• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK jamoasi yangi futbolchilarni tanishtirdi

27 Fevral 2024, 10:4 522

Ma’lumki, mamlakatimiz futbol klublari har yili mavsum avvalida taqdimot marosimlarini o‘tkazishi va yangi futbolchilarni tanishtirishi anʼanaga aylanib ulgurgan.

Joriy yilning 26-fevral kuni qadrdon jamoamiz OKMK yangi mavsum oldidan taqdimot o‘tkazdi. Unda o‘tgan yillarda jamoamizda yorqin o‘yinlar namoyish etgan futbolchilar va yangi mavsumdan eʼtiboran klubimiz tarkibiga kelib qo‘shilgan bir qator mahalliy hamda legioner futbolchilar tanishtirildi.

Tadbir avvalida OKMK futbol klubining Prezidenti Abdulla Xursanov so‘zga chiqib, mavsum oldidan futbolchilarimizga omad va zafarlar tiladi. So‘ngra, jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bilan birgalikda o‘zbek brendi ostidagi “7SABER” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan OKMK PFKning maxsus formalarini futbolchilarga tantanali ravishda topshirildi.

OKMK jamoasining eng katta yutug‘i – uni o‘ziga xos fidoyi muxlislari borligidir. Ularning bir qanchasi ushbu tadbirda ishtirok etib, har qanday vaziyatda jamoa bilan birga ekanligini va doimo qo‘llab-quvvatlashini taʼkidlab o‘tdilar.

Eslatib o‘tamiz, OKMK futbol klubi yangi mavsum oldidan 3 nafar legioner: Gruziyalik yarim himoyachi Giorgi Papava, Serbiyalik markaziy hujumchi Milyan Shkrbich va Yaponiyalik hujumkor yarim himoyachi – Arihiro Sentoku kabi futbolchilar jamoa tarkibga jalb etildi.

Shuningdek, o‘tgan mavsumda Superliga jamoalarida to‘p tepgan tajribali va yosh isteʼdod egalari: Murodjon Toshmatov, Javohir Ilyosov, Avazbek O‘lmasaliyev, Ali Abdurahmonov, Azizbek Xolmurodov, Asadbek Rahimjonov, Azizbek Bahromov, Saidafzalxon Ahrorov va Abrorbek Sarimsoqov hamda Farruxjon Qodirovlar bilan shartnoma tuzildi.

Mavsum oldidan tarkib jihatdan yosh va yangilangan OKMK jamoasiga yuqori o‘rinlarni egallab, muxlislar ishonchini oqlashini tilab qolamiz.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech