• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mehr mash'alasi, matonat mayog‘idir ayol!

07 Mart 2024, 15:36 335

18 yildirki hayotimda bir an'ana bor. Eslab ko‘rsam, 2006 yildan beri jurnalistikada qalam tebratarkanman, fevral so‘nggi va martning boshida ayollar mavzusi meni qamrab oladi. Va eng mashhur, odamlarga yetib boradigan iqtiboslarni o‘qiyman, ularni sizga ham ilinaman, yuqoridagi kabi...

Bugun bir iqrorim bor, tan olgan haqiqatni aytgim keldi. Birgina mavzu bor, zerikmaysan, senga malol kelmaydi, aksincha, unda o‘sasan, ilhomlanasan, shavqlarga to‘lasan... Bu - ayollar, onalar mavzusi bo‘lib qolaveradi men uchun...

100 kilovattdan 160-200 kilovattgacha bo‘lgan elektrodvigatellarning g‘altak o‘ramalarini cho‘lg‘omlovchi “obmotchik” ayollar jamoasiga kirib borarkanman, 2024 yilning bahori allaqachon bu yerda nish urganini sezaman: Ayollar bahorni kutmaydi, ularning O‘ZI bahor!

“Olmaliq KMK” AJ Elektr tarmoqlari boshqarmasi Energiya ta'mirlash sexi 50 yillik tarixga ega. Birgina ushbu sexning o‘zida to‘rtta uchastka mavjud. Shunday uchastkalardan biri O‘zgarmas tok uchastkasi bo‘lib, bu yerda 31 nafar xotin-qizlar mehnat qilib kelishmoqda. Asosan elektromashinalar elementlari cho‘lg‘omlovchilari, ya'ni “obmotchik” ayollar jamoasiga katta usta Muhayyo Qarshiboyeva yo‘lboshchilik qilib kelmoqda.

Muyassar Toshxo‘jayeva, Lyudmila Burlova, Muqaddas Topilova, Zulfiya Erejepova, Gavhar Shaximqulova, Gulbahor Ibragimova, Qizilgul Janizakova, Malohat Risbayeva, Dilafro‘z Alimatova, Sitora Qambarova kabi nom egalari jamoada faxr bilan tilga olinadi.

Elektr motorlari, transformatorlarni ta'mirlash, umuman, OKMKning barcha korxona va zavodlari bo‘linmalari uchun zarur bo‘lgan elektr jihozlarini sozlash kabi vazifalarni amalga oshirib kelayotgan O‘zgarmas tok uchastkasidagi qahramonlar bilan suhbat qurarkanman, ularning yuz ifodalarida o‘z kasbidan mamnunlikni, shukronalik va qanoatni his qilaman.

- 36 yildan beri shu sohada faoliyat yuritib kelarkanman, soha odamdan aniqlik va puxtalikni talab qilishini anglab yetganman, - deydi biz bilan muloqotda katta usta Muhayyo Qarshiboeva. - Ilk marta bu yerga kelganimda siz ko‘rgan “obmotchik” qizlar kabi sim o‘rashdan ishni boshlaganman. Bu ishda xato ketishimiz mumkin emas, g‘altak simlarining noto‘g‘ri joylashuvi texnikaning soz ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu aslida oddiy qoidalar...

Ammo shu oddiyat ortida mehnatu zahmatning, fidokorlikning, nozik jins vakillarining sabru matonatini qalban tuyasiz. Qat'iyat va matonat mash'alasini baland tutgan ayollar jamoasiga tahsin aytasiz.

***

...Halima Egamberdieva nomi Elektr tarmoqlari boshqarmasida umri ibrat, so‘zi hikmat ustoz maqomida tilga olinadi. Va aytish mumkinki, mehnat jamoasining “kayvoni” kadrlaridan. 42 yildan buyon u boshqarmaning Sariq-cho‘qqidagi nimstansiyasida elektromontyor sifatida mehnat qilib kelmoqda.

- Odamning kasbi bu uning qismati, taqdiri deb bilaman, - deydi Halima opa. - Bugun 42 yillik tajribamdan kelib chiqib men bir narsani ayta olaman: kasb ham bir niholday gap, bog‘bon bog‘ini mehr qo‘llari bilan parvarishlagani kabi kasbiga mehr bergan odam uning mevasini bugun, erta ko‘rmas, ammo bu natijani u indinga albatta ko‘rarkan. Bu albatta mening tajribam... Shu o‘rinda menga kasbimizning muhim asrorlarini, jihatlarini o‘rgatgan aziz ustozim Tatyana Torgovix nomini eslab o‘tmoqchiman.

Bizning dastlabki suhbatimiz qahramonimizning shu gaplari bilan boshlandi... Oila - bizni boshqaradigan kompasdir. U yuksak cho‘qqilarni zabt etishimizda ilhom manbai va qoqilganimizda tasalli berguvchi manzildir. Mana shu hayotiy haqiqatlar ichra Halima Egamberdievaning oila haqidagi fikrlariga quloq tutamiz:

- “Oilam hayotim davomida men erishgan yutuqlarning eng yuksagi desam bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘im Erali Egamberdiev teplovoz mashinisti sifatida mehnat qildi. O‘g‘lim Azizbek Egamberdiev Sariq-cho‘qqi karyerida ekskavator mashinisti, qizim Gulnoza esa Elektr tarmoqlari boshqarmasida mening izdoshim sifatida elektromontyor bo‘lib ishlab kelmoqda. Yana bir o‘g‘lim ham shu jamoada yetakchi muhandis bo‘lib soha rivoji yo‘lida o‘z hissasini qo‘shib kelayotganligi menga faxru iftixor bag‘ishlaydi.

Turmush o‘rtog‘imning ham, mening ham ishimiz smenali edi. Men ishga ketganimda u g‘amxo‘rlik qilardi, u ketganida men qolardi m uyda. Shunday qilib yillar davomida bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, farzandlarimizni katta qildik. Bugun shu harakatlarimizning mevasi bo‘y cho‘zayotganidan quvonamiz albatta... Bugun ularning o‘z mehnati, bilim va salohiyatlari bilan kombinatimiz yorqin ertasi yo‘lida dadil odim tashlab borayotganidan ota-ona sifatida mamnun bo‘lamiz.

So‘ngso‘z o‘rnida. Biz bugun kombinatning muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan Elektr tarmoqlari boshqarmasida faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlar jamoasi hamda Halima Egamberdieva kabi o‘z sohasining ilg‘orlari bilan hamsuhbat bo‘ldik, ularning onalik, ayollik olamiga oshno bo‘lishga urindik. Va qahramonlarimiz siymosida men matonat va muhabbatning mangu mayog‘i ila dunyoni munavvar qilishga chog‘langan fidoyilarni ko‘rdim.

Fursatdan foydalanib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, qolaversa shahrimizning turli sohalarida mehnat qilib kelayotgan, o‘z mehnati ila sharaf topgan xotin-qizlarimizni, barcha ayollarni bayram bilan samimiy muborakbod etib qolaman!

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech