• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

MTMZ: marralardan istiqbollarga

09 Fevral 2024, 16:7 280

O‘tgan yili “Olmaliq KMK” AJ tomonidan 420 milliard so‘mdan ortiq mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lingan bo‘lsa, ushbu mahsulotlarning asosiy qismi Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi tomonidan tayyorlandi.

Ma'lumki, korxona qurilmalar, jihoz va uskunalar, avtotransportlar va maxsus texnikalarning ehtiyot qismlarini, po‘lat, cho‘yan va rangli quymalarni, payvandlangan metall konstruksiyalar va nostandart uskunalarni tayyorlash, detallarni mexanik ishlov bergan holda tiklash, elektr shlakli quyish quymalarini, ferromateriallarni quyish, tog‘-konchilik jihozlarini ishlab chiqarish, rezina-texnika mahsulotlarini gummirlash, kon-metallurgiya kombina- tining ekspluatasiyaviy ehtiyojlari uchun boshqa vazifalarni bajarib keladi. So‘nggi yillarda MTMZda mahalliylashtirish dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar o‘zining yangi bosqichiga chiqdi. Bu borada zavod ishlab chiqarish texnik bo‘limi boshlig‘i Rustam Parpiyev o‘z mulohazalarini bildirdi.

- Eng avvalo shuni mamnuniyat bilan ta'kidlab o‘tishim zarurki, kombinatning bosh ta'mir korxonasi zimmasiga o‘tgan hisobot yilida 332 628,3 mln so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish vazifasi yuklatilib, bu vazifa jamoamiz tomonidan sharaf bilan uddalandi. Zavodda mahalliylashtirish yo‘nalishida ishlarni olib borish bilan bir qatorda 30 dan oshiq nomdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgani e'tiborga molikdir. Shu o‘rinda men ishlab chiqarish tizimida tobora yuqori mavqega ega bo‘lib borayotgan Mexanika-yig‘uv sexining tog‘-konchilik shaxta uskunalarini ishlab chiqarish uchastkasi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tishim lozim bo‘ladi. Bundan roppa-rosa o‘n yil oldin ishga tushirilgan mazkur uchastkaning yillik quvvati 127 xil nomdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish etib belgilangan edi. So‘nggi yillarda uchastka eng zamonaviy tokarlik, vint kesish va chambarakli dastgohlar bilan jihozlandi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Germaniyada ishlab chiqarilgan Gleason P2000 va P8000 rusumli yirik o‘lchamli tish freza dastgohlari o‘rnatilishi hisobiga ruda va qumli tegirmonlarning chambarak(venes)lari hamda sanoat korxonalarining turli uskunalari uchun har xil modellardagi chambaraklarni ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishining mukammal o‘zlashtirib borilishida uchastka rahbari Feruz Tanjarov, ishlab chiqarish ustasi Anvar Qulmatov, tokarlar Ikrom Mamadaliev, Abdimo‘min Qurbonov, tokarlik dastgohi boshqaruv pul'ti operatori Umid Ergashevlar o‘zlarining munosib ulushlarini qo‘shib kelishmoqda.

Quyish sexining rangli quyish uchastkasida olib borilgan ishlar ham o‘z samarasini berdi. Rangli quymalar(bronza, latun, mis) quyishda mahalliylashtirish mahsulotlari ishlab chiqarilishida qo‘shilgan qiymat bahosi 1294,7 so‘mni tashkil etishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, amalda bu borada import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishidan 117,3 ming dollar miqdorida iqtisodiy samara olinishiga erishildi. Yillik rejaga kiritilgan 70 tonna mahalliylashtirilgan rangli quymalar o‘rniga 80 tonna mahsulotlar tayyorlandi.

OKMKning boyitish fabrikalarida keng qo‘llaniladigan tegirmon uskunalari uchun 11796,4 mln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish va buning hisobiga 1068,8 ming dollarlik iqtisodiy samara olish maqsad qilingan holda bu vazifa ham ortig‘i bilan uddalandi. Shuningdek, yanchish uskunalari uchun 9436,5 mln so‘mlik ehtiyot qismlar ishlab chiqarilib, mahalliylashtirish evaziga 855,0 ming AQSh dollari miqdorida iqtisodiy foyda olindi. Respublikamizda birinchilardan bo‘lib joriy etilgan elektr shlakli quyish yo‘nalishida ham kutilganidan yuqori natijalarga erishilmoqda. Elektr shlakli qayta quyish va markazga intilma elektr shlakli quyish texnologiyalarini qo‘llab, o‘tgan yilning o‘zida 6 551,5 mln so‘mlik 90 tonnadan ziyod mahsulotlar quyilishiga muvaffaq bo‘ldik. Bundan tashqari, zavodimizda kombinat korxonalari tomonidan amalda ekspluatasiya qilib kelinayotgan barcha turdagi texnologik uskuna va jihozlar uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni qayta tiklash hamda ishlab chiqarish bilan birga sex va bo‘linmalar ishlab chiqarish tizimlariga joriy etilayotgan yangi texnikalar uchun ham ehtiyot va butlovchi qismlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 18 xil nomdagi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi. Umuman olganda, MTMZ tomonidan 2023 yilda 90 dan ortiq nomdagi 172 367,5 mln so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilib, yillik reja 143,5%ga ortig‘i bilan bajarildi.

“Olmaliq KMK” AJ tomonidan o‘tgan yili butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari evaziga 30 137,6 ming AQSh dollari miqdorida valyuta mablag‘lari iqtisodiga erishildi. Bu ko‘rsatkich Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodida mazkur yo‘nalishda ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgani va bu borada korxona mutaxassislari tomonidan istiqbolli loyihalar ustida ishlar maqsadli olib borilayotganidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech