Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Bugungi ishlab chiqarishni nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish xizmatlarisiz tasavvur qilish qiyin. Texnologik jarayonlarning qat'iy asoslarda borishi mexanik uskunalarning ish va yog‘lanish me'yorlari, shuningdek barcha uskunalar va qurilmalarning boshqaruvi aynan nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatlarining ishiga uzviy bog‘liq.
“Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodining Nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatlari sexi korxona negizida mustaqil ish uchastkasi sifatida faoliyatini 1963-yilda, ya'ni korxona ishga tushirilgan pallalardayoq boshlagan.
Sex jamoasi tomonidan birlamchi va ikkilamchi issiqlik, texnik, kimyoviy nazorat uskunalari va ularning elektr tizimlari, texnologik jarayonlarni boshqarish va avtomatik muvofiqlashtirish tarmoq va tizilmalariga, uskunalar texnologik himoya moslamalari, asosiy va yordamchi uskuna-jihozlar texnologik signal tizimlari, issiqlik texnika uskunalariga, ochish-yopish asboblarini distansion tarzda boshqarish va muvofiqlashtirish moslamalari, texnologik uskunalarning uzluksiz ishlovchi avtomatik moslamalari va barcha turdagi tarozilarga xizmat ko‘rsatib kelinadi.
Mis eritish zavodi sexlaridagi texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va nazorat qilish, sexlardagi avtomatlashtirilgan NO‘A va A sexining aniq va ishonchli ishlashini ta'minlash, korxona ishlab chiqarish tizimida qo‘llanilayotgan o‘lchov moslamalarini o‘z muddatlarida muvofiqlashtirib borish va attestasiyasini o‘tkazish kabi vazifalar sexning teng tarkibli uchastkalari tomonidan sidqidildan bajarib kelinayapti. Metallurgiya sexi konverter-anod va tarozilar xo‘jaligi hamda eritish bo‘limlarining o‘ziga sexning ikkita uchastkasi xizmat ko‘rsatib keladi. Bundan tashqari, Sulfat kislotasi, Havo taqsimlash, Oltin va kumushni affinajlash sexlariga xizmat ko‘rsatuvchi uchastkalar ana shu sexlar faoliyatining ajralmas bir qismiga aylangan.
2020-yillarda NO‘A va A sexi xodimlari kovid-19 karantiniga qaramay, sulfat kislotasi omborini avtomatlashtirish, ya'ni eski turdagi o‘lchov asbob-uskunalarini yangi turdagi o‘lchov asbob-uskunalariga almashtirgan holda texnologik jarayonni kontrollerlar orqali boshqarish va nazorat qilishni yo‘lga qo‘yishdi.
2021-yilda ushbu sex va Axborot-hisoblash sexi bilan birgalikda texnologik jarayonlarni boshqarish tizimlarini avtomatlashtirish xizmati tashkil etildi. TJBTA xizmati tashkil topishida Baxriddin Tulyaganov va Jasur Azimovlarning o‘rni alohida bo‘ldi. Mazkur xizmat tashkil topgan kundan boshlab bugunga qadar o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsad va rejalarga erishib kelmoqda. Jamoa ish faoliyatini boshlashi bilan zavod hududida bir qator o‘zgartirishlar va yangiliklar kiritildi. Metallurgiya sexi Yanchish va shixta tayyorlash uchastkasi texnologiya jarayonining monitoring tizimi yangilandi, zavod ichki va tashqi xujjatlar almashinuvi 80%ga raqamli ko‘rinishga o‘tkazildi. Bunda bir qator ilg‘or zamonaviy elektron tizimlardan foydalanishga erishildi.
Ayni kunlarda Umid Azizov rahbarligidagi NO‘AvaA sexi tomonidan korxona hududida 50 dan ortiq komp'yuter qurilmalari ish joylariga o‘rnatilib, zavod t armog‘i tizimiga ulandi va taxminan 20% yangi turdagi zamonaviy komp'yuter texnikalariga almashtirildi. Mis eritish zavodining dispetcherlashgan, ya'ni SCADA tizimi ishga tushirilgani ham sexda olib borilayotgan izlanishlardan dalolat beradi. Kompyuter texnikasini boshqarishda qulaylik yaratish maksadida “Yorliq” dasturi ishlab chiqilib foydalanishga topshirilgani ham e'tiborga molikdir.
Bundan tashqari, Mis eritish zavodida energetika manbalari hisobotini yuritish maqsadida elektr energiyasi hisobini avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilib borish tizimi hamda aloqa tarmoqlari va tarmoq tizimlari modernizasiya qilinib foydalanishga topshirilishi jamoa mehnat yutuqlarida o‘z aksini topmoqda. Ayni kunlarda MEZ hududlari va sexlarida videonazorat tizimi dasturini ishga tushirish loyihalari yunalishida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Hasan ABDULLAYEV