Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-3328 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlardagi “KorpInfo” telegram kanalida “Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi A.Xursanov Jamiyat aksiyalarining katta ulushiga egalik qilishi to‘g‘risidagi ma'lumot e'lon qilingan.
“Olmaliq KMK” AJ ushbu ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini rasmiy ravishda ma'lum qiladi.
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 106-moddasi hamda “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunining 44-moddasiga asosan, “Olmaliq KMK”AJ korporativ veb-saytlarda hamda korporativ axborot yagona portalida (www.openinfo.uz) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aksiyadorlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z vaqtida oshkor qilib boradi.
Hozirgi kunda “Olmaliq” KMK AJ ustav kapitali 2 407 168,30 mln. so‘mni tashkil etadi, shundan 98,54% - O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli oddiy aksiyalar, 1,46% esa 22 453 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli imtiyozli aksiyalardir.
Xursanov Abdulla Xolmuradovich 2018 yil iyul oyidan “Olmaliq KMK” AJ Boshqaruvi raisi lavozimini egallagan. A.Xursanov hech qachon “Olmaliq KMK” AJ aksiyalariga egalik qilmagan va hozirda ham egalik qilmaydi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamizki, O‘zbekiston Respublikasining “Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 40-moddasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Jinoyat kodeksi”ning 139-moddasiga binoan shaxslarga nisbatan qasddan yolg‘on va boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
OKMK Axborot xizmati