"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33OKMK Ma'naviyat va ma'rifat kengashi tashabbusi bilan kombinat ishchi-xodimlari hamda hamshaharlarimiz uchun doimiy ravishda taniqli adiblar, shoirlar va aktyorlar ishtirokida badiiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar va spektakl namoyishlari tashkil etib kelinmoqda.
Joriy yilning 20-may kuni o‘tkazilgan navbatdagi ijodiy uchrashuv va spektakl namoyishi ham kombinat ishchi-xodimlarida katta taassurot qoldirdi.
Тadbir avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori, professor Muhammadali Abduqunduzov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda Muhammadali Abduqunduzov kombinat rahbariyatining ijod ahli bilan doimiy hamkorligini alohida e'tirof etdi. San'atkor tomonidan ijro etilgan Bobur monologi shoir qalbini to‘ldirgan dard va armonlarni, yurt sog‘inchi hamda cheksiz muhabbatni yuksak badiiy mahorat bilan ifodalab berdi.
So‘ngra tomoshabinlar e'tiboriga ikki seansda Usmon Azim asari asosida sahnalashtirilgan “Ogoh bo‘ling, odamlar” spektakli taqdim etildi. Ushbu asar O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgan mashhur spektakllardan biri hisoblanadi. Тaniqli shoir va dramaturg Usmon Azim qalamiga mansub mazkur asar dolzarb ijtimoiy muammo — odam savdosiga qarshi kurash va insonlarni hushyorlikka chorlashga bag‘ishlangan.
Ushbu sahna asari Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tayyorlangan bo‘lib, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti drama va kino aktyorligi fakultetining 2-bosqich talabalari tomonidan yuksak mahorat bilan ijro etildi.
Spektaklda ogohlik, inson qadri, hayotning qadriga yetish va insoniylikni saqlab qolish kabi tuyg‘ular targ‘ib etiladi. Yoshlarni firibgarlar tuzog‘iga tushib qolishdan ogohlantirish, Vatan qadrini anglatish hamda odam savdosi kabi global muammolarning fojiali oqibatlarini ochib berish asarning bosh g‘oyasi hisoblanadi.
Mazkur sahna asari tomoshabinlarni har bir qadamda hushyor bo‘lishga hamda yot g‘oyalar va aldovlardan yiroq yurishga undaydi.
Axborot xizmati