"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Kuni kecha Rux zavodi ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida ishchi-xodimlar uchun ma’naviyat soati tashkil etildi. Korxona ishchi-xodimlarining huquqiy va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Olmaliq shahar “Hilol” jome masjidi imom-xatibi S. Maydinxonov hamda zavod rahbariyati va faollari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olgan Rux zavodi direktorining o‘rinbosari T. Abdulxayev bugungi globallashuv va yuqori texnologiyalar asrida milliy o‘zlikni hamda odob-axloq me’yorlarini saqlab qolish har qachongidan ham muhim ekanligini ta’kidladi. Bizning milliy tarbiyamiz beshikdan boshlanib, ajdodlarimiz ibrati asosiga qurilganini aytib o‘tdi. Ayniqsa, hozirgi kunda yoshlar hayotiga internet va ijtimoiy tarmoqlar shiddat bilan kirib kelgan bir davrda, haqiqiy axloq faqat odamlar ko‘zi o‘ngida emas, balki hech kim ko‘rmayotgan monitor ortida ham o‘zbekona hayo va andishani yo‘qotmaslikda namoyon bo‘lishini tushuntirdi.
Tadbirda so‘z olgan Olmaliq shahar “Hilol” jome masjidi imom-xatibi S. Maydinxonov insonni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi oliy ne’mat — hayo va or-nomus ekanligiga alohida urg‘u berdi. Betartib hayot tarzi, shar’iy nikohsiz yashash va zino illatlari nafaqat inson sog‘lig‘iga, balki jamiyatning asosi bo‘lgan muqaddas oilalar kelajagiga ulkan xavf tug‘dirishini hayotiy misollar bilan bayon qildi. Bunday noshar’iy aloqalar tinch oilalar buzilishiga, farzandlarning tirik yetim bo‘lib, mehrsiz voyaga yetishiga hamda tibbiy jihatdan davosiz OITS va boshqa yuqumli jinsiy kasalliklarning keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.
Imom-xatib telefon ekranlaridagi behayo videolar va ijtimoiy tarmoqlardagi tartibsiz tanishuvlar gunoh va oilaviy xiyonatlarning ilk bosqichi ekanligidan ogohlantirib, xodimlarni oila va Vatan oldidagi mas’uliyatni his qilib, halollik hamda shukronalik bilan yashashga chaqirdi.
A. Mengaliyev,
Rux zavodi yoshlar ittifoqi raisi v.v.b