Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK: harakat tarkiblarining 99%i to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazildi

25 Dekabr 2025, 13:12 361

Transport sohasida xavfsizlik, shaffoflik va nazorat samaradorligini oshirish maqsadida temir yo‘l va metropoliten yo‘nalishlarida raqamlashtirish jarayonlari izchil davom etmoqda. Bu borada bir qator me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlash hamda sohada zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-94-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 668-son qarori asosida sohadagi nazorat jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu hujjatlar ijrosi doirasida respublika bo‘yicha barcha harakatdagi temir yo‘l tarkibi va infratuzilma obyektlarining yagona reyestrini shakllantirish, ularni elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish va soha faoliyatini raqamli boshqaruvga o‘tkazish maqsadida “Harakatdagi temir yo‘l tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish” axborot tizimi ishlab chiqildi.

Tizim Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga to‘liq integratsiya qilingan bo‘lib, Vazirlik va idoralarga qarashli temir yo‘llar hamda tadbirkorlik subyektlariga tegishli temir yo‘l harakatdagi tarkibi yoki temir yo‘l infratuzilmasi obyektlarini masofadan turib, tezkor va qulay tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Ayni paytda ushbu axborot tizimi orqali jami 11 739 ta ariza berilgan bo‘lib, shundan 10 448 ta harakatdagi temir yo‘l tarkibi, 1 291 ta temir yo‘l infratuzilmasi obyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha arizalar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Toshkent viloyatidan jami 1 790 ta ariza berilgan bo‘lib, shundan 1 629 ta harakatdagi temir yo‘l tarkibi, 161 ta temir yo‘l infratuzilmasi obyektlari ro‘yxatga olingan.

Bu borada Respublikamizda o‘zining temir yo‘l tarmog‘iga ega bo‘lgan yirik ishlab chiqarish korxonasi - “Olmaliq KMK” AJ tarkibidagi temir yo‘l harakatdagi tarkibi va temir yo‘l infratuzilma obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari kombinatning mas’ul rahbar va mutaxassislari tomonidan izchillik bilan tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Shu jumladan, OKMK tasarrufidagi Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasiga qarashli bo‘lgan 1 175 ta harakat tarkiblarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha arizalar berilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar kombinatning 99 foiz harakat tarkiblari davlat ro‘yxatidan to‘liq o‘tkazilib, guvohnomalar taqdim etildi.

Bundan ko‘rinadiki, “Olmaliq KMK” AJ jamoasi davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan mamlakatimizda olib borilayotgan raqamlashtirish bo‘yicha islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni o‘zining ustivor maqsadlaridan biri etib belgilaganligi shubhasiz.

Bu esa mamlakatimizda raqamlashtirish jarayonlarining amaliy samaradorligini, shuningdek, yirik korxonalar hamda tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarning ko‘lamini o‘zida mujassam etganligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, yangi raqamli platforma temir yo‘l va metropoliten obyektlarida nazoratni avtomatlashtirish, harakat xavfsizligini ta’minlash, texnik ko‘rik va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini elektron tarzda qayd etish, tahlil qilish va monitoring qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirmoqda.

Raqamlashtirish jarayonlari nazorat faoliyatida shaffoflikni oshirish, korrupsiya omillarini kamaytirish hamda fuqarolar va tadbirkorlar uchun xizmat ko‘rsatish tizimini yana-da soddalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sanjar Tuldiboyev,

 STTB ishlab chiqarish texnik bo‘limi boshlig‘i

Bo`lishmoq:
Text to speech