Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK: Fabrikada ilk konsentrat olinganiga 65 yil to‘ldi

16 Iyul 2026, 10:37 123

So‘nggi yillarda O‘zbekiston rangli metallurgiya sanoatida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, istiqlol yillarida strategik ahamiyatga ega ushbu tarmoqda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat ichki bozor ehtiyojlarini ta'minlash, balki eksport salohiyatini yuksaltirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qilyapti. Bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakat rangli metallurgiya sanoatining tayanch korxonasi, iqtisodiyotimizning chinakam lokomotivi sifatida yirik investitsiya loyihalari, zamonaviy ishlab chiqarish majmualari va innovatsion texnologiyalari bilan tarmoq taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Kombinatning eng yirik va muhim tarkibiy bo‘linmalaridan biri bo‘lgan Mis boyitish fabrikasi ana shunday ulkan yutuqlar poydevorini yaratgan tarixiy ishlab chiqarish korxonasidir. Joriy yilda ushbu korxonada ilk mis konsentrati olinganiga 65 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida fabrika oddiy boyitish korxonasidan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, yuqori samaradorlikka ega yirik sanoat majmuasiga aylandi.

Mis boyitish fabrikasining bunyod etilish tarixi o‘tgan asrning 50-yillariga borib taqaladi. 1953-yilda "Mexanobr" instituti tomonidan korxona qurilishi bo‘yicha dastlabki loyiha ishlab chiqildi. Keyinchalik ushbu hujjat bir necha bor takomillashtirilib, 1956-yilda tasdiqlandi. 1958-yilda esa institut mutaxassislari tomonidan fabrikaning texnik loyihasi tayyorlandi.

Ko‘p yillik izlanish va bunyodkorlik ishlari samarasi o‘laroq, 1961-yil iyun oyida Mis boyitish fabrikasining birinchi navbati foydalanishga topshirildi. Aynan shu yerda mamlakat tarixida ilk bor mis konsentratini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu voqea nafaqat kombinat, balki O‘zbekiston rangli metallurgiyasi rivojida ham muhim tarixiy bosqich bo‘ldi.

Bugungi kunda Mis boyitish fabrikasi tarkibida 5 ta asosiy va 5 ta yordamchi sex faoliyat yuritmoqda. Korxonaning yillik maʻdanni qayta ishlash quvvati 39,9 million tonnani tashkil etadi. Shundan 1-sonli Maydalash sexi hissasiga 24,1 million tonna, 2-Maydalash va boyitish majmuasiga 9,8 million tonna hamda Yanchish va flotatsiyalash sexining Maydalash va yanchish bo‘linmasiga 6 million tonnaga to‘g‘ri keladi.

Fabrika yiliga Mis eritish zavodiga 680 ming tonnadan ortiq mis konsentrati yetkazib beradi. Uning tarkibidagi sof mis miqdori esa 108,5 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, fabrikada 39,3 million tonna maʻdan qayta ishlanib, tarkibida 116 ming 963 tonnadan ortiq mis tarkibli konsentrat ishlab chiqarildi va zavodga yetkazib berildi.

Korxonada 2018-yil 30-sentyabridagi 3954-sonli qaror hamda ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi asosida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.

Rekonstruksiya dasturining muhim bosqichi 8-sonli flotatsiya monoseksiyasi qurilishi hisoblanadi. Ushbu inshoot flotatsiya zanjirini sezilarli darajada kengaytirib, maʻdanni qayta ishlash hajmini oshirish uchun zarur texnologik imkoniyatlarni yaratadi. Rejalashtirilgan ishlar to‘liq yakunlangach, Mis boyitish fabrikasining yillik maʻdanni qayta ishlash quvvati 45 million tonnaga yetkaziladi.

Bundan tashqari, tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi" asosida gravitatsion boyitish texnologiyasini joriy etish maqsadida 29 ta markazdan qochma konsentrator o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur texnologik yangilik foydali komponentlarni ajratib olish samaradorligini sezilarli darajada oshirib, ishlab chiqarishning texnik va iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Bugun 65 yillik shonli tarixga ega Mis boyitish fabrikasi boy tajriba va mustahkam an'analarni zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or muhandislik yechimlari hamda innovatsion yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan yirik sanoat majmuasiga aylangan. Korxonada izchil amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mamlakat rangli metallurgiya yo’nalishidagi yetakchi mavqeini yanada mustahkamlab, O‘zbekistonning eksport imkoniyatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech