• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Nazoratdan tadqiqotlar strategiyasigacha

28 Oktyabr 2022, 9:58 941

Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish texnologik markazi “Olmaliq KMK” AJda innovatsion salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qulay shart-sharoitlarni yaratishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiruvchi muhim bo‘g‘inga aylanib bormoqda.

Texnologik markazning Nodira Murodova rahbarlik qilib kelayotgan pirogidrometallurgiya laboratoriyasi esa bugun Rux zavodining kichik ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga aylangan. Korxonaning asosiy ishlab chiqarish sexlarida texnologik me'yorlarga rioya qilinishini nazorat qilish, keltirilayotgan xom ashyolar tarkibiga baho berish, ishlab chiqarish jarayonlaridagi og‘ishlar sabablarini aniqlab borish bilan bir qatorda ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar uchun zarur taklif va tavsiyalar berish laboratoriya jamoasining asosiy vazifalariga kiradi. Bu yerda kondinsion rux keklarini olish maqsadida kuyindilarni neytral tanlab eritish va neytral quyuqlashtirgichlarning quyi oqimlari yuvilishi jarayonlarini tadqiq qilish, texnologiyalarni muvofiqlashtirib borish, klinkerlar va velsokislar sifat ko‘rsatkichlarini oshirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish ham yo‘lga qo‘yilgan. Laboratoriya faoliyatiga doir yana bir muhim jihat bu - laboratoriya tadqiqotchilari tomonidan ilmiy asoslangan yo‘l xaritasining ishlab chiqilishidir. Rux zavodining texnologik eritmalaridan ekstraksiyalash uslubida indiy metallini olish va Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi qoshidagi O‘zbek- Koreys ilmiy-texnik markaziy laboratoriyasi vakuum-induksion pechida yuqori tozalikdagi ruxni olish ishlanmalari ayniqsa, e'tiborga molikdir.

- Laboratoriyamiz texnologiyalarga oid ma'lumotlarni yig‘ib borish va bazasini yaratish, sanoat tajriba sinovlarida ishtirok etishini ta'minlab beradigan tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beruvchi sharoitlarga ega, - deydi lobaratoriya 1-toifali muhandis-texnologi Manzura Abdiyeva.

- Tahlillar namunalarini suvsizlantirish, dastlabki tarkiblar tahlillarini aniqlash, kuydirish, toblash, eritish, quritish, namunalarni bo‘laklash va ularni maydalash asosida rux, qo‘rg‘oshin, kadmiy miqdorini aniqlash, elektrolit eritmalarini tayyorlash, tahlillarning mis, temir-rux bo‘yicha tarkibini baholash, ishqorlanishi, zichligi namligi va qayta tiklanish xususiyatlarini hamda neytrallanish darajalarini aniqlash va rux minerallari tarkibini tahlil qilish, ruxning fazoviy tahlillarini aniqlash kabi turli xil jarayonlarda laboratoriya sinovlari o‘tkazish va xulosalar natijalariga ko‘ra balans hisoblash vazifalari apparatchi- gidrometallurglarimiz tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Jamoamizning uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan a'zolari - Larisa Yeroshenko, Oksana Yeroshenko, Yulduz Ergasheva, Sevara Umarova, Farog‘at Mamatqulova kabi xodimlar o‘z ish uchastkalarida tahlillarni olish, ularni baholash va rasmiylashtirib borishda namuna ko‘rsatib kelishayapti. Yosh apparatchi-gidrometallurglar - Farhod Pozilov, Kumush Eshmurodova va Gulzoda Suyunovalar ham bo‘limda olib borilayotgan tadqiqotlar samarali kechishiga munosib hissa qo‘shishmoqda. Bu kasb egalaridan xizmat ko‘rsatilayotgan laboratoriya jihozlarining mukammal ravishda bilish, sexlarda olib borilayotgan jarayonlar va ularni boshqarishni, laboratoriya nazorati maqsadlari, jarayonlarda qo‘llanilayotgan ishqorlar, eritmalar, kislotalar, pul'palar va boshqa materiallarning asosiy xossalari, shu bilan birga texnologik uskunalarning yuklanishi va yuklardan bo‘shatilishi tartiblarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishlari talab qilinadi. Laboratoriyamiz jamoasining sexlardagi apparaturalar va texnologik sxemalar holatini izchil baholab borishlari tahlillardagi sifat ko‘rsatkichlari ko‘zlangan natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bundan tashqari, Rux zavodi asosiy sexlari mutaxassislari va texnologlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan izlanishlar korxonaning mavjud quvvatlarini oshirish, keltirilayotgan xom ashyolardan samarali foydalanishga xizmat qilmoqda.

Zamonaviy metallurgiyada metallarni olishda asosan oksidlardan qayta tiklash usulidan keng foydalaniladi. Yuqori haroratlar ta'sirida ma'danlarning molekulyar o‘zaro bog‘liq-ligini buzgan holda metallarni tarkiblab olish ham istiqbolli yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bu jarayonlarda katalizatorlar va kimyoviy qo‘shimchalar qo‘llanilmagan holda toza metallar olinishiga muvaffaq bo‘linadi. Bunda faqat olingan mahsulotlar obdon toblanishi talab etiladi xolos. Shu sababli ham pirometallurgiya jarayonlarini takomillashtirish borasida chuqur ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib borilishi davr talabi bo‘lib qolmoqda. Shunisi e'tiborga molikki, Innovasion texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish texnologik markazi tomonidan OKMK ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarining eng istiqbolli yo‘nalishlarida yarim sanoat sinovlari o‘tkazib borilmoqda. Rangli va nodir metallar ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni chuqur qayta ishlash, xom ashyolarni yanada yuqori samaradorlikda qayta ishlash va iste'mol bozorida talabgir bo‘lgan mahsulotlar assortimentini yangilab borish yo‘lida bugun amaliy qadamlar qo‘yilgan. Pirogidrometallurgiya bo‘limi esa ko‘p yillik tajribalar asosida yaratilgan tadqiqot metodlariga tayangan holda kombinatning ikkinchi metallurgiya korxonasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga munosib ulush qo‘shishda davom etmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech