• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Markaz kuz-qish mavsumiga shay

18 Noyabr 2022, 8:41 966

Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p xonadonli uy-joy fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash borasida belgilangan vazifalar doimo “Olmaliq KMK” AJ faoliyatining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Xususan, aholi turmush darajasini oshirish, turarjoy sharoitlarini yaxshilash, OKMK tarmoq-bo‘linmalari hamda iste'molchilarni elektr va issiqlik energiya manbalari bilan uzluksiz ta'minlash hamda kommunikatsiya tarmoqlari holatini o‘rganish o‘zining ijobiy natijalarini berib kelmoqda.

Ushbu vazifalarni ado etib kelayotgan Issiqlik elektr markazida kuz-qish mavsumiga hozirlik doirasida amalga oshirilgan ishlar xususida IEM ishlab chiqarish bo‘limi muhandisi Farog‘at Abdug‘aniyeva quyidagi fikrlarni bildiradi.

- Kuz faslining boshi odatda biz energetiklar mehnatini yuzaga chiqaradigan palla hisoblanadi. Shu jumladan, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tadbirlarining qanchalik sifatli bajarilganiga ham aynan shu pallada baho berish imkoniga ega bo‘lamiz. 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumiga barcha ishlab chiqarish tizimini tayyorlash borasida o‘tgan mavsum tajribasidan kelib chiqib yil davomida tayyorgarlik ko‘rildi. Ishlab chiqarish korxonalari, maishiy iste'molchilar, xususan, aholining issiqlik energiyasi va issiq suvga bo‘lgan talabini inobatga olgan holda birinchi navbatda qozon va quvur agregatlarimizda katta hajmda ishlar olib borildi. Jumladan, Rahimbek Qo‘chqorov rahbarlik qilayotgan Qozon-trubina sexidagi bir qator texnologik uskunalarda kapital va joriy ta'mir ishlari o‘tkazilishiga muvaffaq bo‘lindi. Markazdagi PTVM-100 st 8-sonli qozon agregatida kapital ta'mir ishlari avgust oyining birinchi ish haftasidayoq yakuniga yetkazildi. Shuningdek, isitilgan bug‘ olishga mo‘ljallangan BKZ-75/ FB qozon agregatida ham kapital ta'mir ishlari olib borildi. PTVM-100 st 6- va 7-sonli qozon agregatlarida joriy ta'mirlar o‘tkazildi. 3 ta PR-12/3, 4/1, 0/0,1 st rusumli quvur agregatlarimizda o‘tkazilgan joriy ta'mir ishlari ham o‘z ahamiyati bilan ajralib turadi. Asosiy seximiz texnolok qurilmalarida olib borilgan bu kabi ishlar elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha dispetcherlik jadvali talablari bajarilishi bilan bir qatorda iste'molchilarga energetika manbalari barqaror va sifat ko‘rsatkichlari bilan yetkazilishiga xizmat qiladi.

Barcha mehnatlarimiz mahsulini yuzaga chiqaruvi Issiqlik tarmoqlari sexi tomonidan foydalanib kelinayotgan yer osti kommunikatsiya tarmoqlarimizda ham diqqatga molik ishlar amalga oshirildi. 3ta bosimni oshirib boruvchi va 8 ta issiq suvni uzatuvchi kvartallar ichi nasos stansiyalarimiz shay holatga keltirildi. Bundan tashqari, magistral va kvartallar ichi quvur o‘tkazgichlarimizda o‘tkazilishi mo‘ljallangan kapital va joriy ta'mir ishlari to‘liq bajarilishiga erishildi. Turli o‘lchamlardagi quvur o‘tkazgichlarimizning 821 pm va 1734 pm.ida olib borilgan ta'mirlar Issiqlik tarmoqlari sexi tomonidan o‘z muddatlarida bajarilishi ta'minlandi.

IEM tomonidan yuqoridagi asosiy vazifalardan tashqari, o‘z otalig‘imizga olgan ta'lim muassasalarida ham e'tiborga molik ishlari amalga oshirildi. 14-umumta'lim maktabining isitish tarmoqlari sozlanib yuvildi va issiqlikni qabul qilishga shay holatga keltirildi. Xuddi shu kabi ishlar 31-maktabgacha ta'lim tashkilotida ham olib borildi.

Issiqlik tarmoqlari sexi katta ustasi Fayoz Jumanov, elektrgazpayvandlovchi Davron Haydarov, ta'mirchi-chilangarlar Tolib Mamatqulov, Sardor Mirhamidov, Saydulla Mamatqulov, Zokir Karimov va izolyasiyalovchi Nilufar Islomqulovalar tashkilotlar, muassasa va xonadonlarga issiqlikning tarmoqlarimiz orqali uzatilishiga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda.

IEMning yilning o‘tgan 10 oyi natijalarini ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, 160 303 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqilib, 138 762 kVt/soat elektr energiyasi iste'molchilarga yetkazilishi ta'minlandi. Shu bilan birga 661 640 G.kal issiqlik tarmoqlar orqali jo‘natilishiga erishildi. Mazkur natijalar va maqsadli yo‘nalishda olib borilgan ishlar Issiqlik elektr markazining kuz- qish mavsumida barqaror faoliyat yuritishini va iste'molchilarning energetika manbalari bilan to‘laqonli ta'minlanishiga xizmat qiladi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech