Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi: birinchi kun natijalari

15 May 2026, 13:57 18

Avval xabar berganimizdek, Ohangaron shahridagi sanoat zonasida “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur ko‘rgazma Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda Elektron kooperatsiya portali hamkorligida tashkil etilgan.

Ko‘rgazmaning birinchi kunida 590 dan ortiq tadbirkorlar qatnashdi. Ko‘rgazmada ro‘yxatdan o‘tganlar soni 2 500 nafardan oshdi. Unda yirik sanoat korxonalari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar bilan bir qatorda ilmiy hamda oliy ta’lim muassasalari ham faol ishtirok etdi.

Mazkur ko‘rgazmaning odatdagi koʻrgazmalardan asosiy farqi shundaki, bu yerda nafaqat mahsulot namoyishi, balki real sanoat ehtiyojlari, mahalliylashtirish imkoniyatlari, kafolatli xarid va offtake asosidagi aniq hamkorlik mexanizmlari ham taqdim etildi.

Tadbirkorlar va korxonalarni yanada yaqin bog‘lash uchun ko‘rgazmada interaktiv yechimlar ham joriy qilindi: touch panel orqali ishtirokchilar korxonalar, ularning faoliyati va joylashuvi haqida tezkor ma’lumot oldi. B2G stendi, QR-kodlar va telegram bot orqali esa murojaat va takliflarni yuborish hamda ijrosini kuzatish imkoniyati yaratildi. Interaktiv ekranda erishilgan kelishuvlar real vaqt rejimida namoyish etib borildi.

Ko‘rgazma doirasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan qator memorandumlar imzolandi. Birinchi kun yakunlariga ko‘ra, 30 ta kelishuvga erishilib, umumiy qiymati qariyb 212,1 milliard so‘mlik bitimlar shakllantirildi.

Xususan, ko‘rgazmaning birinchi kunida OKMK hamda bir qator mahalliy korxonalar o‘rtasida memorandumlar imzolandi.

Jumladan, “Olmaliq quyuv-mexanika zavodi” MChJ bilan temir yo‘l uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha, “Carbon Polymer” MChJ bilan ftoroplast mahsulotlari ishlab chiqarish yuzasidan, “Apiteks” MChJ bilan filtr matolari ishlab chiqarish boyicha, “Gortexkomplekt” MChJ bilan burgʻulash texnikasiga ehtiyot qismlar ishlab chiqarish boʻyicha memorandumlar imzolandi.

Ko‘rgazma bugun ham o‘z ishini davom ettirmoqda.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech