• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“MISiS”ning sobiq bitiruvchilari va OKMK rahbariyati uchrashuvi

15 Iyul 2022, 14:39 1695

Kuni kecha Rossiyaning MTTU “MISiS”ning Olmaliq filialida kombinat rahbariyati bilan kombinat bo‘limlarida ishlayotgan mazkur ta'lim muassasasining sobiq bitiruvchilari o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi.

Hech kimga sir emaski, yuqori malakali istiqbolli mutaxassis har qanday korxonani rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Mehnat bozorida malakali mutaxassislarga talab katta. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati esa o‘z safiga yuksak bilimli, ijodiy fikrlaydigan mutaxassislarni jalb etishdan manfaatdor.

Kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida OKMK mamlakatimiz va xorijdagi oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Hozirda ilgari nufuzli Moskva universitetida ta'lim olgan MTTU “MISiS” ning 149 nafar bitiruvchisi kombinatning turli bo‘limlarida faoliyat olib bormoqda.

7 iyul kuni MTTU “MISiS”ning Olmaliq filialida ushbu ta'lim muassasasi sobiq bitiruvchilari “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Sa'di Shermatov, “Olmaliq KMK” AJ Bosh muhandisining texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari – texnik bo‘lim boshlig‘i Abduqaxxor Saynazarov, Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish texnologik markazi direktori Amir Abidovlar bilan suhbatlashdi. Tadbirda Yoshlar ittifoqi va kombinatning O‘quv markazi vakillari ham ishtirok etdilar.

Mutasaddilar universitet bitiruvchilarining tajribalarini ortirib borishi, ularning korxona rivojiga, investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qo‘shayotgan munosib hissasi, ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash va innovatsion takliflarini ishlab chiqarishga joriy etish, boshqa korxonalarda malaka oshirish va amaliyot o‘tash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Ta'kidlandiki, bugungi kunda kombinatga mamlakat rahbariyati tomonidan mehnat jamoasiga qo‘yilgan vazifalarni hal qilishga qodir bo‘lgan malakali, tashabbuskor mutaxassislar kerak. Universitet bitiruvchilarining bilim va g‘oyalari mis ishlab chiqarish hajmini oshirishda, mis sanoati klasterini rivojlantirishda katta foyda keltirishi mumkin.

Suhbat davomida OKMKning yosh xodimlari, MTTU “MISiS”ning sobiq talabalari bir qator qiziqarli takliflarni ilgari surdilar. Shu jumladan, Moskva po‘lat va qotishmalar instituti bitiruvchilari klubini yaratish taklifi berildi.  OKMK rahbariyati tomonidan ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlandi va klub faoliyatini yo‘lga qo‘yilishida tashkiliy masalalar kombinat Yoshlar ittifoqiga topshirildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech