"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining shonli 35 yilligi bayrami yurtimizda “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu shior ostida yuqori ko'tarinkilik bilan kutib olinmoqda.
Ushbu tarixiy sana Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining asosiy tarkibiy bo'linmalaridan biri bo'lgan, 1961-yilda tashkil topgan va joriy yilda o'zining qutlug' 65 yillik to'yini nishonlayotgan Mis boyitish fabrikasi jamoasi uchun ham katta mehnat zafarlari va ulkan sarhisoblar davri bo'ldi. So'nggi yillarda fabrikada ishlab chiqarish hajmini oshirish, xarajatlarni kamaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bosh mezonga aylanib, keng ko'lamli modernizatsiya va texnik qayta jihozlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Ayniqsa, 2018-yildan boshlab texnologik ko'rsatkichlarni hajm va sifat jihatidan takomillashtirish natijasida ma'danni qayta ishlash hajmi 36 million tonnadan 39,3 million tonnagacha, xom ashyodan mis ajratib olish darajasi esa 75 foizdan 85 foizgacha oshirilishiga erishildi. Buning samarasi o'laroq, fabrika mehnat jamoasi joriy yilning yarim yillik yakunlari bo'yicha asosiy ishlab chiqarish ko'rsatkichlarini muvaffaqiyatli bajardi.
Xususan, molibden oraliq mahsulotidan molibden yetkazib berish bo'yicha yarim yillik reja 354,6 tonnaga bajarildi. Fabrikaning eng asosiy va strategik ko'rsatkichi hisoblangan Mis eritish zavodiga mis yuklab jo'natish majburiyati ham fabrika mehnat jamoasi tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilib, reja 104,3 foizga bajarildi.
Bunday ijobiy natijalarga erishishda fabrikada 2025–2026 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilash bo'yicha belgilangan chora-tadbirlarning o'z vaqtida hayotga tadbiq etilgani muhim rol o'ynadi.
Jumladan, yanchish bo'linmasidagi mavjud 23 ta tegirmondan 13 tasi zamonaviy avtomatlashtirilgan nasos-gidrosiklon uskunalari bilan jihozlanib, 2026-yilning boshida 21- va 14-sonli tegirmonlarda texnologik yangilash ishlari to'liq yakunlandi.
Joriy yilda mis-molibden konsentratini seleksiya va quritish sexida 9 ta aspiratsiya tizimi, 25 ta sovutish qurilmasi va 48 ta deflektor o'rnatildi. Bu yangilanishlar ishchilar uchun sog'lom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratish bilan bir qatorda, soatiga o'rtacha 75 kVt elektr energiyasini tejash, ya'ni yiliga 650 million so'mdan ortiq mablag'ni iqtisod qilish imkonini berdi.
Texnologik jarayonlarni raqamlashtirish, energiya samaradorligiga erishish va mutaxassislar hamda muhandislarning ijodiy salohiyatini qo'llab-quvvatlash ham fabrika faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. Korxonaning ratsionalizatorlik yutuqlari ham tahsinga loyiq. Ayniqsa, texnologik suvni tejash to'g'risidagi taklifning amaliyotga tatbiq etilishi yillik 1 819 600 metr kub suvni va 1,355 milliard so'mni tejashga xizmat qilgan bo'lsa, sharli tegirmon patrubkasini o'zgartirish bo'yicha berilgan taklif yiliga 8-10 milliard so'mgacha sezilarli iqtisodiy samaradorlik keltirdi. Umumiy hisobda energiya samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish uchun fabrika ishchilari tomonidan 12 ta yangi ratsionalizatorlik taklifi kiritildi. Butun texnologik jarayonni raqamlashtirish hisobiga esa uni to'liq vizuallashtirish tizimi yaratildi va zarur parametrlar dispetcherlik xonasi monitorlarida aks ettirilmoqda.
Yo'l xaritasiga muvofiq, kelgusida fabrikada yana 29 dona markazdan qochma konsentratorlarni o'rnatish orqali gravitatsion boyitish texnologiyasini to'liq joriy etish rejalashtirilgan.
Korxonamizning eng katta boyligi — bu uning fidoiy va yuksak salohiyatli ishchi-xodimlaridir. Mustaqillik yillarida (1991-yildan hozirgi kungacha) fabrikamizning 14 nafar xodimi davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan. Ular qatorida “Mehnat shuhrati” ordeni sohiblari Natalya Luzgina, Ne'mat Toshpo'latov, “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan Djebar Seitov, Oleg Staroverov va Abduhalil Mamadaliyev, shuningdek, 8 nafar “Shuhrat” medali sohiblari bo'lgan Gennadiy Gaponov, Qurbonali Maxsimov, Xurinisa Saydirahimova, O'razali Yuldashev, Bahodir Hoshimov va Zohid Qosimovlar borki, ularning shonli mehnat yo'li yoshlarimizga ibrat maktabidir. Fabrikamiz nafaqat ishlab chiqarishda, balki sport va intellektual maydonlarda ham yetakchidir. Taekvon-do bo'yicha O'zbekiston va Osiyo chempioni Akrom Mamayusupov, shashka bo'yicha Respublika chempioni Sardor Safarov, belbog'li kurash bo'yicha sovrindor Olimjon Ortiqov, stol tennisi bo'yicha Respublika chempioni Dildora Erkinova hamda “Zukko kitobxon” tanlovining Respublika bosqichida 2-o'rinni qo'lga kiritgan, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi Ozoda Yunusovalar bizning faxrimizdir.
Mis boyitish fabrikasi jamoasi mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshishiga o'z hissasini qo'shayotganidan haqli ravishda faxrlanadi.
Butun korxona mehnat jamoasi nomidan barcha yurtdoshlarimizni Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami bilan chin qalbdan muborakbod etaman va barchaga sihat-salomatlik, oilaviy to'kinlik hamda yangi mehnat zafarlari tilab qolaman!
Ravshan Sidiqov,
Mis boyitish fabrikasi direktori