Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Oʻzbekiston sanoati va iqtisodiyoti rivojiga munosib ulush qoʻshib kelayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xalq farovonligida ham doim kamarbasta. Bu - qulay toʻlov imkoniyatlari boʻlgan zamonaviy koʻp qavatli turar-joylarda, ishga tushirilgan yer osti yoʻlida, qad tiklagan ta’limu salomatlik maskanlarining mutlaq yangi qiyofasida oʻz aksini namoyon etmoqda. Qolaversa, bu sa’yi-harakatlarni OKMK va uning rahbariyati tomonidan elparvarlik yoʻlida olib borilayotgan yosh avlodda vatanparvarlik hissini yanada oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik va kitob chop etilishiga qaratilgan ezgu amallarda ham koʻramiz.
Joriy yilning 14 noyabr kuni Toshkent viloyatining Chinoz tumani Eshonobod madaniyat saroyiga toʻplangan yoshlar, mahalla faollari, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar buyuk bobokalonimiz, sharqu gʻarbda bir ovozdan Shayx-ur-rais (Olimlar yoʻlboshchisi) deya e’tirof etilgan, tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino haqida mamlakatimizda ilk bor yozilgan va chop etilgan roman-trilogiyaning taqdimot marosimida ishtirok etdilar.
Tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidan vakillar ham qatnashib, kitob muallifi, oʻzining 70 yoshini qarshi olgan va butun umrini Ibn Sino hayoti va faoliyatini oʻrganishga baxshida etgan Abdujalol Rahimovga OKMK rahbariyatining esdalik va qimmatbaho sovgʻalarini topshirdi.
Taqdimot marosimida Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, mana shunday kitobga homiylik qilgan OKMK rahbariyatiga, shaxsan Abdulla Xursanovga Oʻzbekiston xalqi nomidan tashakkur bildirdi. Chunki bu kitob endilikda xalqimizning munosib ma’naviy merosiga aylanadi.
2000 nusxada chop etilgan ushbu kitob Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Eng yaxshi asarlar” tanlovi gʻolibi sifatida e’tirof etildi. Buyuk ajdodimizning umr yoʻli, hayoti mazkur romanning “Buxoro”, “Xorazm”, “Xurosan, Hamadon” kitoblariga jo etilgan.
Bunday durdona, shoh asarlar asrlar osha avlodlar qoʻlidan avlodlar qoʻliga oʻtib boraveradi va barchada ulugʻ ajdodimiz haqidagi boy tasavvurni yanada oshiradi. Shu bilan birga, yana ahamiyatlisi, kitobning boshiga “Mazkur kitob “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ homiyligida chop etildi”, deb bitilganidir.
OKMK Axborot xizmati