• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Keksa va navqiron sex

29 Sentyabr 2023, 13:45 785

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tizimida sulfat kislotasi ishlab chiqarish ishlarini yo‘lga qo‘yishga 1963-yil kirishildi. Aynan o‘sha yili 1-Sulfat kislotasi sexini qurish ishlari Rux zavodi hududida boshlab yuborildi. Sexning ikkinchi navbatini bunyod etishga keyingi yilda kirishildi. Uning birinchi navbati 1967-yil quruvchilardan foydalanishga qabul qilib olindi.

Atrof-muhitni zararli tashlanmalardan muhofaza qilish va tabiat manbalaridan oqilona foydalanish maqsadida kombinatda sul'fat kislotasi ishlab chiqarish rivojlanib bordi.

Mis eritish zavodi Sulfat kislotasi sexining birinchi navbati 1967-yilda foydalanishga topshirildi(ushbu navbat jismonan va ma'nan eskirgani tufayli 1994-yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgan), oradan bir yil o‘tib, sexning ikkinchi navbati o‘zining ilk mahsulotini berdi. 1975-yilda SK-23 sulfat kislotasi ishlab chiqarish bo‘g‘inining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 1993-yildan SK-3 Sulfat kislotasi sexi foydalanishga topshirildi. 1997-yilda SK sexi negizida sulfit-bisulfit-ammoniy uchastkasi tashkil etildi. Boyitish jarayonlarida reagent sifatida qo‘llaniladigan mazkur mahsulot valyuta mablag‘lari hisobiga import qilib kelingan bo‘lsa, ushbu uchastka faoliyati yo‘lga qo‘yilishi bilan sulfit-bisulfit-ammoniy flotatsiya reagenti kombinatning ichki ehtiyojlari uchun to‘liq ta'minlab borilishiga erishildi. 2015-yilda yillik ishlab chiqarish quvvati 500 ming tonnani tashkil qiluvchi yangi sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi - SK-4 foydalanishga topshirildi.

Sex boshlig‘i lavozimida umrining so‘nggi kunlarigacha mehnat qilgan Alimjon Muslimov kimyo, xususan, sulfat kislota ishlab chiqarish sohasiga 1965-yil kirib keldi. Dastlab u Rux zavodi SK-1 sexida usta sifatida ish boshladi. Oradan yetti yil o‘tib tajribali bu muhandis Mis eritish zavodi SK-2 sexiga texnolog sifatida ishga o‘tkaziladi. 1980-yildan 2011-yilgacha zavodning Sulfat kislotasi sexini mahorat bilan boshqarib bordi. Keyingi yillarda ham ko‘plab rahbarlar sexda muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi. Rinat Ginyatulin, Qayumjon Mavlyanov, Jasur Ergashevlar rahbarlik qilgan yillarda sex ishlab chiqarish quvvatlari va texnologiyalarini yangilash yo‘lida e'tirofga molik ishlar qilindi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2011-yil 30-iyundagi “Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodida yangi Sulfat kislotasi sexini qurish investitsion loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekiston kimyo sanoati taraqqiyotiga asos bo‘lib xizmat qildi. Germaniyaning “Outotec” kompaniyasi bilan loyihaning texnik ish hujjatlarini tayyorlash, uskunalarni yetkazib berish, shef-montaj ishlarini bajarish hamda texnologik liniyani ishga tushirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha shartnoma tuzildi. 2015-yilning iyun' oyida yangi Sulfat kislotasi sexini qurish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilib, yangi zamonaviy texnologik uskunalar xom ashyo bilan yuklandi. Yangi sexning eng zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangani va metallurgiya gazlarini talabga mos holda tozalash, kontakt-katalizatorlash, filtrlash, absorbsiyalash va quritishni mukammal darajada amalga oshirish imkonini berishi MEZ ishlab chiqarish bo‘g‘inida muhim ahamiyat kasb etadi.

Sulfat kislotasi sexining shonli tarixi yaratilishiga hissa qo‘shgan va bugungi kunda o‘z mahorat hamda tajribalarini yoshlarga o‘rgatib kelayotgan Rinat Saniyev, Ahmad Joniqulov, O‘tkir Abdulxakov, Sobir Mamatov, Sobir Haytmatov, Sirojiddin Mo‘minov, Ziyoviddin Holiqulov kabi ustozlar va Isroil Abduqodirov, Baxtiyor Baxromov, Sobir Alikulov, O‘ktam Umarov, Ma'sud Madaliyev, Aziz Abdullayev singari umidli yoshlar nomini ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi.

Sexning Roza Qurbonova rahbarlik qilib kelayotgan Kimyoviy tahlil laboratoriyasi jamoasida uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan Marina Popova, laborantlar Hilola Abduvaitova, Aygerim Tulyaganovalar har bir bosqich texnologik jarayonlarining barqaror muvofiqlashtirilib borilishiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishyapti.

Yilning o‘tgan 8 oyi davomida sex kimyogarlari tomonidan 426 ming tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqarilib, iste'molchilarga jo‘natilishiga muvaffaq bo‘lindi. Olmaliq sul'fat kislotasining birgina Respublikamizning o‘zida 10 ga yaqin yirik iste'molchilari bor. “Ammofos-Maksam” AJ eng asosiy buyurtmachi va hamkordir. Sexda tayyorlanayotgan sul'fat kislotasining 100 foizi oliy navli ekanligini inobatga olsak, mahsulot tayyorlashdagi boy tajriba, jamoadagi hamjihatlik yutuqlar mezoni bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech