Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonlari metallurgiya sohasining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanib, u bir nechta murakkab texnologik bosqichlarni o‘z ichiga oladi.
“Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodida aynan ushbu jarayonlar amalga oshiriluvchi Sulfat kislotasi sexida bugungi kunda 4 ta SK bo‘limlari faoliyat yuritib kelmoqda. Kislorod mash'alali hamda konvertor pechlarining gazlari utilizatsiya qilinib, sulfat kislotasi olinishi sexning SK-3 va SK-4 bo‘limlarida olib boriladi. SK-3 bo‘limi eng keksa ishlab chiqarish bo‘g‘ini bo‘lish bilan birga sex ko‘rsatkichlari belgilanishida muhim ahamiyatga ega. Metallurgiya sexidan uzatilayotgan texnogen gazlar aynan shu yerda dastlabki qayta ishlanish bosqichlaridan o‘tadi.
Sexning yuragi - asosiy ishlab chiqarish qurilmasi sifatida qaraluvchi 1- va 2-bosim nasoslarining doimiy va barqaror faoliyati sex katta energetigi Ma'sud Madaliyev hamda SK-3 bo‘limi energetigi Abror Rusaliyevlar tomonidan ta'minlab kelinmoqda.
- Ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari, asosiy uskunalar va apparaturalarning bir maromda hamda uzluksiz faoliyati ko‘rsatkichlarimiz bosh omili hisoblanadi, - deydi Sulfat kislotasi sexi boshlig‘i o‘rinbo sari Jamshidbek AMANOV. - SK-3 bo‘linmasi jarayonlariga qisqa ta'rif beradigan bo‘lsak, texnologik katalizator yordamida oltingugurt (IV) oksidi oltingugurt (VI) oksidiga aylantiriladi. Texnologik suvlar yordamida ishlovchi sovutgichlarda sulfat kislotasi va tarkibida sulfat kislotasi bor eritmalar sovutiladi. Kontaktlashuvdan oldin oltingugurt (IV) oksidi margimush, ftor, selen va boshqa elementlardan tozalanib, bir necha murakkab bosqichlardan so‘ng ko‘zlangan natijaga erishilib, sulfat kislotasi olinadi. Ushbu jarayonlardagi gazlarni quritishga mo‘ljallangan quritish minoralari, ularning monogidrat absorbisiya qurilmalarida olib borilgan ta'mir ishlari kuni kecha o‘z yakuniga yetkazildi. Ta'mir davomida minoralarning yuqori qismidagi halqasimon to‘shamalarning to‘liq almashtirilishiga va ma'lum bir qismi yuvilib, qayta joylashtirilishiga erishdik. Shuningdek, ta'mir rejasiga ko‘ra, minolarimiz sirt qoplamalari yuqori qismlarining g‘isht terimlari va korpuslaridagi talofatlangan qismlarni to‘liq yangilashga ham muvaffaq bo‘lindi. Bu shaksiz, texnogen gazlarni samaradorlikda ushlab qolish imkoniyatini oshiradi. Bundan tashqari, ayni kunlarda SK-3 bo‘limi “O” belgisidagi texnologik uskuna va jihozlar atrofidagi yer jinsli to‘shamalar to‘liq olib tashlanib, yangi qum-shag‘alli to‘shamalar yotqizildi va uning ustidan kislotaga bardoshli g‘ishtlar terib chiqilmoqda. Bu kislotalarning yer qa'riga singishining oldini olish bilan birga uskuna va jihozlarning poydevor asoslari mustahkam holatda saqlanib borilishini ta'minlaydi.
SK-3 bo‘limi mexanigi Quvonchbek Kuchkanov rahbarligi ostida mehnat qilib kelayotgan Ziyovuddin Holiqulov, Abduvohid Toshmatov, Sirojiddin Mo‘minov kabi chilangar-ta'mirchilar va Sohib Egamberdiyev, Jasur Bozorov singari elektrpayvandlovchilar texnologik uskuna va jihozlarimizda ta'mir ishlari sifatli olib borilishiga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda. Ishlab chiqarish ustasi Isroil Abduqodirov boshchiligidagi bo‘lim texnologik smenasi ham sexning eng ilg‘or jamoalaridan hisoblanadi. Mazkur smenaning Rozaxon Mirzakimova va Sardor Mamirov kabi apparatchilari texnologik jarayonlarning izchilikda kechishini ta'minlab borishmoqda.
Sexda olib borilayotgan ta'mir ishlari va texnologik jarayonlar uzluksizligini ta'minlashda SK-3 bo‘limi katta ustasi Ahmadjon Joniqulov, usta Asliddin Dadamatov, apparatchilar Aziz Isroilov, Azamat Joniqulov, Rustam Madumarov va Ilhom Sultonovlarning mahorati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Sulfat kislotasi sexida yo‘lga qo‘yilgan bu kabi hamjihatlikdagi harakatlar sex jamoasi tomonidan 42 200 tonna miqdorida sul'fat kislotasi ishlab chiqarish rejasi to‘liq bajarilishini ta'minladi. Ayni shu bugungi kungacha qo‘lga kiritilgan natijalar fevral oyi uchun belgilangan bashorat ko‘rsatkichlari muddatidan oldin bajarilishidan dalolat bermoqda.
Hasan ABDULLAYEV