• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kamtarinning kamoli

29 Noyabr 2024, 11:2 235

Har qaysi bayramning o‘ziga xos ruhi, o‘ziga xos ta'sir doirasi bo‘ladi. Yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘zining 75 yillik to‘yini keng nishonladi. Bayram aks-sadolari hamon yangrayapti. Qutlug‘ sana munosabati bilan fidoyi mehnatlari, kombinat rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida Mis boyitish fabrikasi Chiqitlarni to‘plash sexi boshlig‘i Zohid Qosimov ham bor.

Shunday insonlar borki, xatti-harakatlari bilan ertangi kunga bo‘lgan ishonch va umidni uyg‘otadi. Bundan bir necha yillar oldin bu yigit bilan ilk uchrashganimda kamtar va kamsuqum bu mutaxassisning sokinligi ortida shiddat va shijoat yashiringanligiga darhol guvoh bo‘lgandim. Zohid Qosimov qadim rivoyatlarni o‘z bag‘rida olib yotgan Qirqqizobod qishlog‘ida oddiy ishchi olasida tug‘ilib, kamolga yetdi.

Hayotni oqar daryoga qiyoslashadi, daryo ham hayot misoli buhronli kechadi - to‘fonlari bor. Shunday shiddatli oqimda inson o‘z fe'l-atvori, o‘y-kechinmalari, xatti-harakatlari, orzu, armonlari bilan oqadi, yashaydi. Inson uchun eng qadrli fazilatlar: mehr-oqibat va muhabbat, vafo va sadoqat, matonat va jasorat, halollik va saxovat - hammasi shu'la kabi avloddan-avlodga o‘taveradi.

Akalari, opalari deyarli barchasi tibbiyot sohasini tanlashganida Zohid ota izidan borishga qaror qiladi. Ilk mehnat faoliyatini Kimyo korxonasida elektromontyorlikdan boshlagan qahramonimiz 1994 yili OKMK Mis boyitish fabrikasi Chiqindilarni to‘plash sexiga chilangar-ta'mirchi sifatida ishga o‘tadi. Shu-shu bu sex hayotining bir qismi, umri mazmuniga aylanadi. 1996-2000 yillar davomida mazkur sexda Zohid elektr qurilmalari ta'miri chilangari sifatida faoliyat yuritdi. Keyinchalik ishlab chiqarish uchastkasi ustasi, sex katta ustasi lavozimlarida toblanib bordi. 2011-yilda Chiqindilarni to‘plash sexi boshlig‘i etib tayinlandi. Qisqa vaqt fabrika direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ham ishladi, lekin qadrdon jamoasiga bo‘lgan cheksiz mehr uni yana ortga qaytishga majbur qildi.

Sex boshlig‘i lavozimida faoliyatini davom ettirib borar ekan, sexnning gidrotexnika inshootlari, pulьpanasos stansiyalari, uzatib borish qurilmalarida olib borilgan e'tiborga molik rekonstruksiya va texnik jihatdan qayta qurollantirish ishlari aynan uning taklif va tashabbuslari ostida amalga oshirildi. Sexda kechgan 30 yillik hayotiga nazar tashlar ekan, Zohid Qosimov beixtiyor mamnunlik hissini tuyadi. Umr oqar daryo, deydilar, u hech qachon ortga qaytmaydi. Hayotining navqiron pallasini sexga baxshida etgan yillar davomida Safarmat Ismatullaev, Jabbar Seitov, Muhiddin Xoljigitov kabi ustozlar sabog‘ini oldi. Endilikda o‘zining o‘nlab shogirdlari izidan kelishmoqda.

- Shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga shukur, - deydi qahramonimiz biz bilan suhbatda. - Bugun atrofimda farzandlarim, nabiralarim, oqibatli insonlar, hamkasblar hoziru nozir. Ularning diltortar suhbatlaridan, yo‘l-yo‘riqlari, maslahatlari va intilishlarimga xayrixohliklari va mehridan kuch-quvvatga to‘laman. Har bir mehnat kishisiga ana shunday farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rish, hamkasblar va qadrdon jamoasi e'zozida bo‘lish nasib etsin.

MBFning gidrotransport qurilmalari va chiqitlarni to‘plash xo‘jaligi tizimi ekspluatasiya qilinishi loyihalariga rioya etilishi uchun mas'ul bo‘lgan Chiqindilarni to‘plash sexi, shu bilan birga kombinat bosh boyitish fabrikasi yillik bashorat ko‘rsatkichlari zabt etilishiga tobora yaqinlashib bormoqda. Bu zafar marrasida davlat va halq oldidagi xizmatlari munosib baholangan “Shuhrat” medali sohibi Zohid Qosimovning ham hissasi bor. Ona-yurtiga, oilasiga mehr va sadoqat, ezgu maqsadlar yo‘lida izlanuvchanlik, halollikni hayotining bosh omili sifatida ko‘ruvchi bu kabi insonlar uchun fidoyi mehnat shaksiz, baxt mezoni hisoblanadi. Mehnatning bahosi qadr, mukofoti ishonch va rag‘batdir.

Hasan Abdullayev

Bo`lishmoq:
Text to speech