• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Matonatli mehnat manzili

22 Sentyabr 2023, 8:44 720

Mis eritish zavodi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kon qazib olish, boyitish, qayta ishlash kabi ishlab chiqarish jarayonlarining yakuniy hal qiluvchi bosqichida turuvchi muhim xalqadir. Aynan MEZda o‘z safida 37 mingga yaqin ishchi-xodimlarni birlashtirgan OKMKning mashaqqatli mehnatlari mahsulot sifatida yuz ko‘rsatadi.

Shunday ekan, Mis eritish zavodining boshlang‘ich bo‘g‘ini shixta tayyorlash bo‘limidan boshlab, xomaki, katodli, anodli raffinajlangan mis, sulfat kislotasi, mis kuporosi, reniy, tellur, osmiy kabi nodir metallar olishgacha bo‘lgan ish uchastkalaridagi barcha muhandis- texnik xodimlar, metallurglar zimmasida zalvorli va mas'uliyatli vazifalar turadi. Bu yil ushbu - OKMKning bosh metallurgiya korxonasi o‘zining shonli 60 yillik yubileyini nishonlaydi.

Mis eritish zavodi Metallurgiya sexining ishlab chiqarish jarayonlari maydalash va shixta tayyorlash bo‘limidan boshlanadi. Kon va kar'erlardan keltirilgan flyus rudalar, Kovuldi konining kvars, flyus rudalari, Mis boyitish fabrikasining boyitmalari, Rux zavodining tarkibida mis mavjud bo‘lgan klinkeri Metallurgiya sexining yallig‘-qaytarish, Van'yukov va kislorod-mash'ala eritish pechlariga yuklanishidan oldin bu ish uchastkasida muhim ishlovdan o‘tadi. Eritish pechlaridan olinadigan mahsulotning sifati va undan olinadigan iqtisodiy samara hamda boshqa iqtisodiy-texnik ko‘rsatkichlarning yuqori bo‘lishi aynan shixta tayyorlash jarayoniga uzviy bog‘liq.

Abdurazzoq Xidirboyev rahbarlik qilib kelayotgan maydalash-shixta tayyorlash uchastkasi tomonidan bir sutka davomida yallig‘ qaytarish pechi, kislorod-mash'ala pechi, Van'yukov suyuq vannada eritish pechlariga 4000 tonnadan ziyod shixtalar tayyorlanib jo‘natilishiga muvaffaq bo‘linmoqda. Xotam Olimov, Dilobar Anorqulova kabi shixta tayyorlovchilar metallurgiyaning muhim boshlang‘ich bosqichi bo‘lgan xom ashyolarni eritishga tayyorlash jarayonlarini izchil bajarib kelishmoqda.

MEZ eritish pechlarining quvvatlarini oshirish maqsadida xorijlik hamkorlar bilan birgalikda bunyod etilgan suyuq vannada eritish Vanyukov pechi kombinat metallurgiyasi tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 70 ming tonnani tashkil qiladigan mazkur pech imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilgan holda yuqori natijalar qo‘lga kiritilishida Umidjon Mirzahmedov, Jumavoy Mamatqulov, Tolibjon Jangilov, Otabek Tursunboyev singari erituvchilarning hissalari alohida bo‘lmoqda.

Metallurgiya sexining konverter-anod bo‘limi mis eritish jarayonining ikkinchi bosqichi bo‘lishi bilan birga, u navbatdagi ish uchastkalari sifat ko‘rsatkichlarini belgilab beruvchi muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Konverterda kechuvchi jarayonning asosiy vazifasi esa oltingugurt va temirni shixta tarkibidan ajratib olishdir. Kislorod-mash'ala eritish pechi va yallig‘ qaytarish pechidan olingan, asosan temir va mis sulfididan tashkil topgan shteyn konverterlash jarayonidan so‘ng xomaki misga aylanadi. Konverterda konverterlashdan to‘plangan xomaki misdan navbatdagi bosqichda tozalangan, ya'ni raffinajlangan mis olinadi. Metallurgiya sexining eng iqtidorli va serg‘ayrat muhandis-texnik xodimlaridan biri bo‘lgan Jasur To‘raqulov rahbarlik qilib kelayotgan konvertor-anod bo‘limi metallurglari tomonidan barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari izchil bajarib borilishi ta'minlanmoqda. Konvertorchilar smenasi ustasi Iskandar G‘afforov yo‘lboshchiligida konverterlash texnologik jarayonlarini olib borayotgan Nodir Vaqqosov, Ilhom Haydarov, Tohir Rahmonov va Shahboz Abduraimov kabi konvertorchilar yuqori mehnat yutuqlarini qo‘lga kiritib kelishmoqda. Bo‘lim metallurglari konverterlash jarayonlari bilan bir qatorda xomaki misni anod pechlarida olovli raffinajlagan holda chambarakli anod quyish mashinasida anodli mislarni quyish ishlarini ham olib borishmoqda. Bundan tashqari, mis kuporosi ishlab chiqarilishida foydalaniladigan mis donabaylarini olish uchun misni donabaylash pechi ham ekspluatasiya qilib kelinadi. Aleksandr Kondrat'ev, Akmal Samandarov, Axror Musurmonov, Shuhrat Abdurahmonov, Elmurod Azimov, Muzaffar Nishonboyev, Rahim Rahimov va Zafar Ho‘jaqulov kabi konverter-anod bo‘limi erituvchilari mazkur uskunalarning samarali ekspluatasiyasini ta'minlab bormoqda. Yil boshidan buyon xomaki mis ishlab chiqarish 102,3%, anodli mis ishlab chiqarish 101,85 ga bajarilishiga muvaffaq bo‘lingani esa matonatli mehnatning natijasidir.

Yuqoridagi omillar davlatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishdek ulug‘ maqsadlarga hamohang ravishda kombinat bosh metallurgiya korxonasining asosiy sexida diqqatga molik vazifalar har kunlik matonatli mehnat ortidan bajarilayotganidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech