• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

MTMZ - mahalliylashtirish ijrochisi

23 Iyun 2023, 13:22 980

Ikki ming nafardan ziyod mehnatkashlarga ega Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi shaksiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mahalliylashtirish Dasturining bosh ijrochisi hisoblanadi. Korxonada mahalliylashtirish Dasturi doirasida 2018-2023 yillar mobaynida jami 86 ta yangi mahsulot turlari o‘zlashtirildi.

Ma'lumki, kombinat ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi hisobiga tarkibiy bo‘linmalardagi texnologik uskunalarga zarur bo‘ladigan ehtiyot qismlarga ham talab ortib bormoqda. Ana shu talab va ehtiyojni qondirish maqsadida Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi tarkibidagi Mexanika-yig‘uv sexi maydoni kengaytirildi. Xorijdan bosqichma-bosqich keltirilayotgan zamonaviy uskunalar yordamida bu yerda asosan katta hajmdagi ehtiyot qismlari ishlab chiqarilmoqda.

Zavodning bugungi kundagi faoliyati, ishlab chiqarish tarmoqlari, umuman kombinat miqyosidagi mahalliylashtirish Dasturining bosh ijrochisi sifatida amalga oshirayogan ishlari xususida MTMZ direktori Dilshod Sartibayev ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi:

- “Olmaliq KMK” AJning deyarli barcha bo‘linmalari buyurtmalarini tayyorlaydigan va tom ma'nodagi kombinatning muhim bo‘g‘iniga aylangan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida aynan mahalliylashtirish Dasturi doirasida o‘tgan yilning o‘zida 41 ta loyiha bo‘yicha 144,5 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilganini alohida e'tirof etish kerak. Joriy yilning 5 oyi davomida esa 82 mlrd. so‘mlik butlovchi qismlar ishlab chiqarildi. Bu foiz ko‘rsatkichida 123 foizni tashkil etadi.

- Keling, shu o‘rinda mahalliylashtirish Dasturi bo‘yicha ilg‘or va peshqadam bo‘lgan zavodning Quyish sexi haqida ham gapirib o‘tsangiz.

- Quyish sexi jamoasi har yili mahalliylashtirish Dasturiga kiritilgan yangidan-yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirib bormoqda. Bunga misol qilib Krestovina R65, EKG 15 ekskavatorlarining gusenitsa(po‘lat zanjir) zvenolari, EKG-10 ekskavator kovshosti qismlari, PPN-1C yuklash mashinalari va boshqalar uchun ehtiyot qismlarni aytish mumkin.

Quymachilik ishlab chiqarishi qizdirilib eritilgan holda qumli andozalarga quyib metallar quymasini olishni ta'minlovchi texnologik jarayonlarni o‘zida mujassam etadi. Shixtalarni tayyorlash va metallni quyish, andozalarni tayyorlash, quymalarni chiqarib olish, termik ishlov berish va olingan quymalarni tozalash quymachilik ishlab chiqarishining asosiy bosqichlarini tashkil etadi. Quyish sexi o‘zining tayyor mahsulotlari bilan “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi konlar, boyitish fabrikalari, zavodlarni hamda Temirchilik-payvandlash va Mexanika-yig‘uv sexlarini ta'minlab kelmoqda. Sex tomonidan ishlab chiqarilayotgan asosiy quymalar turlari: 110G13L, 20L-40L po‘lati, 35XML po‘lati, SCh15 - SCh22 markali kulrang cho‘yan, yemirilishga bardoshli 300X28N2 cho‘yan, rangli quymalar, Mis eritish va Rux zavodlari sulfat kislotasi ishlab chiqarishlari uchun “Gartbley” qo‘rg‘oshin-surmali qotishmalaridir.

Zavodimiz muvaf-faqiyatlari ortida shubhasiz o‘z ishiga sidqidildan yondashadigan, fidoyi mehnat jamoamizning o‘rni beqiyos. Bunda muhandis-konstruktor Shoxruhxon Isoqjonov, yetakchi muhandis-konstruktor Odil Rahmatullaev, dizaynerlik byurosi rahbari Andrey Yefremov, Asbobsozlik termik uchastkasi rahbari Shavkat Aytkulov, metall konstruksiyalarni yig‘ish chilangari Davronbek Irmatov, elektrgazpayvandlovchi Bahrom Ismoilov, asbobsozlik chilangari Ozodbek Qodirovlarning nomlarini alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman.

- Bilamizki, zavod nafaqat mahalliylashtirish borasida, balki ratsionalizatorlik takliflarini amaliyotga tatbiq etishda ham faol.

- Bugungi kunga kelib yil boshidan buyon zavod tomonidan 10 dan oshiq ratsionalizatorlik takliflari amaliyotga tatbiq qilindi. Bunga birgina misol - 110G13L po‘latining kimyoviy xossalarini o‘zgartirish ratsionalizatorlik taklifi bilan butlovchi qismlarni qattiqligini 20 foizga oshirishga erishdik. Bunda tejamkorlikka erishilganligini, ya'ni mazkur loyiha 33 milliard so‘mlik foyda olib kelganligini ta'kidlab o‘tish joiz.

- Ma'lumotlar uchun rahmat, salomat bo‘ling.

Suhbatdosh Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech