• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mexanizatsiya ta'minotining yangi marralari

16 Dekabr 2022, 13:40 860

“Olmaliq KMK” AJ bo‘linmalarida texnologik uskunalar, texnologik quvur o‘tkazgichlarida kapital va joriy ta'mirlarni o‘tkazish, gaz tozalash va ventilyatsiya qurilmalarini tayyorlash va montaj qilish, issiqlik energetika qurilmalarini ta'mirlash ishlari ayni damda yangi bosqichga chiqqan. Ana shu vazifalarni amalga oshiruvchi Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasi bundan o‘n yil oldin mustaqil ta'mir-montaj tashkiloti sifatida qayta tashkil etilganida uning tasarrufida bir nechta uchastkalar faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugunga kelib boshqarma to‘qqizta salohiyati yuqori bo‘lgan uchastkalarga tayangan holda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

OKMK sexlarida amalga oshirib borilayotgan kapital va joriy ta'mir ishlari muddatlarini qisqartirish va sifat ko‘rsatkichlarini oshirish borasida boshqarma jamoasi tomonidan e'tiborga molik vazifalar bajarib kelinmoqda. Bunda boshqarmaning kichik mexanizatsiya bo‘limining o‘rni alohida bo‘lmoqda.

Erali Imanov rahbarlik qilib kelayotgan kichik mexanizatsiya bo‘limi avtotransport vositalarini ekspluatatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish va ularni ta'mirlashga zarur bo‘ladigan materiallar va ehtiyot qismlar, ta'mir va yonilg‘i-moylash materiallari, asbob va aslahalar uchun buyurtmalarni amalga oshirib keladi. Bu yerda harakatlanuvchi tarkiblar saqlanishi va avtomobillar, mexanizmlarni yo‘nalishlarga chiqishi uchun soz holatda o‘z vaqtida tayyorlanib borish ishlari ham yangi asoslarda tashkil etilgan. Bu borada bo‘lim boshlig‘ining avtomobil' transporti va mexanizasiya vositalari xo‘jaligini boshqarish, ishlab chiqarishni tashkil etish va uning iqtisodiy asoslari borasida bilim va tajribaga ega ekanligi muhim ahamiyat kasb etdi.

Bugungi kunda bo‘limda 24 ta turli rusum va ixtisoslashuvdagi vositalar mavjud bo‘lib, ISUZU avtobusi, “Damas”, “Toyota” kabi yo‘lovchilar tashuvchi transport vositalari ta'mirchilar xizmatida. Joriy yilda bo‘lim transport parki yangi traktorlar, ularning tirkamalari, minorali kranlar va bortli avtomobillar hisobiga boyidi. Yaqin vaqt ichida avtominora va maxsus avtokranlar olinishi ko‘zda tutilgan. Bo‘lim mexanigi Sherqo‘zi Abdurazzoqov va elektromexanik Nizomiddin Ikromovlar tomonidan texnikalarning oylik va joriy yo‘nalishlarga chiqarilishi jadvaliga rioya qilinishi ta'minlab borilmoqda. Jamoa tomonidan avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, texnik ko‘riklarni o‘z vaqtida o‘tkazib borish, yo‘nalishlarda zarur safarbarlik- texnik xizmatlar ko‘rsatish qat'iy asoslarda olib borilishi evaziga boshqarma uchastkalari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga munosib hissa qo‘shib kelinayapti.

- Ma'lumki, ayni kunlarda OKMKda mega investitsion loyihalar amalga oshirilishi bilan bir qatorda korxonalar va sexlarni modernizasiya qilish ishlari keng miqyosda olib borilmoqda. Jamoamiz esa ish uchastkalarini transport va mexanizasiya vositalari bilan uzluksiz va barqaror ravishda ta'minlashga alohida ahamiyat qaratgan, - deydi bo‘lim boshlig‘i Erali Imanov. - Gaz va ventilyasiya qurilmalarini ob'ektlarga uzluksiz yetkazib berish, ko‘chma payvandlash va kompressor uskunalari ishini bevosita ob'ektlarda yo‘lga qo‘yishda Murod Sayidazimov, Odil Mirzaqulov, Shuhrat Ergashev kabi ishchi-xodimlarimiz ibrat bo‘lib kelishmoqda. Avtobus haydovchisi Doniyor Hakimov boshqaruvidagi avtobus doimo texnik shay holatda. Bo‘limimizning 52 nafar muhandis-texnik va ishchi- xodimlari sa'y-harakatlari evaziga yil boshidan beri 1 318 722 so‘mlik transport xizmatlari amalga oshirildi.

Yilning o‘tgan 11 oy davomida Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasi uchastkalari tomonidan 99 162 862 mln. so‘mlik ishlar bajarilgan holda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 122,9%ga ortig‘i bilan ado etilgani boshqarma jamoasining joriy hisobot yili uchun o‘z zimmasiga yuklatilgan barcha texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bajarilishiga mustahkam asosni yaratdi. Kichik mexanizasiya bo‘limi mehnat jamoasi esa mavjud texnikalar va ishlab chiqarish-xo‘jalik tizimini kuz-qish mavsumiga mukammal holatda tayyorlagani vazifalar uddalanishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish, avtomobillar va mexanizmlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash sifatini oshirish, barcha turdagi manbalar iqtisod qilinishi yo‘nalishida keng qamrovli ishlarni olib borish, yangi ta'mir hamda texnik xizmat ko‘rsatish bo‘g‘inlarini tashkil etish va ularni zarur vositalar bilan jihozlash bo‘lim rahbariyatining o‘z oldiga qo‘ygan istiqbolli vazifalar hisoblanadi. Bo‘limda ishlarning omilkorlikda tashkil etib borilayotgani bu vazifalar samarali bajarilishidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech