• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK 2-Mis boyitish fabrikasining 70 yilligi nishonlandi

23 Avgust 2024, 18:22 509

Bugun “Metallurg” MSda 2-Mis boyitish fabrikasining 70 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir avvalida 2-Mis boyitish fabrikasining tarixi, faoliyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.

Tadbirda so‘z olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov, qutlug‘ sana va davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi ayyomi bilan fabrika ishchi-xodimlarini, mehnat faxriylarini muborakbod etib, o‘zining samimiy tilaklarini bildirib o‘tdi. 2-Mis boyitish fabrikasi ishlab chiqarish prognozlarini bajarilishida doimo ilg‘or ekanligini ta'kidladi.

Yubiley tantanasiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari Kengashi raisi Aleksandr Farmanov va “Navoiy KMK” AJ Investitsiyalar departamenti boshlig‘i Ne'mat Ro‘ziyevlar ham fabrika mehnat jamoasiga o‘zlarining dil izhorlarini bildirishdi.

Tadbir davomida OKMK boshqaruvi raisining buyrug‘iga ko‘ra,  2-Mis boyitish fabrikasining 70 yilligi munosabati bilan 6 nafar ishchi-xodimlari turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan, 15 nafari esa Faxriy Yorliqlar bilan, 15 nafari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, 51 yil davomida fabrikada mehnat qilgan, hozirda keksalik gashtini surayotgan To‘lqin ota Qo‘chqorov va fabrika ishchisi Abdunabi Usmonovga O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari Kengashi tomonidan “Faol faxriy” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Bayram tadbirida “Metallurg” madaniyat saroyining havaskorlik jamoalarining chiqishlari ham barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Ayniqsa, estrada xonandalari Vohidjon Isoqov, Yodgor Mirzajonov hamda Sharof Muqimovlarning sho‘x-shodon qo‘shiqlari barchani raqsga chorladi.

Ma'lumot uchun: 2-Mis boyitish fabrikasining tarixi 1954-yil aprel oyidan, ya'ni qo‘rg‘oshin-ruxni qayta ishlash fabrikasining birinchi texnologik bo‘linmasi ishga tushgan vaqtdan boshlanadi. 1956-yil may oyiga qadar jami beshta bo‘linma foydalanishga topshirilib, o‘sha davrda mamlakat bo‘yicha qo‘rg‘oshin-rux ma'danlarini qayta ishlovchi eng yirik boyitish korxonasi hisoblangan.

Fabrika 2004-yildan boshlab Sariq-Cho‘qqi konining mis-molibden ma'danlarini va Mis eritish zavodining toshqollarini qayta ishlashga o‘tkazilgan. Texnologik sikl va qayta ishlanadigan xom-ashyo manbaidagi o‘zgarishlarni inobatga olib, 2011-yil 1-avgustdan boshlab fabrika 2-Mis boyitish fabrika fabrikasi deb atalmoqda.

Fabrikaning 70 yillik faoliyati davomida 139,2 million tonna qo‘rg‘oshin-rux va 46,5 million tonna mis-molibden ma'danlari qayta ishlandi. Ishlab chiqarilgan konsentratlar tarkibidagi qo‘rg‘oshin 1338 ming tonnani, rux 1352 ming tonnani, mis 432,8 ming tonnani tashkil etdi.

So‘nggi yillarda ushbu fabrikani ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish maqsadida keng ko‘lamli modernizasiya ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, yangi fil'trlash sexi qurildi, bo‘linmalarda manometr, reagent dozatorlari zamonaviylariga almashtirildi. Yanchish va flotatsiyalash bo‘limidagi eskirgan magistral quvurlar to‘liq yangilandi.

Hozirda fabrikada yiliga 10 million tonna xom ashyoni qayta ishlash bilan bir vaqtda texnologik liniyalarni modernizatsiya qilish ishlari jadal olib borilmoqda.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech