Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 19-oktabr kuni “Metallurg” MSda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha 9 oyda amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Sanoat xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Gulyamov va qo‘mita vakillari, OKMK rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlar, mehnat muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ma'sullar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida kombinat bosh muhandisining mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Ilhom Abdullayev o‘tgan 3 chorak bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berib o‘tdi.
Tadbirda kombinat tarkibiy bo‘linmalarida mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi, ishlab chiqarish nazorati bo‘yicha olib borilgan ishlar, turli yo‘nalishda aniqlangan kamchiliklar, sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilish, sohadagi jarohatlanishlar hamda baxtsiz hodisalar yuzasidan ma'lumotlar berildi.
Shuningdek, sohani tashkil etishda o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ishchi-xodimlar va mansabdor shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo choralar tahlil etildi. Xususan, yanvar oyidan buyon 1 656 ta buyruqlar ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra 671 ta ishchi-xodimlar, 2 102 ta mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilgan. Jarimalar summasi 1,3 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, OKMKda 147 ta xavfli ishlab chiqarish ob'ektlari davlat reyestriga qo‘yilgan. Ularda avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulkiga hamda atrof muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligi sug‘urta qilinadi.
Yig‘ilish yakunida kombinatda joriy yilning 4-choragi uchun belgilangan vazifalar muhokama qilinib, mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi talablarini bajarish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.
Axborot xizmati