Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari uchun yangi futbol maydoni foydalanishga topshirildi

17 May 2025, 10:41 602

OKMK sport majmuasi hududida yana bir muhim infratuzilmaviy qadam qo‘yildi — OKMK sport majmuasi hududida sun’iy qoplamali yangi futbol maydonchasi barpo etilib, rasman foydalanishga topshirildi. Mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish asosida amalga oshirilgan ushbu tashabbus qisqa fursat ichida zamonaviy futbol maydoniga aylantirildi. Endilikda bu sport inshooti OKMK futbol akademiyasining 7–11 yosh toifasidagi tarbiyalanuvchilari uchun xizmat qiladi.

Yangi futbol maydoni 50x30 metr o‘lchamga ega bo‘lib, kichik yoshdagi futbolchilar uchun zarur bo‘lgan barcha texnik va xavfsizlik talablariga to‘liq javob beradi. Bu esa bolalarning ilk futbol qadamlarini professional muhitga yaqin sharoitda boshlashiga zamin yaratadi.

Ochilish tadbiri iliq va samimiy muhitda o‘tkazildi. Marosimda o‘zbek futbolining faxri va tirik afsonasi To‘lagan Isoqov, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining sobiq prezidenti Abduxoshim Mutalov hamda OKMK AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov ishtirok etdilar. Ular bolajonlarga ezgu tilaklar bildirib, yoshlar o‘rtasida futbolni rivojlantirish borasida bunday infratuzilmaviy loyihalarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlashdi.

Tadbir yakunida akademiya tarbiyalanuvchilari yangi maydonda ilk mashg‘ulotlarini o‘tkazib, ochilish marosimiga o‘ziga xos tus berdi.

OKMK futbol akademiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday loyihalar, albatta, yosh avlodning sog‘lom hayot tarzini shakllantirish, sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda kelajak futbolchilari safini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, yaqin kunlarda akademiya tarbiyalanuvchilari uchun navbatdagi, chinakam gigant sovg‘a taqdim etilishi rejalashtirilgan. Bu boradagi batafsil ma’lumot esa yaqin kunlarda e'lon qilanadi.

Ali ABDUAHADOV

OKMK professional futbol klubi Axborot xizmati media muharriri

Bo`lishmoq:
Text to speech