Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Energetika manbalari ta'minotining ishonchliligi, ularning talabga muvofiq sifati, tizimning barcha elementlari xavfsizligi va iqtisodiy tejamkorligi bugungi kunga kelib asosiy talablar darajasiga chiqqan holda energetika ta'minotining muqobil tizimlarining yo‘lga qo‘yilishi zarurligini ham taqozo qilmoqda. “Olmaliq KMK” AJning muhim ishlab chiqarish bo‘g‘inlaridan biri hisoblanuvchi Ohak zavodining energetika xizmati tomonidan energetika manbalari iqtisodi, zamonaviy tejamkor texnologiyalarni joriy etish va uskunalar samaradorligini oshirish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirib borilmoqda.
Korxonada ohaktosh qazib olish va karbonatli, yanchilgan, so‘ndirilmagan ohak ishlab chiqarishda energetika manbalaridan samarali foydalanish sharoitlarini hisobga olgan holda yetarli darajada takomillashgan energetika majmualari va ta'minoti tizimlarining yaratilgani jamoa yutuqlarining asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
- Elektr uskunalari bilan bir qatorda tabiiy gaz, texnik suv, siqilgan havo, issiqlik manbalari qurilmalarining uzluksiz, tejamkor va xavfsiz ishlashini tashkillashtirish, elektr qurilmalari, elektr uzatishning kabel va havo liniyalarida o‘z vaqtida ta'mirlar o‘tkazilishi, energetika ko‘rsatkichlari ish unumdorligiga ijobiy ta'sir etadigan yangi texnologiyalarning elektr xo‘jaligiga tatbiq etilishi faoliyatimizning asosini tashkil qilmoqda, - deydi Ohak zavodi energetigi Akrom Raimqulov. - Ma'lumki, zavod Sovuq- buloqsoy koni, yanchish-saralash bo‘limi, xom ashyolar ombori, kuydirish bo‘limi, tayyor mahsulotlar ombori bo‘g‘inlaridan iborat. Mazkur texnologik ob'ektlarga xizmat ko‘rsatuvchi transformator nimstansiyasi, qozonxona, ta'mir ustaxonasi, ma'muriy va maishiy xonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Barcha ishlab chiqarish va xo‘jalik ehtiyojlari uchun talab qilinadigan energetika manbalarini ta'minlovchi tizimlar xilma-xil ko‘rinishda va o‘ziga xos yondoshuvni talab qiladi. Masalan, Sovuq-buloqsoy kar'erimiz oyiga 300 000 kV/soat elektr energiyasi iste'molini OKMK Elektr tarmoqlari boshqarmasining 5-Tyagovaya nimstansiyasidan oladi. Asosiy ishlab chiqarish maydoni, ya'ni Ohak zavodi elektr ta'minoti uchun boshqarmaning 5-Tyagovaya nimstansiyasining 8-, 29-, 8a-sonli kataklari xizmat qiladi. Bundan tashqari, muqobil elektr ta'minoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Asosiy texnologik qurilmamiz hisoblangan shaxta quvur pechini tabiiy gaz bilan ta'minlash o‘rta bosimdagi 219 mm diametrli ikkita quvurlar orqali amalga oshiriladi. Ayni damda Telov magistralidan tortilgan quvur orqali tabiiy gaz ta'minoti yo‘lga qo‘yilgan. “Olmaliqshahargaz” idorasi magistrallariga favqulodda vaziyatlarda erkin ulanish imkoniyati ham mavjud. Aynan mazkur uskunamizning so‘rib-tortib olish rejimi va siqilgan havo uzatilishini ta'minlash maqsadida VVD-11, VR 6-28 markazga intilma ventilyatorlari hamda DN-19BNJ havo tortish qurilmalari o‘rnatilgan. Shu jumladan, changlarni tutib qoluvchi bir qator aspiratsiya tizimlaridan foydalanib kelinmoqda. Xo‘jalik-ichimlik va yangi sanoat suvi bilan ta'minlanish II bosimni oshirib berish nasos stansiyasidan amalga oshirib kelinadi. Ko‘rib turganingizdek, bu juda ham katta energetika xo‘jaligi. Elektr energiyasi uzatilishida qisqa vaqt ichidagi uzilishlar korxona energetiklarining hamjihatligini yaqqol namoyon qildi. Kombinat energetika bo‘limi, zavod rahbariyati va mutaxassislarining bahamjihatlikdagi harakatlari evaziga barcha texnologik qurilmalarning talofatlanishlarsiz faoliyati qayta tiklanishiga muvaffaq bo‘lindi. Shu o‘rinda elektr qurilmalari ta'miri ustasi Sh. Sarimsoqov, gaz uskunalari uchun mas'ul Abdumannob Matqobilov, elektr-ta'mirchilar Nurlan Berdanov, Oybek Axmatov, Vitaliy Zagaylov, Shodibek Matkarimov, nazorat- o‘lchov asboblari va avtomatlari chilangari Behzod Minavvarov kabi hamkasblarimiz nomini alohida ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi. Ayni kunlarda ma'muriy va maishiy xonalarimizga zarur miqdorlarda issiqlik, issiq suv yetkazib berilishida qozonxona mashinisti Mohira Odilovaning mahorat va tajribasi qo‘l kelmoqda.
Zavodda o‘tgan hisobot yilida rejaga asosan 20262621m3 tabiiy gaz iste'moli ko‘zda tutilgan bo‘lsa, amalda 18645387 m3 tabiiy gaz sarflangan holda 1617234 m3 ga teng zangori olov iqtisod qilinishiga erishildi. Shuningdek, torxona energetiklari tomonidan 2431183 kV/soatga teng elektr energiyasi tejamkorligi qo‘lga kiritildi.
Boyitish fabrikalarida reagent, metallurgiya ishlab chiqarishlarda neytrallovchi, qurilish sohasida qurilish materiali sifatida keng iste'mol qilib kelinuvchi muhim mahsulotni ishlab chiqarayotgan Ohak zavodi jamoasi energetika xizmatiga tayangan holda ulkan marralar sari qadam tashlab bormoqda.
Hasan ABDULLAYEV