• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mashaqqatli va sermahsul davr

17 Fevral 2023, 13:7 647

Hisobot yilining dastlabki oyi mamlakatimiz barcha sanoat korxonalari kabi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 2-Mis boyitish fabrikasi uchun ham o‘ziga xos sinov davri bo‘ldi. O‘z faoliyati tarixida ishlab chiqarishni batamom yangi yo‘nalishga o‘zgartira olgan korxona jamoasi har qanday imtihonlarga shayligini yana bir bor amalda ko‘rsata oldi.

- Fabrika tarkibiga Maydalash sexi, Maydalash va flotasiyalash sexi, Reagentlarni tayyorlash, suvsizlantirish va chiqindilarni to‘plash uchastkalari kiradi, - deydi 2-MBF ishlab chiqarish texnik bo‘limi boshlig‘i Ilhom Matmusayev. - Texnologik sxema uch bosqichli maydalash va maydalangan rudani yopiq siklda keyingi flotasiyalashli ikki bosqichda maydalab, jamoaviy mis va molibden konsentratlari olinishini nazarda tutadi.

- Korxonadagi amalda qo‘llanilayotgan texnologik uskunalar holatini inobatga oladigan bo‘lsak, fabrika boyituvchilari tomonidan qo‘lga kiritilayotgan har bir natijani matonatli mehnat mahsuli sifatida baholagan bo‘lardim. Ayniqsa, hisobot yilining dastlabki oyi o‘ziga xos iqlim sharoitlari va energetika resurslari taqchilligi bilan o‘ziga yarasha qiyinchiliklarni tug‘dirdi. Ma'lumki, boyitish jarayonlarida nihoyatda ko‘p miqdorda texnik suv sarflanadi. Suv xom ashyo, erituvchi, issiqlikni tashuvchi, jarayonlardagi muhit, yutuvchi, boyitmalarni transportirovka qiluvchi manba hamdir. Texnologik smenalar tomonidan orttirilgan tajriba va barcha energetika tarmoqlari, kommunikatsiyalar hamda magistrallarga to‘g‘ri texnik xizmat ko‘rsatilishi evaziga talofatlanishlar va uzilishlarning oldi olindi. Nafaqat texnologik smenalar, balki ta'mir, energetika bo‘limi jamoalarining hamjihatligi bois yanvar' oyida xom ashyolarni qayta ishlash 100,4%ga bajarildi. Jamoaviy konsentratda mis miqdori 135,7%ni tashkil etdi. O‘tgan yilning so‘nggi oylarida bir qator texnologik uskunalarda olib borilgan kapital, joriy va oldini olish ta'mirlari ham o‘z natijasini berdi.

2-MBF Maydalash bo‘limi mexanigi Davron Abdurashidov rahbarligidagi asosiy uskunalarda ta'mir ishlarini olib boruvchi ta'mir xizmati tomonidan bo‘limning barcha uskunalari uzluksiz va bir maromda faoliyat yuritishi ta'minlanmoqda. Asosiy uskunalar ta'miri ishlab chiqarish ustasi Ziyovuddin Ahmatov boshchiligidagi ta'mirchilar tomonidan 3-sonli plastinchali ta'minlovchida olib borilgan kapital ta'mir ishlari o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Mazkur texnologik uskuna ishlab chiqarish jarayonlarining bosh bo‘g‘inida turgan holda dumpkarlardan to‘kilgan rudalarni jag‘li yanchgichga transportirovka qilib boradi. Tabiiyki, kuchli zarbalar ta'minlovchining polotnolari va yon devorlarining ko‘proq talofatlar olishiga olib keladi. O‘tkazilgan ta'mir davomida uzunligi 12 metrni tashkil qiladigan ta'minlovchining bardoshlilik xususiyatlari oshirilishi va uning polotnolari, yon devor zirh qoplamalari, rolik tutqichlari, harakatlantiruvchi qurilmalari to‘liq yangilanishi va mustahkamlantirilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Davron Azimov, Murodjon Ne'matov, Hamidulla Holiqov, Farhod G‘ozibekov, Bahriddin Jiyanbekov, Davron To‘ychiyev va Rahmatilla Osanov kabi ta'mirchi-chilangarlarning sa'y-harakatlari bilan shu kunlarda 4-sonli KMD-2200 maydalagichida joriy ta'mir ishlari olib borilmoqda. Bo‘lim tomonidan boyitmalarni transportirovka qilish maqsadida 37 ta transportyor tasmalari ekspluatasiya qilib kelinadi. Mazkur texnologik qurilmalarga ekspluatasion xizmat ko‘rsatish ishlari ishlab chiqarish ustasi Davron Mamatqulov yo‘lboshchiligidagi ta'mirchilar zimmasiga yuklatilgan. So‘nggi yillarda harakatlanuvchi va sobit turuvchi(KLP va KLS) transportyor konveyerlarning rezina tasmalarini yangilash ishlariga urg‘u berilmoqda. Ayni kunlarda 4-sonli sobit turuvchi konveyer(KLS) rezina tasmasini yangilashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

2022 yil uchun ishlab chiqarish istiqbollariga ko‘ra, 2-MBF boyituvchilari zimmasiga 6 mln tonna xom ashyolarni qayta ishlagan holda konsentrat holatida ishlab chiqarish va Mis eritish zavodiga yuborish vazifasi yuklatilgan. Yilning dastlabki oyida qo‘lga kiritilgan natijalar yillik rejalar uddalanishiga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech