Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston mustaqilligining 33 yillik sanasi chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinishi hamda mamlakatning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish sur'atlariga munosib tarzda nishonlanishi belgilandi.
Istiqlol ayyomining 33 yillik to‘yini munosib kutib olish maqsadida o‘tkaziladigan tashkiliy-amaliy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etadi.
Ana shunday targ‘ibot tadbirlaridan biri joriy yilning 9-avgust kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda shoira, O‘zbekiston san'at va madaniyat instituti professori Sayyora To‘ychiyeva, “Ilhaq”, “Bahodir Yalangto‘sh” kabi mashhur filmlarning qahramoni, dotsent Ilhom Sodiqov, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori, iste'dodli dramaturg Abbos Nizamov hamda san'at va madaniyat sohasi professor o‘qituvchilari, madaniyat xodimlari Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi va Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi mehnat jamoalari bilan uchrashdilar.
Mehmonlar o‘zlarining ijodiy chiqishlari, ma'ruzalari hamda milliy va estrada yo‘nalishidagi kuy-qo‘shiqlari bilan kombinat mehnatkashlarining qalbiga bir olam shukuh olib kirdi.
Darhaqiqat, bu yil Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari qo‘sh bayramni kutib olmoqda. Mustaqilligimizning 33 yilligi va OKMKning 75 yillik shonli sanasi munosabati bilan o‘tkazilayotan qator tadbirlarda yurt madhi, vatan sha'ni, mamlakat sanoati taraqqiyoti haqida so‘z bordi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati, Ma'naviyat va ma'rifat kengashi, xotin qizlar va gender tenglik bo‘ycha maslahat kengashlari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan bu kabi ma'naviy ma'rifiy tadbirlar resublikamizdagi, xususan kombinatdagi har bir inson qalbida vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik va shukronalik hissini yanada oshiradi.
Tadbirda Abbos Nizamov kombinatda mehnat qilayotgan insonlar hayoti misolida zamona qahramoni timsoli yaratib, drama yozish maqsadini bildirdi. Uning maqsadi, taklifi ishchilar tomonidan olqishlar bilan qabul qilindi.
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlar olib borilayotgan bir davrda, taraqqiyotning muhim asoslari bo‘lgan ma'naviyat va ma'rifatga e'tibor kundan-kunga ortib bormoqda. Shu jihatdan jamiyatda ma'naviy muhitni yaxshilash, yosh avlodni bilimga chorlash, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash g‘oyalarini keng targ‘ib qilishda mana shu kabi ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston San'at va madaniyat instituti bilan Do‘stlar klubi doirasidagi bu kabi targ‘ibot tadbirlari kombinatimizning boshqa kon va korxonalarida ham davom etadi.
Axborot xizmati