• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Manzillar sari ravon odimlayotganlar

03 Noyabr 2022, 8:41 1091

...Amerikalik Uilyam Felps Ino degan shaxs nomini yaxshilab eslab qoling, chunki aynan u bugun sizu bizning kundalik hayotimizda duch keladigan yo‘l qoidalarini o‘ylab topgan... Qizig‘i shundaki Uilyam biror marta ham avtomobil boshqarmagan ekan...

...Qiziq tadqiqotlardan ma'lum bo‘lishicha, qora rangdagi avtomobillar oq rangdagilarga nisbatan ko‘proq yo‘l qoidalarini buzishadi va turli darajadagi avariyalarga sabab bo‘lisharkan... Yo‘ldagi eng xavfsiz rang bu - oq va sariq ranglar ekan.

“ Lada Kalina ” yengil mashinalari Finlandiyada “Lada 119” nomi ostida sotilarkan. Bunga sabab “Kalina” so‘zi finlar tilida “yorilish”, “shovqin” degan ma'nolarni bildirgani uchun ular bu so‘zni qo‘llashmas ekan. Bu avtomobil sotilishiga ham to‘sqinlik qilishi mumkinligi inobatga olingan.

Sezgandirsiz balki, bugun biz so‘zimizni bejizga yo‘llar va avtomobillar haqidagi faktlar bilan boshlamadik. Fransuzcha- chauffeur so‘zidan olingan shofyor so‘zi, umuman bu kasb egalari haqida so‘z yuritmoq bugungi ocherkimizning asosini tashkil etadi. Ilk avtomobillar kashf etilganda ularni harakatlantirish uchun ko‘mir va o‘tin kerak bo‘lgan, ularni yoqib avtomobilni harakatga keltirgan odam “chauffeur” ya'ni, “o‘t yoquvchi” deyilgan.

Bugungi “chauffeur” lar ya'ni, shofyorlar haqida so‘z aytarkanmiz, ular ko‘mir va o‘tin bilan o‘t yoqmaydilar, balki zamonaviy avtomobillarni boshqaradilar, insoniyat taraqqiyotining eng maqbul mahsuli bo‘lgan avtotexnikalar bilan ishlaydilar. Shunday qahramonlarimizdan biri - Bobomurod Nishonboev bo‘ladi. Hozirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Avtomobil' transporti boshqarmasiga qarashli 1-Avtokorxonada haydovchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Bobomurod Nishonboev “MAN” rusumli avtoulovda har kuni Sariq-cho‘qqi koni ishchi-xodimlarini o‘z ish joylariga eltib qo‘yarkan, o‘z ishidan mamnunlik hissini tuyadi.

- Yaxshi maktablar bo‘lishiga qaramay, yaxshi otalarsiz yaxshi tarbiya bo‘lmaydi, deyishadi. Otam men uchun mayoq bo‘la oldi. Texnikaga bo‘lgan qiziqishim dadamning ish garajidan boshlangan, desam adashmayman. Dastlab xobbi bo‘lgan narsa keyin ulkanroq qiziqishlarga aylanarkan, ulkan qiziqishlar esa sizni shu sohani egallashga undaydi, - deydi qahramonimiz biz bilan suhbatda.

Bobomurod Nishonboyev faoliyat yuritayotgan 1-Avtokorxona tasarrufidagi 8-sonli avtokolonnada hozirga kelib 70 dan ortiq turli rusumdagi, jumladan, xo‘jalik yuklarini tashuvchi o‘zi ag‘dargichlar, avtobus va yengil avtomobillar hamda suv tashuvchi maxsus transport vositalari mavjud bo‘lib, ularda 124 nafar haydovchilar xizmat ko‘rsatib kelishmoqda. Avtobaza boshlig‘i Edem Jemilov, avtokolonna rahbari Baxtiyor Xudoyberdiyevlar yo‘lboshchilik qilib kelayotgan mehnat jamoasida iqtisodiy texnik ko‘rsatkichlar ham yuqori sur'atlarda. Joriy yilning sentyabr oyida avtotransportchilarning mashina soat rejasi 18 500 soat bo‘lgan bo‘lsa, amalda 19 569 soatni tashkil etdi. Yil boshidan buyon esa 166 400 mashina soat rejasi 190 216 soat ko‘rsatkichda qayd etildi. Transport vositalaridan foydalanish koeffisentining sentyabr oyi bo‘yicha belgilangan 0,81 soatning amalda 0,85 soatga bajarilishi mehnat jamoasining o‘z vazifalariga qat'iy yondashganligidan dalolat beradi. Qolaversa, bu samarali natijalarning qo‘lga kiritilishida jamoaning Zohid Nurbaltaev, Farrux Rashidov, Faxriddin Akkulov, Muhiddin Nishonboyev, Ummat Karabayev, Shahobiddin O‘sarov kabi fidoyi haydovchilari mehnati munosib e'tirof etiladi.

Bugungi kunda avtokolonnada mutaxassislar tayyorlash va yosh haydovchilarni murabbiylarga biriktirgan holda t ajriba larni mustahkamlab borishga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Ustozlar izidan borib, mohir haydovchilar safidan o‘rin olayotgan yoshlarning ayni damda mustaqil ravishda avtotransport vositalarini oqilona boshqarib kelishayotgani quvonarlidir.

Bir so‘z bilan aytish mumkinki, avtokorxona jamoasidagi o‘z ishining puxta bilimdonlari bo‘lgan avtotransportchilarning zimmalaridagi kasbiy mas'uliyatni yurakdan his etib, marralar sari ravon odimlashayotgani kombinat mehnat yutuqlarida o‘z aksini topmoqda.

Konchi va metallurglar og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilib kelayotgan yuqorida biz tilga olgan mohir haydovchi - Bobomurod Nishonboyev va uning jamoadoshlarini, umuman, barcha ushbu soha vakillarini Avtomobil  transporti xodimlari kuni - kasb bayramlari bilan samimiy tabriklab qolamiz! Yo‘lingiz hamisha porloq bo‘lsin!

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech