"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Yasharish va yangilanish ayyomi bo‘lmish Navro‘zi olam yurtimizga fayzu baraka va shod-u xurramlik olib keldi. Bu yilgi bayram tadbiri Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoalarining milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan cheksiz ehtiromini ham yorqin namoyon etdi.
"Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya ostida o‘tkazilgan bu yilgi bayram tadbiri “O‘tmishga sayyohat” deb nomlandi. Unda kombinatning tarkibiy bo‘linmalari buyuk bobokalonlarimizning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan tomoshalar, barchamizning sevimli kinofilmlarimiz sanalgan – “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Temir xotin”, “Tohir va Zuhra”, “Shum bola”, “Mahallada duv-duv gap” kabi badiiy filmlarning qahramonlarini zo‘r mahorat bilan ijro etishdi.
Shuningdek, “Yoshlar bog‘i”da tashkil etilgan milliy xalq o‘yinlari, sport musobaqalari qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.
Osh tanlovida ham kombinat ishchi-xodimlari o‘z pazandaliklarini ko‘rsatishdi.
Ayniqsa, “Bolajon” bolalar bog‘ida Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Qadriyat sari ilk qadam” nomli bayram dasturi ham barchada katta taassurot qoldirdi.
“Metallurg” madaniyat saroyi ijodkorlari tomonida tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Bayram tadbirida so‘z olgan OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov barchani ayyom bilan qutlab, o‘zining samimiy tilaklarini bildirib o‘tdi.
Tadbir davomida kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan taqdim etilgan bayram dasturlari rag‘batlantirildi.
Jumladan, buyuk ajdodimiz, mohir sarkarda Jaloliddin Manguberdi siymosini gavdalantirgan 2-Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasi uchinchi o‘rinni egallashdi.
Buyuk shoh va shoir, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini zo‘r mahorat bilan aks ettirib berishgan Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasi ham uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Barcha sevib tomosha qiladigan “Shum bola” badiiy filmi qahramonlarini gavdalantirib berishgan Texnologik transport boshqarmasi mehnat jamoasi ham uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.
O‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy qalamiga mansub, “Mehrobdan chayon” romani qahramonlarini zo‘r mahorat bilan aks ettirib bergan Rux zavodi mehnat jamoasiga ikkinchi o‘rin nasib etdi.
Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Kichik Osiyo mintaqalarida yashovchi xalqlarning umumiy mutoyiba qahramoni Nasriddin Afandini gavdalantirgan 3-Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasi ham ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
“Olmaliqmetallurgqurilish” tresti mehnat jamoasi buyuk bobomiz, sohbirqiron Amir Temur siymosini gavdalantirar ekan, Sohibqironning ikki buyuk fazilati — beqiyos yaratuvchanlik va yuksak harbiy intizomni birlashtira oldi.
Ayniqsa, Sohibqiron salobatiga mos ravishda faxriy qorovulning saf tortishi tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Bu uyg‘unlik Amir Temurning "Qay yerda bir g‘isht olsam, o‘nta g‘isht qo‘ydirdim" degan bunyodkorlik o‘gitlarini hamda kuchli davlatchilik asosi bo‘lgan temir intizomni ifoda etdi. Trest jamoasi ham birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Shuningdek, sevimli kinokartinalarimiz “Suyunchi” va “Shum bola” filmlari qahramonlarini yuksak mahorat bilan jonlantirgan Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi hamda Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasi mehnat jamoalari ham birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.
Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Qadriyat sari ilk qadam” nomli bayram dasturi tanlovning Gran Prisiga loyiq, deb topildi. Mehnat jamoasi tomonidan dastur doirasida Defile do‘ppi tarixi modalar namoyishi, “Assalom Navro‘z” fotozonasi, “Varrak sayli, “Tabriklar daraxti”, “Sumalak sayli”, milliy bahoriy taomlar ko‘rgazmasi, didaktik o‘yinlar kabi ko‘ngilochar tadbirlar taqdim etildi.
Tanlov g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Eng yaxshi hunarmandlar, aktyorlik mahoratini namoyon etgan ishchi-xodimlariga ham esdalik sovg‘alari ulashildi.
Bundan tashqari, Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi, Mis eritish zavodi, Kovuldi kon boshqarmasi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi, Qalmoqqir kon boshqarmasi, Ohak zavodi, Issiqlik elektr markazi, Elektr tarmoqlari boshqarmasi, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Portlatish materiallari zavodi kabi mehnat jamoalari hamda osh tanlovi ishtirokchilari ham rag‘batlantirildi.
Bir so‘z bilan aytganda Navro‘z umumxalq bayrami kombinat mehnat jamoasi tomonidan yuqori kayfiyatda nishonlandi.
Axborot xizmati