• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Muhim obyektlar qad rostlamoqda

21 Iyul 2023, 14:5 687

Shahrimiz va unga yaqin bo‘lgan hududlarda qad rostlayotgan, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy taraqqiyotimizga xizmat qiladigan inshootlar shaksiz, ko‘zimizni quvontiradi.

Albatta, ushbu inshootlar hamda “Olmaliq KMK” AJ korxonlarini kengaytirish, qayta jihozlash, tibbiy, maktabgacha ta'lim muassasalari, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari va boshqa madaniy-maishiy mo‘ljallanishdagi obyektlarni qurish va ta'mirlash ishlarida “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti bunyodkorlarining o‘rni beqiyosdir.

Qolaversa, binolar va inshootlar bilan bog‘liq montaj, temir-beton, metalli, yog‘ochli va boshqa qurilmalarni ishlab chiqarish, obyektlarni zarur qurilish materiallari bilan uzluksiz ta'minlashda ham kombinat quruvchi-bunyodkorlari jonbozlik ko‘rsatishmoqda.

Ma'lumki, “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investisiyaviy dasturi doirasida amalga oshirib borilayotgan ishlar shu kunlarga kelib qizg‘in pallaga kirgan. Kon direksiyasining vaqtinchalik ma'muriy binosini tiklash ishlari esa yakuniy bosqichda. Kombinat yangi konida faoliyat yuritayotgan tog‘-kon va yordamchi transport vositalariga birinchi va ikkinchi texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha uchastkani qurish ishlariga trest quruvchi-bunyodkorlari zo‘r g‘ayrat bilan kirishishgan. Shuningdek, ular tomonidan mazkur kon yaqinidagi Nakpaysoy yer usti tashlanmalari temiryo‘llari hamda amalda faoliyat yuritayotgan Otvalnaya stansiyasini qayta qurish ishlari ham qizg‘in davom ettirilmoqda. Bundan tashqari, qo‘shma karyer Qalmoqqir uchastkasi temiryo‘llarini qayta tiklash loyihasining qo‘shimcha yuk tashish hajmini oshirish maqsadida Nakpaysoy yer usti tashlanmalari omborlaridan Qalmoqqir kar'eri yo‘llari va uch tomonlama tashlanmalar omborini tiklash ishlariga ham kirishildi.

Shu jumladan, investitsiyaviy dastur doirasida Portlatish materiallari zavodi tashqi elektr ta'minoti tarmoqlarini qurish ishlari ham yuqori sur'atlarda olib borilmoqda. Yangi Portlatish materiallari zavodi uchun zarur bino va inshootlarni tiklash vazifalari ham davom ettirilayapti. Angren kon boshqarmasi Samarchuq konining shaxta suvlaridan texnologiyalar uchun qayta foydalanish maqsadida yangi inshootlar qurilishi tobora o‘zining avj pallasiga kirib bormoqda.

“Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiya qilish, sanoat tarmoqlarini texnik va texnologik qayta jihozlash jarayonini jadallashtirish to‘g‘risida”gi Prezidentimiz qarori asosida Mis eritish zavodi 3-SKSda 3 seksiyali, Havo taqsimlash sexida 2 seksiyali gradirniyalarni bunyod etish ishlari tugatilish arafasida. Ushbu hujjatda belgilangan vazifalar doirasida MBFda 13- va 14-sonli tez harakatlanishli quyuqlashtirgichlarni qurish ishlari yakunlanib, xademay mazkur yangi uskunalar boyituvchilarga foydalanishga topshiriladi. Chirchiq shahridagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida vol'framning alohida toza tuzlarini olish loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar ham so‘nggi bosqichda turibdi. 2-TYS Svinsovaya stansiyasida zveno-yig‘uv uchastkasi va vagonlarni ta'mirlash punktini qurish loyihasiga kiruvchi ob'ektdagi vazifalar ham bunyodkorlarning sa'y- harakatlari ostida yaqin kunlar ichida yakuniga yetkaziladi.

OKMK investitsiyaviy loyihalari va mamlakatimiz rahbarining qarorlari asosida qad rostlayotgan ob'ektlarni zarur qurilish materiallari bilan ta'minlashda trestning Temir-beton konstruksiyalari va mahsulotlari ishlab chiqarish boshqarmasi jamoasi mehnatini alohida ta'kidlab o‘tish zarur. Boshqarmaning Temir-beton konstruksiyalari ishlab chiqarish uchastkasi tomonidan kuniga 350 m3 miqdorida qurilish konstruksiyalari quyilishiga erishib kelinmoqda. Shu bilan bir qatorda mazkur uchastka tomonidan qurilish ob'ektlariga 3000 m3ga yaqin beton qorishmalari yetkazib berilishi ham ta'minlab kelinayapti. Sayidrasul Mahmudov, Rustamjon Suyunov, Ulug‘bek Toshpo‘latov kabi qoliplovchilar, Sur’at Muhurov va Mirqobil Jumanazarov singari elektrgazpayvandlovchilar hamda armaturachi Akmal Akbarovlar mahsulotlarning sifatli ishlab chiqarilishi va obyektlarga o‘z vaqtida yuklab jo‘natilishiga munosib hissa qo‘shishmoqda. Qad rostlayotgan yangi obyektlarni zarur zamonaviy plastik eshiklar va romlar bilan ta'minlash ham “Olmaliqmetallurgqurilish” trestida namunali yo‘lga qo‘yilgan. Nurmat Hatamov rahbarlik qilib kelayotgan plastik romlar ishlab chiqarish uchastkasi tomonidan oyiga 850 m2ga yaqin eshik-derazalar romlari ishlab chiqarilishiga muvaffaq bo‘linayapti. Mazkur uchastkaning ham O‘tkir Normatov, Dilmurod Tojiboyev, Botir Baxtiyorov, Ulug‘bek Norinov kabi ilg‘orlari bor.

“Olmaliqmetallurgqurilish” tresti bunyodkorlari ayni damda shahar tug‘ruq kompleksini kapital ta'mirlash ishlariga hissa qo‘shgan holda shahrimiz ijtimoiy infratuzilmasi rivojiga ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Mazkur ob'ektlardagi ishlar yaqin kunlarda foydalanishga topshirilib, shahrimiz aholisiga namunali tibbiy xizmat ko‘rs atish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bunyodkor-quruvchilar bugun qurilish maydonlarida haqiqiy qahramonlarga aylanishgan.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech