"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodi ishlab chiqarish faoliyatining 60 yili davomida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining eng yirik ishlab chiqarish korxonasiga aylandi.
Bugunga kelib mazkur korxona o‘z faoliyatini yangidan-yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar assortimentini oshirish hamda sexlar dastgohlar parkini yangilab borish asosiga qurgan.
Xususan, zavodda joriy yilning birinchi yarim yilligida import hisobiga olinayotgan ehtiyot va butlovchi qismlarni qisqartirish maqsadida jami 10 ta yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. EKG-15 rusumli ekskavator kovshining oldi devori, MMPS 9,5x5,4 rusumli tegirmon uchun mahkamlagichlar, g‘alvirlar uchun SHR-18-8, 5x2 zirhli qoplamalar, flotatsiya pnevmomexanik mashinalar uchun ehtiyot qismlar shular jumlasiga kiradi. Mazkur mashinalarning impeller bloklari, stator bloklari va dispergatori kabi ehtiyot qismlari ishlab chiqarilishining hisobiga 595 ming dollardan ziyod mablag‘ iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan. Boyitish fabrikalari ishlab chiqarish jarayonlariga so‘nggi yillarda keng joriy etilayotgan Larox press-filtrlari uchun 292 ta turli ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarilishining o‘zi 267 ming dollardan ziyod xorij valyutasi iqtisod qilinishiga olib keladi. Bundan tashqari, Kovuldi konining yangi Oltin saralash fabrikasi qurilishi uchun 5 turdagi uskunalarni korxonada ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilib, bevosita qurilish maydoniga yetkazib berilishi ta'minlanmoqda. 2,7x3,6 o‘lchamli tegirmon, aeratsiya bloki bilan FMR 6,3 flotatsiya mashinasi, PPM-8 aralashtirgich, PKVM-63-22,5 nasosi hamda 1KSN-24x92 klassifikatorlar yangi Oltin saralash fabrikasining eng muhim texnologik jihozlari hisoblanishi e'tiborga olinib, ularning takomillashtirilgan namunalarini yaratishga muvaffaq bo‘lindi.
Mahalliylashtirish dasturi bugunga kelib korxona faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Shu yilning o‘zida 251,1 mlrd so‘mlik 84 turdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Ayni damda esa 1100 dan ortiq nomdagi, umumiy hajmi 28 373 tonnani tashkil etuvchi mahsulotlar iste'molchilarga yetkazib berilayotgani korxona jamoasining matonatli mehnatidan dalolat beradi. Kombinat korxonalarida keng foydalanishda bo‘lgan tegirmon uskunalari, nasoslar va maydalash uskunalari, kon qazib olish korxonalari, metallurgiya va boyitish korxonalari uchun ishlab chiqarilayotgan ehtiyot va butlovchi qismlar nafaqat sifati, balki raqobatbardoshligi bilan ham ajralib turadi.
Mexanika-yig‘uv sexi shaksiz korxona ishlab chiqarish tizimining yuragi hisoblanadi. Sex jamoasining ishlab chiqarish faoliyati zavodning boshqa sexlari bilan uzviy bog‘liq va ma'lum belgilangan tartiblarda olib boriladi. Bu yerda bugun tayyorlamalar, prokatlar, quymalar, pokovkalarga sovuq ishlov berish, kombinat bo‘linmalari qurilmalari va qismlarini ta'mirlash va yig‘ish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning umumiy hajmi 5350 tonna dan ziyod yangi va ta'mirlangan ehtiyot qismlarni tashkil qiladi. So‘nggi yillarda sex dastgohlar parki zamonaviy tokarlik va vint kesish dastgohlari hisobiga boyib bormoqda. AVANTEC TB500 va AVANTEC ML 800 kabi 2 ta yangi tokarlik dastgohlari o‘rnatildi.
Botir Mambetov rahbarlik qilib kelayotgan asbobsozlik va termik ishlov berish bo‘linmasining Lutfilla Xolboyev, Stanislav Misherin, Aleksey Pasenkov, G‘ayrat Abduqodirov, Olim Jo‘rayev, Yuriy Gorlov, Pyotr Chemkayev kabi ishchi-xodimlari yuqori mehnat ko‘rsatkichlariga erishib kelishmoqda.
Yuqoridagi omillar sex jamoasi tomonidan yilning dastlabki yarim yili uchun belgilangan reja ko‘rsatkichlarining 102%ga bajarilishiga xizmat qildi. Mahsulotlar tannarxini keskin kamaytirish, energiya samarador texnologiyalarni joriy etish borasida ishlab chiqilgan tadbirlar ham o‘z natijasini bermoqda. Jumladan, korxona induksion pechlariga energiya manbalari uzatilishining muvofiqlashtirilishi ham ana shunday harakatlar samarasi bo‘lib, yuqori tejamkorlikka xizmat qilmoqda.
Hasan ABDULLAYEV