• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Koreya Respublikasi delegatsiyasi OKMKda

08 Sentyabr 2023, 10:47 570

Mamlakatimiz hamda Janubiy Koreya davlati bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib borilmoqda. Keyingi yillarda o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari barqaror oshib borayotiganini kuzatishimiz mumkin. Masalan, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 24 foizga ko‘paydi. Mamlakatimizda qariyb mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreyadan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi. Ayniqsa, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Koreya Respublikasining bir qator kompaniyalari bilan manfaatli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, kombinatning Chirchiq shahrida joylashgan Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasi qoshida esa O‘zbek-Koreys Nodir metallar va qattiq qotishmalar bo‘yicha ilmiy texnologik markazi faoliyat yuritib kelmoqda.

Mazkur hamkorlik aloqalari doirasida joriy yilning 7-sentyabr kuni Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiya OKMK Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlar birlashma sexlaridagi ishlab chiqarish jarayoni bilan hamda tayyorlanayotgan mahsulot turlari bilan tanishishdi.

Shuningdek, mehmonlar O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazi faoliyatini ham ko‘zdan kechirishdi. Tashrif davomida mehmonlar Markazning videokonferens aloqasi orqali Janubiy Koreyaning KITECH sanoat texnologiyalari instituti xodimlari bilan muloqot qilishdi.

Xabaringiz bor, 2022-yilning 25-dekabr kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ODI dasturiga ko‘ra, 15 mlrd von (12 mln AQSh dollari atrofida) miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.

- Dastur 2023-2027 yillarda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishdan iborat. Tijoratlashtirish uchun esa birinchi navbatda infratuzilma yaratilishi kerak. Markazimizda 3ta pog‘ona bor. Birinchisi laboratoriya tadqiqotlari bo‘lib, shu paytgacha uni muvaffaqiyatli olib bordik, - deydi O‘zbek-Koreys nodir metallar dasturining koordinatori Amir Obidov. - Muvaffaqiyatli tajriba natijalarini yarim sanoat usulida tekshirib ko‘rib kerak bo‘ladi. Ma'lumotlar yig‘ilib, risklar tahlil etiladi. So‘ngra, invest loyihalar sifatida kombinatda ishlab chiqarishga tadbiq etiladi. Katta xajmdagi ya'ni Big Data ma'lumotlarni yig‘ib tahlil qilib risklarni kamaytirish uchun yarim sanoat usulidan foydalaniladi. Dastur shunga mo‘ljallangan. Barcha tahlillardan so‘ng, loyiha invest loyiha sifatida taqdim etiladi. Shuningdek, dastur doirasida 50 nafar kombinat mutaxassislari Koreyaning yetakchi kompaniyalari va ilmiy tadqiqot institutlarida tajriba almashishadi. Bundan tashqari, har yili O‘zbek-Koreys nodir metallar va mis sanoati bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tadi. Bu yil 25-27 oktyabr kunlari Olmaliq yoki Chirchiq shahrida seminar o‘tkazilish ko‘zda tutilgan. Dasturda nodir metallarni – volfram molibden, tellur, selen, reniy, osmiyni qayta ishlab, yarim o‘tkazgich sanoati uchun sof holda ajratib olish, qattiq qotishmali uskunalarga qattiq bar'er qoplamalarni qoplash, yarimo‘tkazgich sanoati uchun kislorodsiz mis mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham o‘rin olgan.

Mazkur grant mablag‘lari doirasida Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasining O‘zbek-Koreys ilmiy texnik markazi qoshida sanoat tajriba sexi tashkil etildi. Ushbu sexga zamonaviy laboratoriya jihozlari hamda texnologik uskunalari olib kelinmoqda. Yangi sexda Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish dasturga asoslangan holda ishlab chiqarishni modernizasiyalash, yangi texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilayapti.

Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifining maqsadi ham aynan O‘zbekistondagi nodir metallar sanoati bilan tanishish, grant dasturining kelajakdagi yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘ldi. Shuningdek, tashrif davomida Koreya Respublikasi bilan istiqbolli mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech