• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Konstitusiyaviy islohotlarda faol bo‘ling!

01 Iyul 2022, 9:34 969

2022 yil 25 iyun kunidan boshlab «O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitusiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihada jami 128 ta moddaning teng yarmi, ya'ni 64 tasini o‘zgartish va 6 ta yangi modda qo‘shish taklif etilmoqda. Ular orasida inson huquq va erkinliklari va ijtimoiy sohalarda juda muhim yangilanishlar bor.

Ushbu qonun muhokamasi bo‘yicha joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Tashkil etilayotgan tadbirlarda Bosh komusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati muhokama etilmoqda. Ana shunday davra suhbatlaridan biri 2022 yil 29 iyun kuni “Olmaliq KMK” AJ Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodining katta majlislar zalida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston qahramoni, “Qalmoqqir” kon boshqarmasi mehnat faxriysi Jonsaid Turdiev va O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasi Olmaliq shahar Kengashi deputati Bahodir Miralimov, OKMK ishchi-xodimlari, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlari va faollari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda yurtimizda yuz bergan yangilanishlar, Konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi apparati, bosh mehnat huquq inspektori Mirshohid Mavlyanov, Mis boyitish fabrikasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Alimov, Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodi xodimi Rustam Ahmedov, Ijtimoiy ob'ektlar boshqarmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Farog‘at Matkarimova, OKMK xodimlari kasaba uyushmasining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha komissiya raisi Viloyat Davletova va Jismoniy tarbiya-sport bo‘limi mudiri Hokim Boxirovlar so‘z yuritishib, o‘z takliflarini bildirishdi.

- Bugungi kunda mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarda jamiyatimizning barcha vakillari ushbu islohotlarga befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol ishtirok etishmoqda, -deydi OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Haydarov. - Konstitusiyamizni takomillashtirish bo‘yicha kelib tushgan ko‘plab takliflarni inobatga olib, joriy yil 20 may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi. Xozirgi kunga qadar mazkur komissiyaga xalqimizdan 60 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. O‘z navbatida davlatimiz rahbari aholining bunday faolligini, mamlakatimiz kelajagiga daxldorlik hissini yuksak baholab, konstitusiyaviy islohotlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, Konstitusiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvda to‘rtta ustuvor yo‘nalishga e'tibor qaratib, ularning har biri bo‘yicha takliflarini aytdi. Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi birinchi yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Ikkinchi yo‘nalishda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oya ilgari surildi. Ma'lumki, ijtimoiy davlat har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari yaratib beradi, hech kim e'tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi. Shu bois bu yo‘nalishda aholini uy-joy bilan ta'minlash, oilaning iqtisodiy va ma'naviy asoslarini mustahkamlash, bolalarning manfaatlari va to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, inson salomatligi va ekologiyani asrashga oid takliflar bildirildi. Uchinchi yo‘nalish Konstitusiyada mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash haqida bo‘ldi. Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishi, buning uchun davlat organlari ularga ko‘mak ko‘rsatishiga oid tamoyillar o‘z ifodasini topadi. To‘rtinchi yo‘nalish mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirishga qaratilgani bilan juda muhim.

O‘z navbatida, joriy yilning 24 iyun sanasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Shu o‘rinda mehnat jamoamiz o‘rtasida Konstitusiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, unda inson qadri va huquqlarining himoyasi hamda ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta'minlash kabi maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, bugungi tadbirda barchangizni O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar berishda faol ishtirok etishingizni so‘rab qolaman.

Hurmatli hamkasblar, aziz ishchi-xodimlar sizlarda ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan takliflaringiz bo‘lsa  OKMK xodimlari kasaba uyushmasi qoshida faoliyat yuritayotgan shtab yoki ishchi guruh(telefon raqami: +998 94 920 70 80)iga yuborishingizni so‘rab qolamiz.

Davra suhbatlari kombinat tarkibiy bo‘linmalarida davom etmoqda.

Umida Djalilova,

OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi 

tashkiliy masalalar boʻyicha yetakchi mutaxassis

Bo`lishmoq:
Text to speech