• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kuydirish sexi: yangi samaralar

22 Yanvar 2024, 8:25 239

Raqamli transformatsiya bugunga kelib “Olmaliq KMK” AJning oldida turgan ustuvor vazifalar hisoblanadi. O‘tgan yilda OKMK tomonidan mazkur yo‘nalishda 34 ta loyiha amalga oshirilib, ularning 12 tasi boshqaruv va biznes jarayonlari, 14 tasi ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, 8 tasi kon-transport kompleksi hamda infratuzilma yo‘nalishlarini tashkil qiladi. Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar samaradorligini kombinatning ikkinchi metallurgiya korxonasi - Rux zavodi Kuydirish sexi faoliyatiga nazar tashlab ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, haqiqatdan ham raqamlashtirish - biznes jarayonlarini optimallashtirish va texnologik jarayonlarni IT tizimlari asosida olib borish muvaffaqiyatlar kaliti bo‘layotganligiga guvoh bo‘lamiz.

Korxona ishlab chiqarish tizimining boshlang‘ich nuqtasi hisoblanuvchi Kuydirish sexida rux konsentratlari va aylanma materiallarni qabul qilish, ularni qayta ishlash orqali asosiy metallar va oltingugurt gazi holatiga o‘tkazish amalga oshirib kelinadi. Sex o‘zida havo purkash bo‘linmasi, pech bo‘linmasi, GK-30 elektr filtrlari bo‘linmasi, xom ashyolar va shixtalar bo‘linmasini mujassam etadi. Kuydirish jarayonlaridan olingan oltingugurt gazi sulfat kislotasi ishlab chiqarilishiga, kuyindi va changlar Tanlab eritish sexiga yuboriladi.

Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish(SCADA) tizimi korxonamizda birinchi bo‘lib bizning seximizda joriy etildi, - deydi Kuydirish sexi boshlig‘i o‘rinbosari Azamat Hamroev. - “Olmaliq KMK” AJ asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqaror- lashtirish dasturi doirasida birinchi bosqichda sex texnologik jarayonlarini avtomatlashtirish tizimlariga doir loyiha hujjatlari Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi tomonidan tayyorlandi. O‘tgan asrning 70-80 yillarida joriy etilgan, 2000-yillar boshida qisman yangilangan boshqaruv datchiklari va ikkilamchi uskunalar har tomonlama eskirgan edi. Ularga xizmat ko‘rsatib, ish holatini ta'minlab borish katta sarf-harajatlarni talab qilishi bilan birga texnologik ko‘rsatkichlarga salbiy ko‘rinishlarda o‘z ta'sirini o‘tkazib kelardi. Amalda qo‘llanilgan avtomatika qurilmalari keng maydonni egallashi, detallari xorijdan keltirilishi bilan qo‘shimcha muammolarni ham yuzaga keltirib chiqarardi. Avtomatik boshqaruv qurilmalarini zamonaviy, ishonchli va o‘z-o‘zini diagnostika qiluvchi qurilmalarga almashtirish borasida ishlar bir necha bosqichda 2019-2023 yillar davomida IChAB mutaxassislari tomonidan olib borildi. Dasturlovchi-muhandislar tomonidan eng ilg‘or SCADA tizimlari joriy etilishi bilan bir qatorda yangi tizimni montaj qilish, sozlash va foydalanishga topshirish ishlari uyushqoqlikda bajarilgani e'tiborga molikdir. Loyiha amalga oshirilishi davomida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish barobarida ularni vizuallashtirish, joriy etilayotgan tizimni ekspluatasiya qilishda zarur bo‘ladigan texnik hujjjatlarni tayyorlash ham yuqori tashkilotchilikda olib borildi. Yangi tizimning to‘liq joriy etilishi bilan uning afzallik jihatlari darhol amalda o‘z samarasini bera boshladi. Xususan, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish (SCADA) tizimi takomillashtirilishi hisobiga asosiy “onlayn” nazorati va texnologik reglamentga muvofiq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ma'lumotlarni qayta ishlash markazini takomillashtirish doirasida esa serverlarning quvvati 3 barobarga oshirildi va axborot xavfsizligi darajasi keskin ortdi. Bu esa o‘z navbatida o‘tgan hisobot yilida Rux zavodi tomonidan 90 ming tonna miqdorida rux metalli ishlab chiqarish bo‘yicha asosiy vazifa bajarilishini ta'minladi.

Shu o‘rinda sex ishlab chiqarish jarayonlarini bevosita amalga oshirib keluvchi texnologik smenalar qatorida Ozod Baydashov rahbarlik qilib kelayotgan smena jamoasining yangi tizimning muvaffaqiyatli o‘zlashtirilishida munosib ishtirok etganini ta'kidlash joiz. Uning barobarida kuydiruvchilar - Ilhom Abduqodirov, Islom Abduvayitov, smena a'zolari - Muhammad Jo‘rayev, Otabek Abdurazzoqov, Mirzag‘olib Jo‘rayevlar yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. Shuningdek, kran mashinistlari Zuhra Boybetova, Natalya Gafarovalar konsentratlarni tushirib olish va shixta tayyorlash ishlarini qat'iy asoslarda olib borishmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi tizim jamoaning yangi marralarni zabt etishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech