Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mening fikrim : SAKKIZINCHI MO‘'JIZA

18 Mart 2026, 8:47 61

Bir paytlar “Qudratli SSSR tarqaldi. Endi o‘zbeklar oltinni qanday kavlab olar ekan?” degan mazxaraomuz so‘zlar bot-bot quloqqa chalinardi. Ko‘ngil ranjirdi, boshlar ham bo‘lardi, farzandlar kelajagi qayg‘usida qolardik...

Shukrki, Mustaqillik - yo‘qotishlarga boy, nechog‘lik og‘ir, sinovli bo‘lmasin, O‘zbekiston degan nomni jahon sahnida baralla yangrashiga musharraf etdi.

Dunyodagi bugungi talato‘plar, nobud bo‘layotgan, uvol ketayotgan go‘daklar nolasi, onalar farodi qanchalik yurak-bag‘rimni ezmasin, bir ona sifatida yurtimdagi tinchlik-xotirjamlikka shukrona aytaman. O‘sha mamlakatlardagi urushlar tezroq tugashi uchun duo qilaman.

Yodimda, salkam besh yil oldin, 2021-yilning 29-iyulida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishiga start bergan edi. O‘shanda fabrika qurilishiga ishonmagan, shubha qilganlar ham bo‘lgan...

Kuni kecha Olmaliqqa davlatimiz rahbari tashrif buyurdi. Tashrif davomida 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mustaqil O‘zbekiston salkam besh yilda ulkan fabrikaning birinchi navbatini qurib bitkazdi. Zero, sobiq ittifoqning “zarbdor qurilishi” nomi ostida butunittifoq quruvchilari tomonidan bunyod etilgan kombinatning Mis boyitish fabrikasi ham navbatma-navbat, ba’zi sexlari hatto qayta qurilib, 30 yildan ziyod vaqt ichida to‘la bitkazilganiga tarix guvohlik beradi.

Geologik qidiruvlar davomida “Yoshlik-I” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zahirasi borligi va yana 100 yilga yetadigan kafolatli xomashoga ega ekanligi aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yangi fabrika to‘liq ishga tushsa, kombinatda mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga 6 mingdan ziyod yoshlar ish joyiga ega bo‘ladi. Qolaversa, kombinatda yangi mis eritish zavodini barpo etish bo‘yicha sa’yi-harakatlar boshlab yuborilgan. Shu ikki korxona to‘la ishlay boshlasa, mis katodi ishlab chiqarishning yillik hajmi 300 ming tonnaga, oltin 33 tonnaga, kumush 203 tonnaga, molibden 1,7 ming tonnaga yetishi aytilayapti.

Hali oldinda xayrli ishlar ko‘p. Bu ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-Mis boyitish fabrikasini qurish bo‘yicha ishlar jadal davom etayotgani ta’kidlandi.

Xabarlarda, 3-MBF qurilishida ishlatilgan metall konstruksiyalar hajmiga teng materialdan 10 ta Eyfel minorasi, temir-beton sarfiga esa qariyb 2,5 ta Burj Halifa minorasini barpo etish mumkin, deyildi. Demak, ochilgan yangi fabrikamiz asrimizning, Yangi O‘zbekistonimizning gigant megaloyihasi - haqiqatan ham dunyoning sakkizinchi mo‘jizasi ekan-da!

Meni shu narsa yana-da g‘ururlantirdi-ki, 3-Mis boyitish fabrikasi jahondagi yirik mis-molibden boyitish fabrikalari - Perudagi Cerro Verde (131 mln t/yil), Chilidagi Escondida (91–128 mln t/yil), Los Pelambres (64–69 mln t/yil), Collahuasi (62–77 mln t/yil) va Perudagi Toromocho (62 mln t/yil) kabi mana-man degan majmualar bilan bir safda ekanligidir.

Demak, ertamiz istiqboli ulug‘. Bir ona, bir buvijon sifatida farzandlarim, nevaralarim, evaralarim ertasidan ko‘nglim to‘q. Vatanimizdagi tinchlikka, onalar xotirjamligiga, otalar sokinligiga, yigit-qizlarning yorqin ertasi va jajji kichkintoylarimizning chiroyli tabassumiga ko‘z tegmasin!

Tashrif butun matbuot va OAV, ijtimoiy tarmoqlarda keng ko‘lamda yoritildi. Kecha teleekran orqali fabrika ochilishini tomosha qildim. Davlatimiz rahbarining kombinat mehnat ahlidan, quruvchilardan minnatdor nigohi e’tiborimni tortdi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi”, dedi. Ha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mana shunga erishdi.

Davlatimiz rahbari bu ulkan loyihani boshlashdan avval kombinatga ishongandi. Zotan Prezident ishonchi – bu xalq ishonchi. Darhaqiqat, kombinat rahbariyati va uning zabardast, hammaslak, fidoyi jamoasining uyqusiz tunlari, halovatsiz kunlari evaziga Prezidentimiz va xalq ishonchi oqlandi.

Bu Yangi O‘zbekiston kombinatining yangi koni, yangi fabrikasi va chin g‘alabasidir.

Bu g‘alaba xalqimizga, OKMKga muborak bo‘lsin!

Oysara TOSHPO‘LAT qizi,

mehnat faxriysi

Bo`lishmoq:
Text to speech