Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Obod manzillarni obod ko‘ngillar yaratadi

11 Dekabr 2025, 16:12 179

Kuni kecha davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan uchrashib, samimiy muloqot qildi. Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barqaror iqtisodiyotimiz, farovon hayotimiz, xalqimiz dasturxonining to‘kin va fayzli bo‘lishida qishloq xo‘jaligining o‘rni, ishtiroki beqiyos.

Tabiiyki, jamiyatda iste’molchilik nuqtai nazaridan oziq-ovqat ta’minoti birinchi o‘rinda turadi. Aholini sog‘lom va xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash esa davlat siyosatining ustuvor maqsadlaridan biridir.

Mana shu o‘ta muhim jarayonda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining munosib ishtiroki borligi ahamiyatlidir.

Kombinatning iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasida bugungi kunda ming gektardan ortiq yer maydonidan g‘alla va dukkakli ekinzor, bog‘dorchilik hamda baliqchilik xo‘jaligi sifatida samarali foydalanib kelinadi. G‘alla rejasini ortig‘i bilan bajargan kombinat dehqonlari, yerdan ikkinchi hosil sifatida qovun-tarvuz va bodring yetishtirib, ishchilar dasturxoniga tuhfa qilishdi.

Shuningdek, kombinat Iste’mol mollari boshqarmasi qoramol fermasi ishchilar oshxonasi va shahrimiz aholisi dasturxoniga muntazam sut, qaymoq, qatiq, tvorog, sariyog‘, qadoqlangan sut mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Kombinat sut mahsulotlariga iste’molchilarning talab va ehtiyoji yuqori.

Albatta, qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashning o‘ziga xos zavqi va mas’uliyati bor. Rejaning ortig‘i bilan uddalanishi o‘z vaqtida qilingan agrotexnik tadbirlarga, sut mahsulotlarining sifatli va barakali bo‘lishi esa fermada qoramollarning qarovi va parvarishiga bog‘liq. Kombinat rahbariyatining ishchi-xodimlarning ijtimoiy manfaatlarini ta’minlash borasidagi qat’iyati tufayli bugun qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlar barqaror va hosillar barakali bo‘lmoqda.

Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasida ayni vaqtda turli yo‘nalishlarda tizimli ishlar davom etayapti. Birgina Tikuvchilik sexida erta-kech ish qizg‘in. Chevar opa-singillarimiz tomonidan tikilayotgan maxsus kiyim-boshlar kombinat ishchi-xodimlari ustini bezab turibdi.

Bundan tashqari, “Yashil makon” umummiliy loyihasining eng faol ishtirokchisi sifatida boshqarmaning shahar markaziy ko‘chalari va hududlardagi obodonlashtirish ishlaridagi hissasi juda katta. Yoz bo‘yi hududlarni gulzorga aylantirgan boshqarma gulchilari ayni vaqtda issiqxonalarda 10 minglab ko‘p yillik geran va atirgul ko‘chatlarini bahorgi mavsumga hozirlashmoqda hamda bir necha yuzlab qishki viola gul ko‘chatlari ham barq urib turibdi. Joriy yilda ilk bor issiqxonada yetishtirilayotgan qulupnaylar nishona hosil berish pallasida.

Kombinat korxonalariga qulaylik yaratish maqsadida, IMIChBda gulchilik hamda ishlab chiqarish zaruriyati uchun plyonka va quvur sexi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilda boshqarma fidoyi jamoasi alohida e’tibor qaratgan manzillardan biri bu – “Qirqqiz” ziyoratgohi bo‘lib, kombinat rahbariyati tashabbusi bilan Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi tomonidan mazkur ziyoratgohda keng ko‘lamda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Bugun bu manzilga borgan odamning ko‘zi quvnaydi, dili orom oladi.

Yana bir ajoyib xushxabar IMIChB Baliqchilik xo‘jaligi ishchi-xodimlarning Yangi yil dasturxoniga sazan balig‘ini tuhfa etishga tayyor.

Bir so‘z bilan aytganda, obod ko‘ngillari bilan obod manzillarni yaratayotgan kombinat qishloq xo‘jaligi jamoasida bugun mehnat zavqi, bayram shukuhi hukmron, ular ishonch va iftixor bilan ertangi kun uchun ulkan maqsad va rejalar tuzishmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech