Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining bunyodkorlari - “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti mehnat jamoasi qurilish ishlaridan ortib, shahrimiz yo‘llarining ravonligiga ham o‘zlarining munosib hissasalarini qo‘shib kelishmoqda.
Trest mazkur yo‘nalishda asfalt-beton qorishmalarini tayyorlovchi o‘z korxonasi, uni yetkazib beruvchi avtotransport vositalari va asfalt qoplamalarini demontaj qilish, ta'mirlash va yotqizish bo‘yicha maxsus texnik vositalari va malakali xodimlardan iborat bo‘lgan ishlab chiqarish uchastkasiga ega ekanligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni kunlarda trest asfaltsozlari tomonidan shahrimizning markaziy ko‘chalariga eltuvchi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan Mis kompleksi sanoat zonasigacha bo‘lgan 6 km uzunlikdagi katta trassaga asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu yo‘nalish og‘ir yuk mashinalari hamda shaxsiy va jamoat transport vositalari serqatnovligi hamda asfalt qoplamalariga jiddiy zarar yetkazishi bilan farqlanib turadi. Ish rejasiga asosan yo‘lsozlar tomonidan 60 ming kv.metrdan ziyod maydonga asfalt qoplamasi yotqizilishi ko‘zda tutilgan. Ishlarni sifatli bajarish maqsadida asfal'tbeton qoplamalarini qurish va ta'mirlash uchun zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan asfalt yotqizgichlardan foydalanilayapti. Shuningdek, 5 ta Isuzu yuk avtomobillari tomonidan asfalt qorishmalari uzluksiz yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, 2 ta katok, suv yetkazuvchi va avtogreyder texnikalari qoplamalar asosining yaxshi zichlanishi, turg‘unligi va ravonligini ta'minlashda yo‘lsozlarga yaqin ko‘makchi bo‘lib kelmoqda. Trestning Qurilish materiallari va konstruksiyalari ishlab chiqarish boshqarmasiga qarashli 4-maxsus ishlar uchastkasti boshlig‘i Akrom Mirahmedov rahbarligida yo‘llarni demontaj qilish, asfalt qorishmasini yotqizishga tayyorlash, qorishmalarni yotqazish ishlari jadallikda, serqatnov yo‘lda ishlar xavfsiz tashkil etilgan holda 2 smenada olib borilmoqda.
Hozirda shahrimizning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan “Ammofos-Maksam” korxonasigacha bo‘lgan hududdagi yo‘ldagi chuqurchalar yamalmoqda. Shundan so‘ng, birinchi qoplama asfalt(40 mm) va asosiy asfalt qoplamasi(30 mm) yotqiziladi.
Ma'lumot uchun: kombinat yo‘lsozlari tomonidan jami bo‘lib shahrimiz ko‘chalarining 50 680 m kvadrat hududi asfaltlanishi ko‘zda tutilgan.
Axborot xizmati