• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Metallurg” madaniyat saroyi 60 yoshda

13 Dekabr 2024, 9:41 366

Bundan 60 yil avval – 1964-yil noyabr oyida muhtasham “Metallurg“ madaniyat saroyi o‘z faoliyatini rasman boshlagan edi. Oradan yillar o‘tib, mazkur madaniyat dargohi olmaliqliklarning sevimli maskaniga aylanib ulgurdi.

2018-yili OKMK rahbariyatining tashabbusi bilan esa madaniyat saroyi binosi rekonstruksiya qilinib, mutlaqo yangicha, zamonaviy qiyofa kasb etdi.

Hozirgi kunda madaniyat saroyi binosida 25 ta badiiy havaskorlik jamoalari faoliyat yuritib kelmoqda. “Sitora” milliy badiiy raqs jamoasi katta guruhi, “Bahor” o‘zbek raqs jamoasi katta guruh, “Kaleydoskop” xalq raqslari ansambli katta guruh, “Edelveys” xalq raqs ansambli katta guruh, “Istiqlol” estrada vokal guruhi, “Raduga” xalq sirk jamoasi katta guruh, “Nihol” vokal jamoasi, “Prestij” vokal jamoasi,  “Dutorchi qizlar” ansambli, “Qurama” folklor etnografik jamoasi, “Teatr pesni” studiyasi, “Navo” maqom to‘garagi hamda “Zarb”doirachilar ansambli shular jumlasidan.

Bundan tashqari, bolalar uchun “Sitora” milliy badiiy raqs ansambli o‘rta guruhi, “Gulg‘uncha” bolalar raqs ansambli, “Kaleydoskop” xalq raqslari ansambli o‘rta guruh, “Syurpriz” bolalar raqs ansambli, “Edelveys” xalq raqs ansambli o‘rta  guruh,  “Topotushki” kichik guruh, “Tarona” namunali bolalar vokal guruhi,  “Kamalak” bolalar havaskorlik drama to‘garagi, “Shodlik” bolalar raqs ansambli faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Ushbu jamolarda qatnashuvchi bolalar soni 500 nafardan ziyodni tashkil etadi.

Madaniyat saroyida faoliyat yuritayotgan badiiy havaskorlik jamoalari madaniyat saroyida, shahrimizda, kombinat sex va bo‘limlarida o‘tkazilayotgan “8-mart”, “Navro‘z”, “Konchi metallurglar”, “Mustaqillik”, “Yangi yil” va  yana bir qator tadbirlarda faol ishtirok etib kelishadi. Bundan tashqari, ular shahrimizda, Toshkent viloyati va Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan tadbir va ko‘rik-tanlovlarda ham muntazam qatnashishadi.

“Edelveys” va “Kaleydoskop” xalq raqslari ansambllari ko‘plab nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘lganini aloihda ta'kidlash joiz.

Yana bir e'tiborli jihati, madaniyat saroyi Olmaliq shahar, Toshkent viloyati va Respublika miqyosidagi turli xil tadbirlarga ham mezbonlik qiladi. Madaniyat saroyida Respublika teatr jamoalarining spektakllari, kinopremьeralar, taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, seminar treninglar, tanlovlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi.

Madaniyat saroyi direktori Zahriddin Maxmutaliyevning ta'kidlashicha, tashkil etilayotgan tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazilishida albatta madaniyat saroyida faoliyat yuritib kelayotgan 83 nafar ishchi-xodimning mashaqqatli mehnati yotibdi. Ularning 38 nafari kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashiga qarashli bo‘lgan xodimlar, 46 nafari esa Ijtimoiy obyektlar boshqarmasining xodimlari sanaladi. Ular chiroqchi, montajchi, sahna mashinisti, farrosh, to‘garak rahbari, rejissyor, baletmeyster kabi kasb egalaridir.

Bevosita raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak 2024-yil 1-yanvardan 1-noyabrga qadar madaniyat saroyi katta sahnasida 135 ta ommaviy va madaniyat tadbirlar o‘tkazilgan. Madaniyat saroyi xodimlari tomonidan esa 418dan oshiq turli xil tadbirlar tashkil etilgan.

Yaqinda Toshkent viloyati filarmoniyasi jamoasi o‘zining hisobot konsertini ham ushbu madaniyat saroyida o‘tkazganini alohida ta'kidlash joiz.

Madaniyat saroyida tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, zarur texnik jihozlar bilan ta'minlangan.

Madaniyat saroyi binosida shuningdek, “Suyurlitepa yodgorligi” ko‘rgazmasi OKMK muzeyi joy olgan. Bundan tashqari, madaniyat saroyi binosida OKMK Axborot xizmati ham o‘z faoliyatini olib boradi.

Fursatdan foydalanib, “Metallurg” madaniyat saroyi mehnat jamoasini 60 yillik yubiley bilan samimiy muborakbod etib qolamiz. Ushbu sevimli maskanimiz barcha quvonchli kunlarimizga mezbon bo‘lib, Respublika va jahon miqyosidagi tadbirlarni o‘tkazish uchun xizmat qilsin.

Bo`lishmoq:
Text to speech