• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mahsulotlar samaradorlikka xizmat qilmoqda

14 Oktyabr 2022, 12:42 818

Quyish sexi shaksiz, “Olmaliq KMK” AJ mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi bo‘lgan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodining asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Sexning quymachilik ishlab chiqarishi qumli andozalarga qizdirib eritib quygan holda metallar quymasini olishni ta'minlovchi texnologik jarayonlarni o‘zida mujassam etadigan murakkab ishlab chiqarishlar sirasiga kiradi.

Ayni kunga kelib mazkur sex tomonidan 6 mingdan ziyod nom va turdagi ehtiyot va butlovchi qismlar tayyorlanib borilmoqda. Jamoada barqaror faoliyat yuritish va istiqbolli marralarni belgilab olinishi uchun mustahkam asos yartilgan.

Shixtalarni tayyorlash va metallni quyish, andozalarni tayyorlash, quymalarni chiqarib olish, termik ishlov berish va olingan quymalarni tozalash quymachilik ishlab chiqarishining asosiy bosqichlarini tashkil etadi.

DS-5MT, DSP-3, DSP-3,3 rusumli elektr yoyli pechlar, induksion va termopechlar sexning asosiy texnologik uskunalari hisoblanadi. 110G-13L, 20L-40L, 35XML markali po‘latli, SCh15-SCh22 markali kulrang po‘latli, yemirilishga bardoshli cho‘yanli va ranggli metallar quymalari esa o‘zining sifat ko‘rsatkichlari bilan doimo keskin farqlanib turadi. Sex tomonidan sul'fat kislotasi ishlab chiqarilishida keng qo‘llaniladigan “Gartbley” qo‘rg‘oshin-surmali qotishma quyilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. EKG-12,5, EKG-8, EKG-4,6 ekskavatorlari kovsh(cho‘mich) tishlari, KMD 2200, KSD2200, KMD3000, KKD maydalagichlarning konuslari, elaklarning to‘r qatlari, barabanlar zirh qoplamalari, tegirmonlar suxarlari, tegirmonlarga yuklash va bo‘shatish patrubkalari, ulitali ta'minlovchilar korpuslari, 20GR, 28GR qumli nasoslarning ish g‘ildiraklari, bosim va so‘rib oluvchilarning zirhli disklari, shuningdek GrAT 700 va 350 nasoslarining detallari kombinat ishlab chiqarishida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etuvchi ehtiyot va butlovchi qismlar ekanligini e'tiborga oladigan bo‘lsak, sex jamoasi zimmasidagi mas'uliyat qanchalik mas'uliyatli ekanligiga ishonch hosil qilamaiz.

- Sex ishlab chiqarish tizimi Alisher Eshboyev rahbarlik qilib kelayotgan eritish uchastkasida ikkilamchi metallomlarni quyilishi bilan boshlanadi, - deydi sex bosh texnologi Abduqahhor Baynayev.

- Shixta hovlisi, o‘zaklar va yer jinslarini tayyorlash uchastkasi, rangli quyish, modellar, kokillarni tayyorlash uchastkalari o‘zaro bog‘liqlikda faoliyat yuritadi. Yakuniy mahsulot barcha parametrlarga muvofiq kelishi har bir uchastkada ishlab chiqarish jarayonlari qat'iy bosqichliklarda olib borilishiga bog‘liq. Agar andoza va qoliplarni yasash uchastkasida belgilangan talablardan og‘ishliklarga yo‘l qo‘yildimi, demak mahsulot sifatida bu o‘z aksini topadi. Shu sababli ham sexning barcha texnologik xodimlari o‘z zimmalaridagi vazifalarni belgilangan me'yorlarga qat'iy rioya qilgan holda amalga oshirib borishadi. Ana shu mehnatlar va hamjihatlikdagi harakatlar evaziga sex jamoasi tomonidan barcha ishlab chiqarish vazifalari barqaror bajarib borilishiga erishilmoqda. Jumladan, o‘tgan hisobot oyida 1050 tonna miqdorida po‘latli quymalar, 62 tonnadan ziyod cho‘yanli, 63 tonnaga teng maxsus cho‘yanli quymalar quyildi. Bundan tashqari, 16 tonna miqdorida rangli quyma mahsulotlari quyilib, iste'molchilarga jo‘natilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Modellar uchastkasiga yangi o‘rnatilgan VRAS frezerlik-model markazi andoza va qoliplar tayyorlanishida keskin burilish yasadi.

OKMKning investisiya dasturlariga asosan korxonalarga montaj qilinayotgan texnologik uskunalar, konlarda foydalanib kelinayotgan tog‘-kon texnikalari uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni tayyorlab berish vazifalariga ham kirishganmiz. Bugungi kunga kelib KSD-3000 konusli bronlar va 20 kubli EKG ekskavatorlari kovsh tishlarini yasashga kirishildi. Ushbu mahsulotlarning dastlabki partiyalari tayyorlanib, ishlab chiqarishda ilk sinovlardan o‘tkazildi va o‘zining yuqori bahosini qozondi. Bu kabi ishlarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishida sexning Mirzohid Nishonboyev, Davlat Yusupov, Dilshod Kamolov, Abduqahhor Bolt aev, Ortiq Hamzaev, Jahongir Aliqulov, Shamsiddin Safarov, Andrey Yesenkov, Yuliya Sim kabi ishchi-xodimlari o‘z ish uchastkalarida hamkasblariga namuna bo‘lib kelishmoqda.

Boshlang‘ich materia llarni tayyorlash, shixta mahsulotlarini eritish agregatlariga joylashtirishdan tortib, qorishma tayyorlash bo‘linmalarining mexanizasiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan tizimlarini boshqarish, andoza uskunalarini tayyorlash bo‘yicha barcha texnologik jarayonlarning izchil olib borilishi, metallarni quyish qoliplari va o‘zaklar tayyorlash, quymalarni qoqish, tozalash, qirqish, ularga ishlov berish hamda doimiy iste'molchilarga jo‘natish kabi ko‘p bosqichli jarayonlar bugun MTMZ quyuvchilari tomonidan zo‘r g‘ayrat va shijoat bilan amalga oshirib borilayapti. Bu esa sexning tayyor mahsulotlari nafaqat korxonaning Temirchilik-payvandlash va Mexanika-yig‘uv sexlari, balki OKMK tasarrufidagi konlar, boyitish fabrikalari, zavodlarning uzluksiz va yuqori samaradorlikdagi faoliyatlari uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech