Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Mamlakatimizdagi eng keksa konchilik korxonalaridan biri hisoblanuvchi Angren kon boshqarmasining so‘nggi o‘n yilliklardagi tarixiga nazar tashlar ekanmiz, boshqarmada oltin tarkibli yangi ma'dan konlarini ochish va o‘zlashtirish ishlari istiqbolli asoslarga qurilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Dastlab, “Uzun”, “Semg‘uron” va “Qayrag‘och” konlari foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, ayni kunlarda “Qizil olma” kon maydonidagi “Samarchuq” va “Mejdurechye” konlarini ochish va o‘zlashtirish borasida ishlar jadal sur'atlarda olib borilmoqda.
- Bugungi kunga kelib Qizil olma koni tasarrufida ikkita asosiy bo‘lim faoliyat yuritb kelmoqda, - deydi kon boshlig‘i Abdukarim G‘ANIYEV. - Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, mamlakatimiz rahbarining qo‘llab- quvvatlashlari ostida tugab borayotgan konlar quvvatlarini to‘ldirish yo‘nalishida so‘nggi yillarda nihoyatda keng qamrovli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning “Amaldagi “Qizil olma” koni bazasida “Samarchuq” uchastkasida yerosti koni qurilishi” investisiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yo‘lida bundan bir necha yillar oldin boshlangan ishlar ayni kunga kelib o‘zining yakuniy bosqichiga kirdi. Yangi “Samarchuq” uchastkamizda bugungi kunda 135 nafar konchilar mehnat qilib kelishayotgan bo‘lsa, asosiy ishlar 6a-shtolnyada jadallikda olib borilmoqda. Yil oxiriga qadar 985-gorizont hamda 17-, 19-shtol'nyalarni shaxta quruvchilardan qabul qilib olish va mazkur manzillarda kon qazib olish ishlariga kirishish rejalashtirilgan.
“Samarchuq” konida vertikal yerosti o‘qini qurish shaksiz, yangi uchastkada olib borilgan ishlarning markazi bo‘ldi. Bu borada boshqirdistonlik hamkasblarimiz bizga yaqindan yordam berishdi. “Boshqir shaxt a o‘tish boshqarmasi”(Rossiya) tomonidan vertikal s'ezdda o‘tish ishlari olib borildi. Ishlab chiqarish quvvati yuqori bo‘lgan ko‘tarish mashinasi va uning negizida faoliyat yurituvchi aylanma temiryo‘lli to‘kish maydonchasi, shaxta elektrovozlari va vagonchalari shay holatga keltirilgan. Bundan tashqari, shamollatish, kompressor stansiyalari, transformator nimstansiyalarida barcha ta'mir-montaj ishlari yakuniga yetkazilib, tajriba-sinov ishlari o‘tkazildi. Dastlab, 1045-gorizontda tayyorlov va kon qazib olish ishlariga kirishiladi.
Stvol mexanigi E.Oltiboyev, signalchilar A.Abduraupov va T.Kenjayevlar, vagonetkalarni yukdan bo‘shatish ishchisi X.Hojimatov, stvol ko‘tarish mashinasi mashinistlari M.Isayev va Sh.Abdurahmonovalar yangi kon texnikalari ishini mukammal o‘zlashtirib borishmoqda. “Samarchuq” uchastkasi boshlig‘ining tog‘-kon ishlari bo‘yicha o‘rinbosari N.Anorchayev, bo‘lim boshlig‘i M.Xolmatov, elektromexaniklar A.Umarov va E.Altiboev, kon energetigi U.Matqorayevlar yangi kon qurilmalarini qabul qilish olish, sozlash va tajriba sinovlaridan o‘tkazish ishlariga oqilona rahbarlik qilib kelishmoqda.
“Qizil olma” konchilari zimmasiga joriy hisobot yilida 250 ming tonnadan ziyod rudalarni qazib olish vazifasi yuklatilgan bo‘lsa, shu kunga qadar barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari barqaror bajarib borilishiga erishilmoqda. Xususan, ular avgust oyi uchun rejalangan qazib olish topshirig‘ini 104,9%ga ortig‘i bilan ado etishdi. Bu ko‘rsatkich yil boshidan beri 104,55%ni tashkil etmoqda. Yil boshidan shu kunga qadar tog‘-kon tayyorlov ishlari 103,1%ga uddalanishiga muvaffaq bo‘lindi. Ayniqsa, kesim ishlari borasida e'tiborga molik natijalaar qayd etilmoqda. O‘tgan hisobot oyida bu ko‘rsatkich 155,8%ni ko‘rsatgan bo‘lsa, yil boshidan buyon bu borada vazifalar 120,9%ga bajarildi. Ekspluatatsion razvedka ishlari ham 169,5%ga ortig‘i bilan uddalanganligini ko‘rish mumkin. Bu ko‘rsatkichlar “Qizil olma” konida barcha vazifalar puxta iqtisodiy omillar asosiga qurilayotganidan dalolat beradi.
Yangi “Samarchuq” uchastkasi jamoasi tomonidan esa o‘t ayotgan yilda 40 ming tonnali kon qazib olish ishlari amalga oshiriladi. Vertikal stvolning foydalanishga qabul qilib olinishi va yangi gorizontlar hamda shtol'nyalarda kon qazib olish ishlariga kirishilishi bilan “Samarchuq” uchastkasi ham o‘zining 100 ming tonnalik loyiha quvvatlariga chiqishiga ishonchimiz komil.
Yillik quvvati 120 ming tonna rudani tashkil qiladigan “Mejdurechye” yer osti koni esa bugunga kelib Angren konchilarining navbatdagi istiqbolli marrasidir.
Hasan ABDULLAYEV