Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Matonatli mehnat, kasbga sadoqat e’tirofi

25 Avgust 2026, 14:37 20

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Mis boyitish fabrikasi Ta’mir-mexanika bo‘limi tokari Nasiba Atabayevaning “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishi fidoiylik uchun yuksak ehtiromdir.

Ta’mir-mexanika bo‘limi korxona tomonidan foydalanib kelinadigan uskuna va jihozlar va ularning detallar va qismlarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirib keladi. Bir so‘z bilan aytganda faqat aniq mezonlar hisobiga amalga oshiriladigan ta’mir jarayonlarida keksa va navqiron kasb egalari bo‘lgan tokarlarning o‘rni alohida.

Nasiba Minnibayevna bu kasbga bolalikdagi orzu sabab kirib kelgan. Onasi Avtota’mir zavodida farrosh bo‘lib mehnat qilib yurgan davrlarda zavoddagi tokar qizlarni ko‘rib ularga chin dildan havas qilgan. Keyinchalik bu havas qat’iy maqsadga aylandi. Dastlabki mehnat faoliyatini ham aynan avtota’mir zavodida boshladi. U yerda o‘n olti yil mehnat qilib keyinchalik MBF ta’mir-mexanika uchastkasiga ishga o‘tdi. Shunga ham hademay o‘ttiz yil to‘ladi. Turmush o‘rtog‘i Abdumalik Atabayevning aynan MBFda elektr gazpayvandlovchisi sifatida mehnat qilishi kasb qiyinchiliklarini yengib o‘tishda dalda bo‘ldi.

Yuqori malakali xodim, ibratli oila qo‘rg‘onining bekasi sifatida ham turmush o‘rtog‘iga yelkadosh bo‘lib uch nafar o‘g‘il-qiz farzandlarni oq yuvib, oq tarab kamolga yetkazish baxtiga ham erishdi. El yurt ishiga kamarbasta farzandlarni kamolga yetkazishda ibrat bo‘lib kelayotgan Ataboyevlar oilasining to‘ng‘ich farzandi Abdulla Mis eritish zavodida elektr-chilangar sifatida mehnat qilib kelayapti.

- Qadrdon jamoam, hamkasblar umrimning uzviy bir bo‘lagi-deydi Nasiba Atabayeva. So‘ngi yillarda MBFda inqilobiy texnik va texnologik qayta qurollatirish ishlari jadal bormoqda. Yangi uskunalar ta’miri esa yangicha yondoshuv hamda yuksak bilim va mahoratni talab qiladi. Shunga qaramadan ta’mir-mexanika bo‘limi jamoasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan bajargan holda korxona yutuqlariga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Bu mukofotni kichik ta’mir jamoamizning sharafli mehnatiga berilgan munosib e’tirof, deb bilaman.

Kamtarin mehnati va kasbiga bo‘lgan sadoqati bilan tanilgan Nasiba Atabayevani ushbu yuksak davlat mukofoti bilan muborakbod etamiz va kelgusi ishlarida zafarlar tilaymiz.

Bo`lishmoq:
Text to speech