• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Muhim va ahamiyatli ta'mirlar

03 Mart 2023, 13:4 873

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining eng yirik korxonasi hisoblangan Mis eritish zavodida so‘nggi besh yilda mis ishlab chiqarish qariyb 1,5 barobarga o‘sib, 152 ming tonnaga yetkazildi. OKMKning istiqbolli investitsion dasturlariga muvofiq, yaqin yillar ichida mis ishlab chiqarish 400 ming tonnaga yetkazilishi maqsad qilingan.

Bu maqsadlar yo‘lida yangi metallurgiya kompleksini bunyod etish bilan birga mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini qayta jihozlash, texnik va texnologik jihatdan yangilash ishlari ham jadal olib borilmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Mis eritish zavodida turbo-havo uzatish stansiyasi qayta ta'mirlandi va 6 ta yangi kompressor o‘rnatildi, shixtalash bo‘limi, 5-sonli kislorod bloki, 3- va 4-sonli Sulfat kislotasi sexlari, 3 ta eritish pechlari to‘liq qayta ta'mirlandi.

Metallurgiya sexining konverter-anod bo‘limi mis eritish jarayonining ikkinchi bosqichi bo‘lishi bilan birga, u navbatdagi ish uchastkalari sifat ko‘rsatkichlarini belgilab beruvchi muhim bo‘g‘in hamdir. Misli shteynlarni konverterlash olib boriladigan konverter pechlaridagi jarayonlar oltingugurt va temirni shixta tarkibidan ajratib olish asosiga qurilgan. Kislorod-mash'ala eritish pechi va Yallig‘ qaytarish pechidan olingan, asosan temir va mis sulfididan tashkil topgan shteyn konverterlash jarayonidan so‘ng xomaki misga aylanadi. Konverterda konverterlashdan to‘plangan xomaki mis navbatdagi bosqichiga yuboriladi. Ana shu bosqichdan so‘ng tozalangan, ya'ni raffinajlangan mis olinadi. Konverter-eritish agregatlaridan olingan shteyndan ajralib chiqqan oltingugurt gazi sul'fat kislotasi ishlab chiqarish uchun Sulfat kislotasi sexiga jo‘natiladi.

Xomaki misni olovli tozalash natijasida konverter shlagi va sulfat kislotasi ishlab chiqarilishi uchun texnologik gazlar olinadigan anod bo‘limining 1-sonli anod quyish pechida o‘tkazilgan kapital ta'mir ishlari ham KAB faoliyatida muhim ahamiyat kasb etdi. Bo‘lim katta ustasi Sattor Sherimbetov, Sherzod Yo‘ldoshev, Doniyor To‘laganov, Bahrom Mamadaliyevlar ta'mir uchun ko‘zda tutilgan barcha tashkiliy-tayyorgarlik ishlarining mukammal bajarilishini ta'minlab borishdi. 1-sonli anod pechining ayni kundagi barqaror faoliyatida zavod barcha sexlaridagi texnologik uskuna va jihozlarda o‘tkaziladigan ahamiyatli va mas'uliyatli ta'mirlarni mukammal bajarib boruvchi Ixtisoslashgan ta'mir ishlari sexi jamoasining hissasi alohida bo‘ldi. Ta'mirlardan so‘ng xomaki misni olovli raffinajlash ko‘rsatkichlari keskin oshirilishiga erishildi.

Har biridan 98-99 foizli xomaki mis olish imkoniga ega 4 ta aylanuvchi konverter pechlarining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va texnologik sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida so‘nggi ikki yil davomida konverter pechlarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi. Joriy yilning yanvar oyida 2-konverter pechi rekonstruksiyasi amalga oshirilishi bilan mazkur yo‘nalishdagi ishlar o‘z yakuniga yetkazildi. Rekonstruksiya natijasida chang kameralari suv bilan sovutish tizimiga o‘tkazilib, yakunida agregatdan ajralib chiqayotgan gazlar issiqligi hisobiga qo‘shimcha ravishda bug‘ olinishi yo‘lga qo‘yildi. Ta'mir ishlari Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasining 3- va 6-sonli uchastkalari tomonidan olib borildi. Barcha konverter pechlarida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarida ko‘zlangan natijalar qo‘lga kiritilishida KAB katta ustasi Otajon Ermanov, muhandis-konstruktor Akmal Yuldoshev, katta konverterchilar Tolib Fayziyev, Sharofiddin Anorboyev, Ilhom Haydarov, Nodir Vaqqosov, konverter bo‘limi ustasi Odil Ochilovlar munosib hissalarini qo‘shishdi.

Rekonstruksiya davomida xomaki misni olovli raffinajlash pech svodi, bo‘g‘iz, shlak derazasining xizmat qilib berish muddatlari qisqarishini keltirib chiqaradigan sabablar chuqur o‘rganilib, ularning bartaraf etilishiga erishildi.

Yillik ishlab chiqarish quvvati 70 ming tonna xomaki misni tashkil qiladigan suyuq vannada eritish Van'yukov pechi sex faoliyatida keskin burilish yasagan metallurgiya pechi hisoblanadi. Shixta tayyorlash uchastkasi, dozatorlar, shixta bunkerlari, yuklash traktlari va qayta yuklab berish bo‘g‘inlari, shteynli mikser, shlakli mekserchang-gazlarni tutib qolish tizimlari va Van'yukov pechidan iborat bo‘lgan mazkur kompleksda ham kapital ta'mir ishlari olib borildi.

Ishlab chiqarish tizimi mukammal bo‘lishida mis erituvchilarning o‘ziga xos mavqei bor. Qo‘llanilayotgan barcha texnologik jarayonlar o‘ta mas'uliyatli va nozik jihatlarga ega. Bevosita Vanyukov pechida eritish jarayonlarini olib borayotgan katta usta Nuriddinbek Oblaberdiyev, katta erituvchi Shodibek Azizbekov, Ahyor A'zamov, Temur Toshpo‘latov, Sardor Usmonov, Davlat Shavkatov, Muzaffar Munavvarov kabi erituvchilar jarayonlarni qat'iy texnologik asoslarda olib borishga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Mis eritish zavodining 60 yilligi nishonlanadigan joriy yilni Metallurgiya sexi jamoasi ana shunday texnik va texnologik yangilanishlar bilan kutib olayapti.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech