Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Konstitutsiyamiz – erkin va farovon hayot garovi

05 Dekabr 2025, 13:58 11

Bugun yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33-yilligi keng nishonlanmoqda. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va Olmaliq shahar hokimligi hamkorligida bugun “Metallurg” MSda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlab “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida tadbir ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.

Tadbirda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov, Olmaliq shahar hokimi Qobil Xamdamov, huquq-tartibot idoralari mas’ullari, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar Bosh qomusimizning hayotimizda tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumot berishib, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosi ekanligini ta’kidlashdi.

- Biz O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni, uning istiqbollarini amalda ko‘rib, kundalik hayotimizda his qilmoqdamiz. Bularning barchasiga albatta, Konstitutsiyamiz sharofati bilan erishilgani va uning negizi mamlakatimizning Asosiy Qonuni ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Bugun biz yurtimizdagi yangilanishlarning shunchaki guvohi emasmiz - biz ularning faol ishtirokchisimiz. Jamoamiz sa’y-harakatlari Respublikamizning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash, eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xalq farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Davlat taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlab, mamlakat bosh hujjatida mustahkamlangan qadriyatlarni hayotga izchil tatbiq etish bizning fuqarolik mas’uliyatimizdir,  - deydi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov.

Tadbir davomida “Metallurg” MS ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan OKMK yuridik departamenti tomonidan kombinat ishchi-xodimlari oʻrtasida o‘tkazilgan onlayn viktorina g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech