Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ogohlik va qonun ustuvorligi dolzarb masala

21 Sentyabr 2026, 9:45 17

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiy bo‘linmalarida xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, mehnat intizomini mustahkamlash va turli salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli profilaktik tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi 3-Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasi uchun tashkil etildi. Sanoat xavfsizligini ta’minlash va bugungi kunda global muammoga aylangan kiberjinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu tadbirda soha mutaxassislari va huquq-tartibot organlari vakillari ishtirok etishdi. Jumladan, muloqotda Olmaliq shahar ixtisoslashtirilgan prokurori o‘rinbosari A.Nuriddinov, Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB katta tergovchisi A.Rasuliy, 3-MBF direktori E.Artikbayev hamda fabrika direktorining Qimmatbaho metallarni saqlash va fuqaro muhofazasi bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi D.To‘laganov qatnashib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan xodimlarga o‘z tavsiya va ko‘rsatmalarini berishdi.

Yig‘ilish avvalida so‘z olgan 3-MBF direktorining o‘rinbosari v.v.b. D.To‘laganov sodir etilayotgan turli jinoyatlar, qonuniylikni ta’minlash, xizmat intizomiga qat’iy rioya etish va har bir xodimning shaxsiy javobgarligi masalalari yuzasidan atroflicha va asosli tushuntirishlar berib o‘tdi. U o‘z nutqida, ayniqsa, huquqbuzarlik holatlariga munosabatda murosasiz bo‘lish, mehnat jarayonida qattiqqo‘llik va mas’uliyatli yondashish lozimligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng, so‘zga chiqqan Olmaliq shahar ixtisoslashtirilgan prokurori o‘rinbosari A.Nuriddinov qayd etilgan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi talablari, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilishning hayotiy muhimligi haqida keng tushuntirish berdi. Yig‘ilishda alohida ta’kidlanganidek, ishlab chiqarish korxonalarida mehnat jarayonini xavfsiz tashkil etish, ishchi-xizmatchilarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarning oldini olish rahbarlar, muhandis-texnik xodimlar va mehnatni muhofaza qilish uchun mas’ul shaxslarning eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi va boshqa xavfsizlik talablariga rioya etmaslik yakunda inson salomatligi va hayotiga zomin bo‘luvchi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi qat’iy qayd etildi.

Shuningdek, ma’ruzachi tomonidan fabrikada mehnat qilayotgan yoshlar uchun malakali mutaxassis bo‘lib yetishish, kasbiy ko‘nikmalarni doimiy oshirish va zamonaviy texnologiyalarni mukammal o‘rganish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani, o‘z ustida tinimsiz ishlash va halol mehnat qilish orqali har qanday yuksak muvaffaqiyatga erishish mumkinligi haqida samimiy fikrlar bildirildi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda korxonaning barcha xodimlari, ayniqsa yosh avlod vakillari, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yib, Vatan ravnaqi va kombinat taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan mehnat qilishlari lozim.

Tadbir davomida Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB katta tergovchisi A.Rasuliy ham so‘zga chiqib, bugungi kunning dolzarb muammosi bo‘lgan kiberxavfsizlik qoidalari, plastik kartalar orqali sodir etilayotgan firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik choralari, qonuniylikni ta’minlash hamda jamiyatda har qanday huquqbuzarlik uchun jazo muqarrar ekanligini qat’iy ta’kidladi. Xizmat vazifasini bajarish davomida huquqiy savodxonlikni oshirish, amaldagi qonunchilik normalarini har tomonlama o‘rganish va ularga so‘zsiz amal qilishning har bir xodim uchun alohida ahamiyatga ega ekani qayd etib o‘tildi.

Muloqot davomida so‘z olgan mutaxassislar yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning turli shakllari, jumladan o‘g‘irlik, bezorilik, firibgarlik, zo‘ravonlik va giyohvandlik holatlari uchrab turganini alohida ta’kidlab, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarish zarurligini uqtirishdi. Shuningdek, 3-MBF xodimlari orasida uchrab turgan mayda o‘g‘irliklar ham fabrika faoliyatiga, uning nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytib o‘tildi. Bu kabi noqonuniy harakatlar va o‘g‘irliklar mehnat jamoasida o‘zaro ishonchning pasayishiga, davlat va korxona moddiy resurslarining behuda yo‘qotilishiga, ichki tartib-intizom va qonunchilikning qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelishi bayon etildi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, bu kabi profilaktik tadbirlar mehnat jamoasida sog‘lom muhitni qaror toptirish, xodimlarni virtual va real hayotdagi turli tahdidlardan asrash hamda qonun ustuvorligini ta’minlashda eng muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Bo`lishmoq:
Text to speech