• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mahalliylashtirish dasturi doirasida “BelAZ”larga ehtiyot qismlar tayyorlanayapti

24 May 2022, 13:29 1258

Mamlakatimizda eksportga mo‘ljallangan va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy xom-ashyo va mineral resurslar negizida ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish sanoatning eng muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalliylashtirish dasturi ijrosi bo‘yicha bir qator yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilayapti.

Mahalliylashtirish dasturi ijrosini kombinatning Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda 4ta loyiha bo‘yicha 102 mlrd so‘mlik mahsulotlar  - molibden, volfram karbidi, qattiq qotishmali vtulkalar ishlab chiqariladi. Natijada esa import o‘rnini bosish samaradorligi 31,2 mln dollarni tashkil etadi.

Birlashmaning Asbobsozlik va texnologik uskunalarni ishlab chiqarish sexida Yaponiyadan keltirilgan tokarlik frezerlovchi uskunasi yordamida “BelAZ” avtosamovallari uchun 2 xil hajmdagi ehtiyot qismlar – ya'ni diametri 180 mm va 150 mm bo‘lgan sharli tirgaklar ishlab chiqarilmoqda. Bu esa ichki xarajatlarni 2 barobarga qisqartirishga yordam beradi. E'tiborlisi, ushbu mahsulotga qo‘shni  Qozog‘iston davlati ham ham qiziqish bildirgan. Birgina mazkur uskunaning o‘zida mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 5 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, sexda mahalliylashtirish ijrosini ta'minlash maqsadida “O‘zmetkombinat” AJ buyurtmasi bilan armatura ishlab chiqarishda ishlatiladigan halqali ehtiyot qismlar ham tayyorlanmoqda. Bugungi kunda qurilish va kapital ta'mirlash ishlarining ortgani hisobiga, buyurtmalar hajmi ham 2 barobarga ko‘paygan. Shu bilan birga, avtomobillarning kuzovini payvandlashda ishlatiladigan mahsulotlar ham mazkur sexning yangi mahsulotlari qatoridan joy oldi.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki  joriy yilning 1-choragida OKMKda mahalliylashtirish dasturida rejalashtirilgan 75 ta loyiha bo‘yicha hajmi 44,9 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsada, amalda 59,6 mlrd so‘mlik mahsulotlar tayyorlangan. Bu esa  rejaga nisbatan 132,7 foizni va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43,1 mlrd so‘mga yoki 138,2 foizga reja oshirib bajarilgan. Dastur doirasida 220,4 ming dollarlik texnik rux sulfati eksporti ham amalga oshirilgan.

Kombinatda dastur ijrosi asosan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi, Rux zavodi hamda Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida amalga oshiriladi.

Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida esa 9,6 mlrd so‘mlik mahsulotlari tayyorlanishiga erishilgan.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida bugungi kunda mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 21 ta yangi turdagi 25,2 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Xususan, qattiq qotishmali mahsulotlar – parma va frezalar, ruda maydalash tegirmoni zirh qoplamasi, yuqori haroratga chidamli keramik mahsulotlar, volfram angidridi, yanchish uskunasi zirxlari, quyma mahsulotlar shular jumlasidandir.

Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha yangi 12 ta loyiha hisobiga 130 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Natijada loyihalar soni 130 tadan oshib, ishlab chiqarish yillik rejasi 340,0 mlrd so‘mga yoki 163 foizga bajariladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 156 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech