazirining qo‘lidan ordenni qabul qilib olganimda qalbimda cheksiz iftixor tuydim. Oddiy ishchiga bo‘lgan e'tibordan boshim ko‘kka yetdi. Bizning kamtarona mehnatimizni e'tiborga olib, mana shunday mukofotlarga loyiq ko‘rgan davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bildirilgan yuksak ishonchni hamisha oqlaymiz,- deydi- Abdiqul Urunkulov.
“Kamtarga kamol” deyishadi, haq gap. Qahramonimiz ham erishayotgan yutuqlarini kamtarlikda deb biladi.
Sherzod Tilovberdiyev