Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-3347 mingdan oshiq a'zolariga ega bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xodimlari kasaba uyushmasi xodimlar vakili sifatida ish beruvchi bilan 2023-2025 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasi orqali mehnatkashlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilib kelmoqda. Kombinatda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, kasbiy va tashkiliy hamda mehnat huquqlarining himoyasi aynan 2023-2025 yillar uchun tuzilgan Jamoa shartnomasida belgilab qo‘yilgan. Mazkur me'yoriy hujjatning o‘tgan yildagi ijrosi yakunlari bo‘yicha Yangi yil avvalidan bo‘linmalarda doimiy tahliliy yig‘ilishlari tashkil etiladi.
Jamoa shartnomasining 2023-yilda bajarilishiga bag‘ishlangan yig‘ilish(konferensiya)larni to‘g‘ri tashkil etilishini, olib borishni ta'minlash maqsadida esa apparat xodimlari hamda tarkibiy bo‘linmalarning kasaba uyushmalari qo‘mitalari raislari, kasaba uyushmasi qo‘mitasi qoshida faoliyat olib boruvchi komissiyalar raislari ishtirokida “Jamoa shartnomasining amaldagi tahlil qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish(konferensiya)larni joylarda o‘tkazish” mavzusida joriy yilning 12-yanvar kuni MTTU MISiS Olmaliq filialida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminar kombinat xodimlari kasaba uyushmasi kengashining bosh mehnat huquqi inspektori, uy-joy masalalari bo‘yicha komissiya raisi Mirshohid Mavlyanov hamda Kengash raisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya raisi Feruza Bazarovalar tomonidan olib borildi.
Yig‘ilish avvalida bosh mehnat huquqi inspektori tomonidan Yangi mehnat kodeksida jamoa shartnomasiga keltirilgan havolalar to‘g‘risida zaruriy ma'lumotlar berib o‘tildi.
Xususan, jamoa shartnomasi imzolangan kundan e'tiboran kuchga kirib, ko‘pi bilan 3 yil amal qilishi va ish beruvchi o‘z xodimini jamoa shartnomasi bilan tanishtirishi lozimligi ta'kidlanib, har ikki tomonning qonuniy huquqlari xususida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishga oid munosabatlar bo‘yicha ham batafsil tushunchalar berildi. Unga ko‘ra, Jamoa shartnomasini tuzish zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilish Jamoa shartnomasini tuzish zarurligi to‘g‘risidagi qaror va uni tuzish masalasi bo‘yicha jamoaviy muzokaralar boshlash to‘g‘risidagi taklif istalgan tarafdan berilishi mumkin.
Ushbu Kodeksning 49-moddasida belgilangan tartibda jamoaviy muzokaralar olib borish va jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlash uchun ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya tuziladi. Boshlang‘ich darajada xodimlar va ish beruvchining teng sonli vakillaridan ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha ikki tomonlama komissiya tuziladi.
Taraflarning har biridan bo‘lgan vakillarning son jihatidan tarkibi ish beruvchining kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuviga ko‘ra belgilanadi. Ish beruvchi vakillarining shaxsiy tarkibi ish beruvchining buyrug‘i bilan, kasaba uyushmasi qo‘mitasi vakillarining shaxsiy tarkibi esa kasaba uyushmasi qo‘mitasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Bo‘linmalardagi kasaba uyushmasi qo‘mitalari vakillariga shuningdek, yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya raisi Feruza Bazarova tomonidan jamoa shartnomasi tahlilini to‘g‘ri tashkil etish tartibi tushuntirib o‘tildi.
Seminar davomida komissiya faoliyatininig tartibli olib borilishi, asosiy e'tibor o‘tgan yillar davomida hal etilmagan muammolar va bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklarga qaratilishi lozimligi ta'kidlandi.
Seminar interaktiv tarzda o‘tkazilib, unda ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda Jamoa shartnomasining bajarilishi bo‘yicha yig‘ilish(konferensiyalar)ni olib borish tartibi, konferensiya qarorlarini qabul qilish tartibi va boshqa mehnat munosabatlariga oid qonunchilik bo‘yicha masalalarga yechim izlashdi.
Shu tartibda tashkil etilgan yig‘ilishda xodimlar oldida mas'ul bo‘lgan kasaba uyushmalari vakillari ish beruvchi bilan birgalikda jamoa shartnomasining 2023-yilda bajarilishini sarhisob etishi va kelgusi rejalarini to‘g‘ri tashkil etishlari belgilandi. Bu esa Jamoa shartnomasining bajarilishini xolisona baholash va istiqboldagi vazifalarni aniq belgilashga ko‘mak bo‘ladi. Ma'lumot o‘rnida “Olmaliq KMK” AJ jamoa shartnomasining 2023-yilda bajarilishiga bag‘ishlangan tarkibiy bo‘linmalar yig‘ilish(konferensiya)lari joriy yilning yanvar-fevral oylarida, kombinatning umumiy mehnat jamoasi konferensiyasi esa mart oyida o‘tkazilishi ta'kidlandi.
Axborot xizmati